AQSH tomonidan Kosta Rikaga deportatsiya qilinishi kerak bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari Nyu-York orqali Toshkentga qaytariladi.
“Kosta Rikaga yuborilishi rejalashtirilgan, lekin vatanga qaytish niyatida bo‘lgan yana 10 nafar fuqaromiz mazkur hafta davomida Nyu-York – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekistonga yetib keladi”, deb ma’lum qildi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov.
TIV mamlakat fuqarolarini Qo‘shma Shtatlardan xavfsiz deportatsiya qilish masalasida AQSH va Lotin Amerikasi davlatlari bilan aloqada bo‘lib turganini bildirgan.
24-fevral kuni Vashington bilan olib borilgan muzokaralar natijasida Kosta Rikaga yuborilishi rejalashtirilgan, lekin O‘zbekistonga qaytish niyatida bo‘lgan 7 nafar o‘zbekistonlik mamlakatga qaytarilgandi.
19-fevral kuni AQSHdagi ikki yuzdan ziyod hindistonlik va markaziy osiyolik noqonuniy migrant safida bir guruh o‘zbekistonlik ham Kosta Rika Respublikasiga keltirilgandi.
Kosta Rika hukumati 200 nafar noqonuniy muhojirni o‘z mamlakatiga qaytarishda Vashington bilan hamkorlik qilishga rozilik bildirgan. Markaziy Amerika davlatiga keltirilgan o‘zbekistonliklar taqdiriga rasman oydinlik kiritilganicha yo‘q.
Joriy yil 20-yanvaridan prezidentlik lavozimiga kirishgan Donald Tramp noqonuniy migratsiyaga qarshi beayov kurash e’lon qilgan.
Ozodlik avvalroq AQSHda yashab kelayotgan 975 nafar o‘zbekistonlik noqonuniy migrant sifatida badarg‘a qilinishi mumkinligi haqida xabar qilgan edi.
2023-yil sentyabridan 2024-yil sentyabrigacha Qo‘shma Shtatlardan O‘zbekistonga 572 kishi deportatsiya qilingan.