Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:34

Yakuniga yetmagan valyuta islohoti "qora bozor"ni yana kun tartibiga chiqardi


Valyuta ayirboshlash shoxobchasi, Toshkent
Valyuta ayirboshlash shoxobchasi, Toshkent

30 - noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev valyutani noqonuniy sotib olish va sotganlik uchun jazoni nisbatan yumshatuvchi qonunni imzoladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga (MJtK) o‘zgartish, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda xorijiy valyuta “qora bozorlari” jonlanayotgani haqidagi xabarlar va Markaziy Bankka qaratilgan ayblovlar manzarasida kiritildi.

Ozodlik gaplashgan moliyachi va bankirlar mamlakatda Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan boshlangan valyuta islohoti yakuniga yetmagani, soliq va boj to‘lovlaridan yashirilgan daromadlar "qora bozor" orqali banklarni chetlab o‘tishda davom etayotganini aytishadi.


Prezident farmoni bilan tasdiqlangan o‘zgartishga binoan, valyutani qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun 15 sutkagacha qamoq jazosi beriladi. Avval bu jazo to‘liq 15 sutkani tashkil qilgan.

Bu esa so‘nggi bir necha kun ichida yana ijtimoiy tarmoqlarda valyuta ayirboshlash tartibiga oid muammolar bahslarga sabab bo‘lgan bir kezda ro‘y berdi.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev 27 - noyabr - shanba kuni Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida AQSh dollarini almashtira olmagani, chunki banklar yopiq ekanidan shikoyat qilgach, boshlanib ketdi.

Facebook orqali jonli yoyin qilgan Kusherbayev, shanba va yakshanba dam olish kunlari bo‘sh vaqti bo‘ladigan aholi bozor-o‘char uchun valyuta ayirboshlashga ehtiyoj sezishi, ammo ehtiyoj qoplanmagani bois, aholi valyuta “qora bozori” xizmatidan foydalanishga majbur bo‘layotganidan shikoyat qildi.

“Hozir bankka kirib, nega qilmayapsiz, desam: “Operatsiya qiladigan kompyuterimizni o‘chirib qo‘yadi” deyapti. Shanba-yakshanba kuni, bilmadim Markaziy bank o‘chiradimi, xullas o‘chirib qo‘yarkan. Hozir men nima qilay endi?! Hozir men bozordan-boshqadan “qora bozor”ni qidirib topib, shanba kunida, valyutani ayirboshlaymanda, keyin jinoyatchiga aylaman, siz sharoitni yaratib bermaganingiz uchun! Hozir men javobgar bo‘lsam, Markaziy Bank ham men bilan birga javob beradi”, dedi deputat tarmoqdagi videosida.



Kusherbayevning bu chiqishiga Markaziy Bank hanuz munosabat bildirmadi. Ammo Adliya vazirligi Oliy Majlisdagi xalq vakilining ko‘ra-bila turib qonunni buzgani va buni keng jamoatchilikka oshkora namoyish qilgan holda sodir etganini qoraladi:

“Deputat Rasul Kusherbayev tomonidan qonun bilan javobgarlik belgilab qo‘yilgan huquqbuzarlikni bila turib sodir etib, bu xatti-harakatini keng ommaga namoyishkorona ma’lum qilinishi jamiyatni qonun ustuvorligi tomon emas, teskari tomonga chorladi, noqulay paytda qonunlarni buzish mumkin, yoqmaydigan talablarga ko‘z yumsa bo‘ladi, javobgarlikdan qo‘rqmayman degan eng noto‘g‘ri va asossiz signalni jamiyatimizga yubordi”.

Ayni paytda vazirlik o‘z bayonotida deputatni bu kabi muammolarni Qonunchilik palatasidagi vakolatlari orqali - taklif va loyihalar, qonunchilikka tegishli o‘zgartishlar kiritish orqali hal qilishga chaqirdi.

"Kusherbayev to‘g‘ri aytyapti"

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, hozircha Rasul Kusherbayevga nisbatan biron chora ko‘rilmagan.

Markaziy bankning Toshkentdagi tuman bo‘limlaridan birida ishlaydigan mulozimning aytishicha, Rasul Kusherbayev tilga olgan muammolarda qisman jon bor, ammo ahvol deputat aytganchalik vahimali emas:

“Yangiyo‘l tumanida shanba kuni ishlaydigan shoxobcha bo‘lgani albatta yaxshi, fuqarolarga qulaylik. Lekin hozir barcha hududlarda valyuta ayirboshlash bilan tijorat banklari shug‘ullanyapti. Ular dam olish kuni uchun bitta xodim ajratsa, unga ikki hissa oylik berishi kerak, shunga yarasha kirim-chiqim bo‘lishi kerak. Lekin unaqa ehtiyoj yo‘q menimcha, bo‘lsa tijorat banklari ochib, foyda ko‘rardi. Bu yerda deputatning Markaziy bankni ayblashi asossiz”.

Ayni paytda deputatning bu chiqishi tarmoqlarda yana xorijiy valyuta ayirboshlash va yo‘qolmayotgan “qora bozor” masalasini o‘rtaga chiqardi.

Aksar tarmoq foydalanuvchilari va faollar deputatni qo‘llamoqda, u tilga olgan holatlarni tasdiqlamoqda - bankomatlarning yetishmasligi, nosozligi, dam olish kunlari yetarlicha mablag‘ almashtirishning imkoni yo‘qligi va mavjud shoxobchalarda ham odatan navbatlar kuzatilishini ta’kidlamoqda.

Bundan biroz muqaddam, taniqli xonanda Shoxruhxon ham xorijiy valyuta ayirboshlaydigan bankomat pulini “yutib yuborgani”dan shikoyat qilgan edi.

Tarmoqlarda tarqatgan videosida xonanda, uning ishi tushgan bank mashinasiga egalik qiladigan "Buyuk ipak yo‘li" banki bir necha kun ichida pulini qaytarib berishini bildirgani, ammo bu hol naqd pulga jiddiy ehtiyoji bo‘lgan mijozlarni qiyin ahvolga solishini tanqid qildi.


Toshkentdagi banklardan birida ishlaydigan xodim bu kabi muammolar respublika bo‘ylab kuzatilayotgani, ayniqsa bank mashinalari yetishmasligiyu nosozligidan shikoyatlar oshayotganini e’tirof etdi.

Uning fikricha, bu hol valyuta “qora bozorlari” poytaxt va respublikaning yirik tuman markazlarida hanuz saqlanib qolayotgani, ya’ni prezident Mirziyoyev davriga kelib konvertatsiya ochilsa-da, bozorning erkinlashmagani bu voqelikni yo‘qota olmayotir.

“Toshkentning Oloy, Chorsu bozorlarida 100, 1000 yoki 5000gacha bo‘lgan summani almashtirib beradigan valyutchiliklar hali ham bor, shanba-yakshanbani bilmay ishlashadi. Viloyat, hatto rayonlardagi yirik bozolarning ham norasmiy valyutchiliklari bor, bemalol topib, almashtirish mumkin. Konvertatsiya ochiq, odamlarda qo‘rquv yo‘qolgan. Mamlakatga dollar faqat bank orqali kirib kelmaydiku, muhojirlar, katta kichik biznes vakillari qaydsiz, boj va soliqdan yashirilgan yo‘llar bilan dollar olib kiradi va olib chiqadi. Bu summaning kattagina qismi valyutachilar orqali almashtiriladi. Shuning uchun, Kusherbayev to‘g‘ri aytyapti - “qora bozor”ni "oqartirish" orqaligina bu holatni nazoratga olish mumkin”.

Farg‘ona viloyatidagi bozorlardan birida savdo qiladigan tadbirkor ham o‘zi ishlab turgan tuman markaziy buyum bozorida bir nechta bank borligi, ammo ular shanba-yakshanba kunlari ishlamasligini aytadi.

Tadbirkorga ko‘ra, u haftaning ish kunlarida ham xorijiy valyutani “qora bozor”da almashtirishni ma’qul ko‘radi.

“Menda telefoni bor, har safar telefon qilaman va savdo do‘konimga kelib, almashtirib beradi. Mana bugun almashtirdim, 1 ming 75 so‘mdan. Bizda o‘zi “qora bozor” umuman to‘xtagani yo‘q. Istalgan summani bemalol almashtirishyapti tadbirkorlar. 5-6 ming dollargacha almashtirasiz, yanayam kattaroq summa bo‘lsa, oldindan aytasiz, qilib berishadi. Bankdan 10-15 so‘m arzon, lekin navbat yo‘q, ortiqcha vaqt sarflash yo‘q, asabbuzarlik yo‘q, surishtiruv yo‘q”, deydi farg‘onalik tadbirkor.

Uning aytishicha, bozorlarda “otning qashqasiday” taniqli bo‘lgan "dollarchilar" xizmati qulay va uzluksiz ekani xaridorlarga ma’qul. Garchi qonun bilan taqiqlangan bo‘lsa-da, bu xizmatning yo‘qolmagani unga hanuz ehtiyoj borligidan dalolat:

“Aslida shu bozorni qonuniylashtirib qo‘yish kerak. Yillardan beri aytiladi bu gap. Mana, bizdan 10 kilometr u yog‘i Qirg‘iziston, valyuta bozori xususiy biznesda. Istalgan paytda bemalol almashtirib olishingiz mumkin. Bizda ham shu bozorni qonuniylashtirib, litsenziya berib, otning kallasiday soliq solib, davlat ham foyda ko‘rsin, xalq ham”.

Toshkentdagi davlat tashkilotlaridan birida ishlayotgan moliyachiga ko‘ra, “qora bozor”ning yo‘qolmayotganiga asosiy sabab - mamlakatda kichik va katta ko‘lamdagi biznesning soliq va boj to‘lovlaridan yashirilgan faoliyatiga izn berib qo‘yilganidir.

“Tenevoy biznes” deyiladi-ku. Ya’ni soliq va boj to‘lovlaridan yashirilgan yoki mutasaddi idoralarning “ko‘z yumishi” yordamida qilinayotgan biznes. Bu biznesning xorijiy valyuta tushumlari va bu summani u yoki bu valyutaga almashtirish “qora bozor” orqali bo‘ladi, har doim. Bu bozor formasini o‘zgartirgan hozir. Oloy bozoriga borsangiz, guvillab yugurib keladigan mayda almashtiruvchilar ozaygan. Lekin yirik summadagilarning o‘z manzili bor, tanish-bilish orqali borib almashtirishadi. Shuning uchun ham, unda-munda xabarlar chiqib qoladi “falon million dollarni mashinada Qirg‘izistonga olib o‘tayotganda qo‘lga tushdi”, deb. Eng muhimi, ko‘lankadagi biznes va bu biznes yashashi uchun hukm surayotgan muhitni o‘nglash kerak”, - deydi ismini sir saqlashni so‘ragan moliyachi.

Mirziyoyev davrida ham, xuddi marhum prezident Islom Karimov davrida bo‘lgani kabi, aholining asosiy qismi uchun yagona kirim - xorijdan yaqinlari yuborayotgan AQSh dollari yoki yevroda yuborayotgan pul jo‘natmalari bo‘lib qolmoqda.

Iqtisodchilarga ko‘ra, valyuta ayirboshlash erkinlashgani bilan iqtisodiyot hanuz erkinlashmagan, uning butun boshli sektorlari hanuz davlat monopoliyalari hamda ijro hokimiyatiga yaqin moliya - sanoat guruhlar tomonidan nazorat qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG