Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:54

Yana bir avtolizing firmasi fuqarolarni chuv tushirdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan “Halal Auto Leasing kompany” MCHJ mansabdorlariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a“ bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti ma’lumot tarqatdi.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari davomida jamiyat rahbari va uning sherigiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur firma fuqarolarga bir necha turdagi avtomobillarni boshlang‘ich 20 foizlik to‘lov, yillik 7 foizlik ustama va 1 yildan 5 yilgacha bo‘lib to‘lash sharti bilan olib berishni va’da qilgan.

Huquq idoralari ushbu MCHJ moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini o‘rganib, hujjatda ko‘rsatilgan 10 milliard so‘mlik nizom jamg‘armasi shakllantirilmaganini aniqlagan.

Jamiyat tomonidan 52 nafar shaxs bilan avtotransport vositalari yetkazib berish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida 1,7 milliard so‘m mablag‘ jamiyat hisob raqamiga kirim qilingan. Bu mablag‘ plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan naqdlashtirib olingani holda, avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchi yoki yetkazib beruvchi korxona va tashkilotlar bilan shartnoma tuzilmagan.

“Halal Auto Leasing kompany” MCHJdan jabr ko‘rgan fuqarolar (71) 231-33-94 telefon raqami orqali IIV Tergov departamentiga murojaat qilishlari mumkinligi eslatilgan.

O‘zbekistonda odamlarning avtomobil olib berish va’dasiga ishonib, millionlab so‘m mablag‘idan ajralib qolishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

Moliyaviy firibgarliklardan zarar ko‘rganlar soni yuz minglarni tashkil etishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG