Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:23

“Aylanma yo‘ldagi ombor”. Yakkalangan Rossiya iqtisodiy sanksiyalarni O‘zbekiston orqali aylanib o‘tmoqchi


O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov (chapda) va Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov, Toshkent, 25 - 27-aprel, 2022
O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov (chapda) va Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov, Toshkent, 25 - 27-aprel, 2022

G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Rossiya shirkatlari O‘zbekistonni, o‘tmay qolgan mahsulotlari uchun bozor hamda Yevropadan bormay qolgan ehtiyot qismlarini aylanma yo‘llar orqali olish uchun bir baza sifatida qo‘llay boshladi.

Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar zalida 25 - 27- aprel kunlari o‘tgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” sanoat ko‘rgazmasida ayni mazmundagi yangicha hamkorlikka oid o‘nlab kelishuv imzolangani xabar qilindi.

Tadbirda qatnashgan rasmiylar va tadbirkorlardan olingan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya shirkatlari G‘arbga sota olmayotgan bug‘doy, yog‘, farmsanoat va boshqa mahsulotlarini O‘zbekistonda sotishni ko‘zlamoqda.

Sanksiyaga tushgan yirik shirkatlar, jumladan “KAMAZ”, “Lada” kabi avtomobil zavodlari esa, Yevropadan bormay qolgan zarur ehtiyot qismlarini, O‘zbekiston va unga qo‘shni respublikalarda zavod ochish orqali olishni ko‘zlamoqda.

Ayni paytda, Ukrainaga bosqini bois Rossiyaga qo‘llangan G‘arb sanksiyalari, azaliy savdo sheriklari bo‘lgan Markaziy Osiyo respublikalari uchun yangi daromad imkonlarini ochmoqda. Rossiya shirkatlari bilan hamkorlik uchun ikkilamchi sanksiya qo‘llash ehtimoli haqida hozircha faqat gapirilmoqda, hanuz konkret chora qo‘llanmadi.


Rossiya sarmoyasiga ochiladigan farmzavodlar

O‘zA agentligining xabar qilishicha, Toshkentda o‘tgan 3 kunlik ko‘rgazmada Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Hindiston, shuningdek, MDH mamlakatlaridan 200 ga yaqin xorijiy kompaniya, 1300 dan ziyod jismoniy shaxs qatnashgan.

Lekin, mahsulot va xizmatlari ko‘rgazmaga qo‘yilgan shirkatlarning asosiy qismi, o‘z hukumati rahnamoligida Toshkentga borgan Rossiya shirkatlari bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, erishilgan yirik bitimlardan ikkitasi farmatsevtika sanoatiga oid - Rossiya sarmoyasiga O‘zbekistonda insulin va kimyoterapiya preparatlari chiqaradigan 2 ta yirik zavod ochish ko‘zlanmoqda.

O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligidan vakil sifatida ushbu ko‘rgazmada ishtirok etgan rasmiyga ko‘ra, Rossiyaning “Gerofarm” shirkati bilan insulin ishlab chiqarish bo‘yicha erishilgan kelishuv juda muhimdir:

“Rossiya “Gerofarm” shirkatining Sankt-Peterburgdagi zavodi bilan kelishuvga erishildi, insulin chiqarish bo‘yicha. O‘zbekistonning "ZUMA-PHARMA" MChJ bilan. Toshkent viloyatida zavod ochish rejalanyapti. Bilasizku, insulin Markaziy Osiyo mamlakatlarida doim tanqis, Rossiya, Yevropa va Xitoydan keladi, asosan. Mintaqada qandli diabet juda ko‘paygan, insulin hayot-mamot masalasi. Keyin saraton juda ko‘paygan, ko‘krak saratoni, o‘pka saratoni. Xullas bu preparatlarni o‘zimizda chiqarib, ichki bozor va Tojikiston, Qirg‘izistonga sotish rejalanyapti”.

Ismi ochiqlanishini istamagan rasmiyga ko‘ra, aslida O‘zbekiston farmatsevtika sanoati yillardan buyon Rossiya bozoriga kirishga intilib kelgan, lekin Rossiya boshchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tomonidan qo‘yilgan qattiq talablar to‘sqinlik qilayotgan edi.

“Masalan, bizda qo‘llanayotgan preparatlarni Rossiyada sotish uchun yana klinik sinovdan o‘tkazish kerak edi, GMP (ishlab chiqarish va savdo bo‘yicha tarjriba - tahr.) standartlari bo‘yicha talablar juda yuqori edi. Oddiy aytganda, O‘zbekistonni preparatlariga ehtiyoj yo‘q edida u paytda, talablar osmonda edi. Hozir ikkala davlat farmatsevtika sanoati talablarini tenglashtirishga kelishdi. Bu endi tezda bo‘ladigan jarayonmasku, lekin bizga yaxshi imkoniyat. Buning hammasi Rossiyaga bosilgan sanksiyalar bog‘liq, albatta. O‘zi bu yarmarka har yili bo‘ladi. Shu urushni deb bu yil Rossiya shirkatlari juda jiddiy qarashdi bizga. Chunki, bizda farmatsevtika yaxshi, regiondagi eng kuchli farmatsevtika, deb bemalol aytish mumkin. Biz orqali regiondagi bozorga chiqish mumkin”, deydi rasmiy.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Sardor Qoriyevga ko‘ra, bu ikki zavod loyihasi 35 million AQSh dollarini tashkil qiladi.


Neft, avtomobil va aviasozlik sanoatidagi yangicha hamkorlik

Toshkentda o‘tgan ko‘rgazma doirasida, O‘zbekiston va Rossiya hukumat vakillari qatnashgan bir necha yig‘ilishlar ham bo‘ldi.

Jumladan, "Markaziy Osiyo: texnologik yutuqlar makoni" mavzusidagi yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov, Armaniston iqtisodiyot vaziri Vagan Kerobyan, Qirg‘iziston iqtisodiyot va tijorat vaziri Daniyar Amangeldiyev, Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabirlar qatnashdi.

Bundan tashqari, 25-aprel kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov hamda Belarus bosh vaziri Roman Golovchenkolarni alohida qabud qildi.

Hukumat darajasidagi yig‘ilishlarda asosiy e’tibor - neft, avtomobil va aviasozlik kabi yirik sanoat sohalaridagi yangicha hamkorlikka qaratilgan.

Bu yig‘ilishlarda qatnashgan o‘zbekistonlik yirik tadbirkorning aytishicha, Ukrainaga bosqini bois G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Rossiya sanoati sanksiyalarni aylanib o‘tuvchi sxemalarni qo‘llash payiga tushgan.

Bu sxemalar natijasida Rossiya mahsulotlari va sanoatiga, Rossiya-Turkiya-G‘arb yoki Rossiya-Markaziy Osiyo-Turkiya-G‘arb yo‘nalishidagi yangi aylanma yo‘llar ochila boshlagan.

“Misol uchun, Rossiya neft mahsulotlarini Turkiya orqali Yevropaga yetkazish proyektlari allaqachon boshlandi. Yevropa hozir Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlay olmaydi, lekin Turkiya orqali ishlashi mumkin. Hozir turklar mazza qilib pul ishlayapti, ularni bahonasida o‘zbek-turk biznesi ham pul ishlayapti. Yoki mana bugun mashinasozlik sanoati haqida gapirishdi. Masalan, Rossiyada avtomobil sanoatiga Yaponiya va Germaniyadan zarur bo‘lgan ehtiyot qismlarni O‘zbekistonga olib kelib, shu yerda ochilgan Rossiya zavodlari orqali rus avtomobilsozligini ishlatish ko‘zlanyapti. Xuddi shunaqa yana elektronika, aviasozlik va hokazo sanoat sohasida kelishuvlar bo‘lyapti”, deydi tadbirkor.

O‘tmay qolgan bug‘doy, yog‘ va boshqa yegulik uchun yangi bozor

Toshkentlik yirik tadbirkorning aytishicha, Toshkentdagi ko‘rgazmaga borgan Rossiya shirkatlari O‘zbekiston va unga qo‘shni davlatlardagi ichki bozor potensialiga ham katta qiziqish bilan qaragan.

Misol uchun, bug‘doy va un mahsulotlari, yog‘ va soya mahsulotlarini sotish hamda qayta ishlayotgan mahalliy biznes yoki yangi qo‘shma loyihalarga e’tibor katta bo‘lgan.

“Misol uchun, shu paytgacha O‘zbekistonga Rossiyaning Orenburgidan un yoki bug‘doy kelganini ko‘rganmidingiz? Endi keladigan bo‘lyapti. Putin Yevropaga bug‘doy sotmayman, deb qo‘ydi. Endi bu bug‘doyni kimgadir sotish kerakku?! Yoki soya, yog‘ni kimgadir sotish kerakku?! Xullas, ruslar bozor qilishga kelishdi. Keyin, O‘zbekistonda nisbatan barqaror muhit. Xullas, Toshkentdagi ko‘rgazmaga ruslar juda jiddiy qarashdi bu gal. Gazprombank, Rosselxozbank, Rosatom kabi yirik shirkatlar homiylik qilishdi. Alisher Usmonovning USM shirkati ham bor, albatta. Shuning uchun, jonlanish paydo bo‘ldi. Buning O‘zbekistonga foydasi bor albatta. Bizning banklar rus rublini olyapti, konvertatsiya qilib beryapti. Ya’ni, bizga baribir, ulardan rublda olib, rublga sotaveramiz. Lekin, shaxsan menga qolsa, shu imperialist, shovinist hamkorlardan biroz uzoq turaman. To‘g‘ri, biznes qilishimiz kerak, lekin shu bilan cheklanishimiz kerak, ularning ta’siriga tushib qolmasligimiz kerak”, deydi Toshkent va Moskva o‘rtasida favqulodda izchillashayotgan savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqboliga biroz xavotir bilan qarayotgan toshkentlik tadbirkor.

Toshkent-Kreml hamkorligidan keladigan risklar

Toshkentda o‘tgan yirik tadbir va uning rasmiy matbuotda balandparvozlik bilan yoritilganini kuzatgan aksar tahlilchilar, rasmiy Toshkentni yakkalangan Kreml bilan hamkorlikdan kelayotgan risklardan ogoh bo‘lishga chorlamoqda.

Jumladan, Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning jonlanishi O‘zbekiston hamda mintaqadagi davlatlar uchun noyob imkoniyat, deb baholaydi:

“Bu o‘rinda, ikkita prinsipial jihatni bir-biridan farqlab olish kerak. Birinchidan, Rossiyaning Ukrainaga harbiy bosqini va buning ortidan qo‘llangan G‘arb sanksiyalari, O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo iqtisodiga ham negativ, ham pozitiv ta’sir qildi. Chunki, bu mintaqaning asosiy savdo hamkori Rossiya. Bundan tashqari, mehnat muhojirlaridan boradigan pul jo‘natmalari kamaydi. Shuningdek, Rossiya hududi orqali bo‘lgani uchun Yevropa bilan savdo hamkorligi hajmi ham keskin qisqardi. Ayni paytda ijobiy tomoni, mahalliy mahsulotni Rossiyaning katta bozoriga chiqarish imkoni paydo bo‘ldi. Keyin, Rossiya va Belarusdan IT-sohadagi professionallar va kichik biznesning O‘zbekistonga oqimi kuzatilyapti”.

Tahlilchiga ko‘ra, ikkinchi muhim jihat, Rossiya bilan bunday hamkorlik uchun qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ikkilamchi sanksiyalar ehtimolidir.

Ya’ni, Rossiyaga iqtisodiy va siyosiy jihatdan qaram bo‘lgani bois, Markaziy Osiyoning yakkalangan Kreml bosimi ostida u bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘layotgan respublikalari, bunday hamkorlik ortida turgan risklardan himoyalanish uchun etarli siyosiy irodani ham ko‘rsatishi lozim.

“Ya’ni, Markaziy Osiyo Rossiya biznesi uchun tranzit hududga aylanadi. Misol uchun, “Avtovaz” shirkatining O‘zbekistonda filialini ochishi haqidagi xabar juda shubhali. Chunki, O‘zbekistonda o‘z zavodini ro‘yxatdan o‘tkazish orqali, bu shirkat o‘z avtomobili uchun zarur ehtiyot qismlari, masalan Tayvanda chiqadigan chiplarni olishi mumkin. Tabiiyki, bunda asosiy vositachilar ham Rossiya bilan, ham Rossiya tomonidan yaxshi aloqada bo‘lgan shaxslar, masalan Alisher Usmonovga o‘xshaganlar vositachilik qiladi yana. Usmonovning o‘ziga sanksiya qo‘llangan, shuning uchun u hozir o‘z biznesini qutqarish payida, shuningdek rossiyalik hamkasblari va hukumatga yordam berishni istayapti. O‘zbekiston hozir o‘z manfaati uchun tug‘ilgan imkoniyatdan voz kechishni istamaydi tabiiy, lekin buning oqibatida obro‘sini yo‘qotish va ikkilamchi sanksiyalarga uchrash xavfini ham zimmasiga olyapti. Shuning uchun, men O‘zbekiston hukumatiga mavjud risklarni avval juda jiddiy tahlil qilishni tavsiya qilgan bo‘lardim”.



“Innoprom”ning O‘zbekistonga qiziqishi

“Innoprom” Rossiyada 100 dan ortiq shirkatni birlashtirgan va dunyoning turli davlatlaridagi biznes bilan hamkorlik uchun, tuzilgan sanoat platformasidir.

Rasmiy saytida bildirilishicha, 2010-yildan beri muntazam o‘tkazib kelinadi. Bu platformaning 2 ta ko‘rgazmasi Toshkentda o‘tdi.

2021-yil 5-7-aprel kunlari Toshkentda o‘tgan tadbirga “Innoprom. O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi”, deb nom berilgan. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va boshqa davlatlar hukumat va ishbilarmon doiralari delegatsiyalari ishtirok etgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda jami 3,2 milliard dollarlik investitsiya bitimi, eksport va import shartnomasi, turli kelishuv hujjatlari imzolangan.

Bu yil esa “Innoprom. Markaziy Osiyo” sanoat ko‘rgazmasida Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Hindiston, shuningdek, MDH mamlakatlaridan 200 ga yaqin xorijiy kompaniya, 1300 dan ziyod jismoniy shaxs qatnashgani aytildi.

Bu yilgi tadbirning homiy va hamkorlari, Rossiyaning G‘arb sanksiyalari ostida qolgan Gazprombank, Rosselxozbank, Rosatom kabi shirkatlardir.

Rossiyaning asli o‘zbekistonlik taniqli oligarxi, G‘arb sanksiyalari ro‘yxatiga tushgan Alisher Usmonovga tegishli bo‘lgan USM shirkati esa Toshkentda o‘tgan tadbirda bosh hamkor bo‘ldi.

2016-yilda prezidentlikka kelgan Shavkat Mirziyoyev, Alisher Usmonovga alohida hurmat ko‘rsatib, unga “El-yurt hurmati” ordenini taqdim qilgandi. So‘nggi yillarda Toshkent va Kreml o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy hamkorlik aloqalarida, bugunga kelib sanksiyalarga nishon bo‘lgan Usmonovning vositachi sifatidagi alohida o‘rin tutgani kuzatildi.

XS
SM
MD
LG