Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:53

Xususiylashtirish: Mirziyoyev ko‘z-ko‘z qilayotgan potensial qachondir yuzaga chiqadimi?


Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshirilgan Quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish marosimida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy investorlar ishtirokida amalga oshirilgan Quyosh fotoelektr stansiyasini ishga tushirish marosimida.

May oyi boshida Toshkentda xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. 2022-yilda taxminan 1,2 milliard dollar sarflangan yillik tadbirning uchinchi bosqichi ham O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev uchun mamlakatning iqtisodiy salohiyatini xorijiy investorlarga yana bir bor namoyish etish imkoniyati bo‘ldi, deb yozmoqda “The Diplomat” nashri.

2016-yilda prezidentlikka kelganida Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodi eshiklarini xalqaro investorlar uchun ochishga va’da berdi. Bu O‘zbekiston hukumatining liberallashtirish va islohot bo‘yicha kengroq dasturining bir qismidir. 2020-yilda hukumat 620 ta davlat korxonasini, shu jumladan, davlat neft va gaz giganti «O‘zbekneftgaz» va kon-metallurgiya kompaniyasi operatori bo‘lgan Navoiy kon-metallurgiya kompaniyasi kabi mamlakatning eng yirik kompaniyalarini qisman yoki to‘la sotish rejasini e’lon qilgan edi.

Мирзиёев қуёш панелларининг қоронғи томони
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:35:49 0:00

Investorlar O‘zbekiston iqtisodiyotini e’tiborsiz qoldirishi qiyin. Mamlakat aholisi 36 million – Markaziy Osiyodagi eng katta aholi bo‘lib, o‘n yilda bu raqam 40 millionga yetishi kutilmoqda. Aholining 60 foizdan ortig‘ini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi, ularning aksariyati past-o‘rta daromad darajasi bo‘lgan boshqa mamlakatlarga nisbatan ma’lumotliroq. Aholining xarid qobiliyati oshib bormoqda, jon boshiga real daromadlar 2023-yilda taxminan 1500 AQSH dollarini tashkil etdi, bu 2017-yilga nisbatan 34,7 foizga ko‘pdir.

Biroq xususiylashtirish bo‘yicha berilgan ko‘plab va’dalar hali amalga oshmadi. Savdolar bo‘yicha muddatlar va yirik korxonalarning ommaviy ro‘yxatlari doimiy ravishda ortga suriladi. 2021-yilda Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov davlat Navoiy kon-metallurgiya kompaniyasining 10-15 foizi 2022-yilda sotilishi kutilayotganini, biroq keyinchalik bu 2024-yilga ko‘chirilganini aytdi. Hukumatning so‘nggi qarori bu muddatni 2025-yilgacha ortga surdi va sotuvga qo‘yilganlar ulushi 5 foizga kamaydi.

Ayni paytda, dastlab 2022 va 2023- yillarga mo‘ljallangan ikki yirik davlat banki – O‘zbekiston sanoat qurilish banki (SQB) va «Asakabank»ni xususiylashtirish ikki marta, oxirgisi esa mos ravishda 2024 va 2025-yillar oxiriga ko‘chirildi. Fitch xalqaro reyting agentligi boshqa omillar qatori banklar aktivlari sifati bilan bog‘liq xavotirlar fonida yana kechikishlar kutilayotganini aytdi.

2022-yilda Ukrainada urush boshlanishi davlat «O‘zagroeksportbank»ni Rossiyaning «Sovkombank»iga sotish bo‘yicha kelishuvdan voz kechib, uni ochiq tendersiz o‘zbekistonlik milliarder Fattoh Shodiyevning qarindoshi Olimjon Shodiyevga tegishli kompaniyaga sotishiga sabab bo‘ldi. 2023-yil iyun oyida davlat Ipoteka-bank aksiyalarining 73 foizini Vengriya OTP guruhiga sotdi. Biroq, kelishuvdan deyarli bir yil o‘tgach, bu bank o‘z balansidagi muammoli kreditlar ulushini tashvishli darajaga yetgani haqida xabar berdi, bu 2023-yil boshi va oxiri orasida 2,7 foizdan 11,9 foizgacha o‘sdi.

Mirziyoyev boshqaruviga 8 yil to‘ldi, ammo O‘zbekistonning xususiylashtirish dasturi qachondir o‘z maqsadiga erisha oladimi, deb savol qo‘yadi “The Diplomat” nashri. O‘zbekiston rasmiylari harakat qilishda sust bo‘lishi mumkin, ammo bu yerda tovuq-tuxum dilemmasi ham bor. Sarmoyadorlarning aniq majburiyatlarisiz O‘zbekiston rasmiylari mavjud vaziyatni o‘zgartirish va aktivlarni sotishga shoshmaydi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) kabi xalqaro moliya institutlari bu bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qilishdi. YTTB 2017-yilda mamlakatdagi faoliyatini qayta boshlaganidan so‘ng O‘zbekiston davlat kompaniyalariga milliardlab dollar kredit ajratdi. Gap shundaki, YTTB kabi institutlarning o‘zbek kompaniyalarining ustav kapitaliga kirishi xususiy investorlarda islohot bo‘layotganiga ishonch uyg‘otadi.

O‘zbekistonga qo‘shni hududlardagi geosiyosiy beqarorlik va Mirziyoyev ma’muriyatining islohotlarga sodiqligiga shubhalar kuchaygan bir paytda O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligi so‘roq ostida qolmoqda. Biroq mamlakat salohiyatini e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi va Markaziy Osiyodagi eng yirik bozorga kirish imkoniyati bois yaqin yillarda barchaning e’tibori Toshkentga qaratilishi tayin.

Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG