Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:13

Yana bir hokim so‘kindi. Bosh prokuror o‘rinbosari Ozodlikka izoh berdi


Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonov-kollaj
Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonov-kollaj

Joriy yilning 7 - dekabr kuni Ozodlikka Xorazm viloyati Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonovning tumandagi yer o‘lchovchilarni haqoratlagani iddao qilingan audioyozuv kelib tushdi. Audioyozuvda davomiyligi 5 minutga yaqin so‘kinishlar mavjud.

Ozodlik bu audioyozuvni Xorazm viloyat hokimligi mulozimiga yubordi. Ismi aytilmasligini so‘ragan mulozim bu ovozning haqiqatan ham Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonovga tegishli ekanini tasdiqladi.

“Haqiqatan bu Hakimboy Ahmadjonovichning ovozi. Shu yilning 16 - aprelida bo‘lg‘an janjal bu. Uch yarim gektar qo‘shimcha yer borasida zemlomerlar so‘kilgan. Lekin zemlomerlar haqiqatda ta’magirlik evaziga ziyod yer o‘lchashgan. Bu so‘kinish bo‘yicha hokimlikka shikoyat kelgan. Otaxonov bu masalada aybini tan olib, 15 - oktabr kungi majlisda prezidentdan kechirim so‘ragan. Lekin tuman hokimiga biror chora ko‘rilmagan", - deb aytdi Xorazm viloyat hokimligi mulozimi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, tuman hokimi yer o‘lchovchilardan uzr bo‘ramagan. O‘sha kungi mojarodan xabardor shovotlik fermer "Hokim nega zemlomerni so‘kib, prezidentdan uzr so‘raydi. Axir u prezidentni so‘kmagandiku", deya e’tiroz bildirdi.

Ozodlik muxbiri o‘sha so‘kishlar nishoni bo‘lgan shovotlik yer o‘lchovchilar bilan suhbatlashdi. Ular sholi ekiladigan maydonni paxta uchun o‘lchab bergani bois hokim tarafidan "tergalgani"ni aytishdi. Ular o‘z tinchini o‘ylab, bu masala bo‘yicha hech kimga shikoyat qilmasliklarini bildirdilar.

Yer o‘lchovchilarga ko‘ra¸ hokim Toshkentda ishlaydigan "tagi xorazmlik qudratli generalni orqa qilib", tiliga erk bergan.

Davomli so‘kinish

Ozodlik tasarrufidagi qariyb 4.30 daqiqalik audioda tuman hokimi sholi yeriga rejadan ziyod paxta yeri o‘lchab bergan yer o‘lchovchilarni tergar ekan, ta’bir joiz, og‘zidan bodi kirib, shodi chiqadi:

Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:21 0:00
Бевосита линк

Ozodlik Shovot tumani hokimi Hakimboy Otaxonov bilan bog‘lanishga urindi, ammo Otaxonov telefonni ko‘tarmadi. O‘zini Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovning yordamchisi, deya tanishtirgan mulozim esa Ozodlik muxbiri savolini oxirigacha eshitgach, telefonni o‘chirib qo‘ydi.

So‘kong‘ich hokimni kim tergaydi?

O‘zbekiston Bosh prokurorining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova 7 - oktabr kuni Ozodlik bilan suhbatda ijro hokimiyati rahbarlarining so‘kinishi bilan bog‘liq muammo mavjudligini tan oldi.

Ayni paytda u “so‘kong‘ich hokimlar masalasi Vazirlar Mahkamasida ko‘rilishi kerak", deb aytdi.

Ortiqovaga ko‘ra¸ “agar Vazirlar Mahkamasi so‘kong‘ich hokimlarga chora ko‘ra olmasa, unda bu hokimlar ishi prokurorga oshadi”.

Huquqshunos Umid Davletovning Ozodlikka aytishicha¸ Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda shaxsning qadr-qimmatini kamsitish huquqbuzarlik sifatida malakalangan:

“Bu 41-modda. Ya’ni haqorat qilish, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish deb malakalanadi. Agar haqorat qilingani sudda isbotini topsa¸ aybdorga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin. Jarima miqdorini sud hakami belgilaydi. “

O‘tgan oy Xorazm viloyati Xiva tumani hokimi Ozod Matyoqubov tuman hokimligi binosida o‘tkazilgan yig‘ilishda kamida 7 nafar fermerni turg‘azib qo‘yib, 20 daqiqa davomida uyat so‘zlar bilan haqorat qilgani haqida Ozodlik yozganidan keyin bu holat viloyat hokimligida muhokama qilingan edi.

Bundan oldin Farg‘ona viloyati Beshariq tumani hokimi Rasuljon Jo‘rayevning o‘z qo‘li ostidagilarni so‘kishlari aks etgan audio ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.

O‘zbekistonda hokimlarning majlislarda o‘z qo‘li ostidagilarni kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilishi va hatto do‘pposlashi odatiy holga aylangan.

Bundan ilgari Andijon hokimi Shuhrat Abduraxmonov¸ Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev, Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev, Parkent tumani hokimi Ne’matulla Abdullayevning bolaxonador so‘kishlarga to‘la audiolari ijtimoiy tarmoqda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

O‘tgan yili Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi “Qo‘ng‘irot Erdavlat Fayz” fermer xo‘jaligi rahbari Abduvaqqos Aliqulov tuman hokimi va muovini uni kaltaklagani haqida shikoyat qilgan.

XS
SM
MD
LG