Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 13:29

Yana bir yangi tizim. Mehribonlik uylari Milliy gvardiya tasarrufiga o‘tkazildi


O‘zbekistonda 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta bolalar shaharchasi mavjud
O‘zbekistonda 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta bolalar shaharchasi mavjud

Mehribonlik uylari O‘zbekiston Milliy gvardiyasi qaramog‘iga o‘tdi. O‘zbekiston prezidenti qarori bilan har bir Mehribonlik uyida gvardiyachilar uchun direktor muovini lavozimi kiritiladi.

Ozodlik suhbatlashgan Mehribonlik uyi xodimlari hukumatning bu qaroridan mamnun ekanini gapirmoqda.

Mirziyoyev: "Ota” va “ona” mehrini bera oladigan tizim yaratishimiz kerak

Mehribonlik uylari uchun javobgarlik O‘zbekiston Milliy gvardiyasiga yuklandi. O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu qaror Shavkat Mirziyoyevning Toshkentdagi 21 - Mehribonlik uyiga tashrifi chog‘ida e’lon qilingan.

O‘zbekiston prezidenti Mehribonlik uylarida bolalar bilan individual ishlash, o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish o‘z darajasida yo‘lga qo‘yilmagani, voyaga yetgan o‘quvchilarning mustaqil hayotga birinchi qadamlarini qo‘yishga, oliy ma’lumot olishlari va ishga joylashishiga yordam beradigan bo‘lim yo‘qligiga e’tibor qaratgan:

- Ochiq aytish kerak, bugungi kunda xalq ta’limi tizimiga qarashli Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalaridagi tarbiyachilarning 95 foizi ayollar bo‘lib, bolalar ularni “ona” deb chaqirishadi. Lekin, “ota” tarbiyasi-chi? Bu yerdagi farzandlarimizni oilaga imkon qadar yaqin muhitda tarbiyalashimiz uchun, albatta, “ota” va “ona” mehrini bera oladigan tizim yaratishimiz kerak. Tuman va shahar hokimlari hamda sektor rahbarlari bolalarni homiylik, vasiylik va oila patronatiga berish ishlariga umuman e’tiborsiz.

Prezident sohada mutlaqo yangi tizim joriy qilinishini aytdi.

Yangi tartibga ko‘ra, respublikadagi 16 ta Mehribonlik uylari va 4 ta Bolalar shaharchalari Xalq ta’limi vazirligi tizimidan chiqarilib, Milliy gvardiyaga o‘tkaziladi.

Buning uchun, Milliy gvardiyada alohida qo‘mondon o‘rinbosari lavozimi joriy etilib, boshqarma tashkil etiladi.

Milliy gvardiya qo‘mondoni ikki hafta muddatda har bir Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalariga shaxsan o‘zi borib, ularga Milliy gvardiyaning hududiy boshqarma boshliqlari, har bir guruhga malakali ofitser va psixologlarini biriktiradi, logoped va defektologlarni ishga oladi.

Ikki oy muddatda biriktirilgan Milliy gvardiya xodimlarini bolalar bilan ishlashga o‘qitiladi. “Mehribonlik uylari”dagi bolalarga tarbiya berish, ularni fan, IT, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, sport bilan shug‘ullanishlarini tashkil etish bo‘yicha mutlaqo yangi metodikalarni ishlab chiqadi.

- Oliygohlarning yetakchi professor-o‘qituvchilari haftada kamida ikki kun ushbu to‘garaklarga kelib, bolalarni o‘qitib beradilar. Buning uchun, ularga alohida ustama to‘lanadi. Bundan tashqari, Milliy gvardiya, Turizm va sport vazirligi sport federatsiyalari bilan birga ikki hafta muddatda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari uchun yakka kurash, futbol, suzish, tennis, shaxmat kabi sport to‘garaklarini tashkil etadi. Viloyat hokimlari bir oy muddatda Mehribonlik uylaridagi bolalarning sport bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlarni yaratib berish, zarur sport anjomlari bilan ta’minlashga shaxsan mas’ul bo‘ladilar, deya ko‘rsatma berdi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, yetim yoki ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan iqtidorli talabalar stipendiyasi 50 foizga oshirilishi, ularga pensiya to‘lash muddatini amaldagi 18 yoshdan 23 yoshgacha uzaytirilishi kerakligi aytildi.

Turizm va sport vazirligi, Milliy gvardiya viloyat hokimlari bilan birga bir hafta muddatda har yili yoz va qish mavsumlarida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari hamda vasiylik, homiylik va patronatdagi bolalar uchun Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz, Qo‘qon, Termiz kabi qadimiy shaharlarga sayohat uyushtirib berishlari belgilandi.

Yetim talabalarga zarur adabiyotlar sotib olish uchun har yili bir marta davlat hisobidan 1 million 200 ming so‘m subsidiya beriladigan bo‘ldi.

Hukumat ushbu yangilikni tajriba sifatida joriy qilayotganini ham ma’lum qildi.

"Prokuror – prokurorligini qilsin, harbiy – harbiyligini!"

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Mehribonlik uylarining harbiy bo‘linmalarga topshirilishi o‘zini oqlamaydi, degan fikrda. Suhbatdoshga ko‘ra, bu qaror mansabdor shaxslar orasida korrupsiya va su’iistemol holatlarini oshiradi:

- O‘zbekistonda o‘zi shu kabi “qo‘lbola” boshqaruv mexanizmlari joriy etilmoqda. Bu juda noto‘g‘ri narsa. Pedagogik va maxsus psixologik tayyorgarligi yo‘q odamlarga Mehribonlik uylarini “homiylikka” topshirishning o‘zi xato. Bu bilan yetimxonalarning moddiy bazasini ko‘tarish nazarda tutilayotgan bo‘lsa – qanday qilib bitta byudjet tashkiloti boshqa byudjet tashkilotini qaramog‘iga olishi mumkin?! O‘zi davlat hisobiga yashasa, qaysi mablag‘lar evaziga bu yordam ko‘rsatiladi? So‘zsiz, bu holat korrupsiya va vakolat doirasidan chiqish holatlarini keltirib chiqaradi. Eng achinarlisi, Mirziyoyev davrida davlat boshqaruvi to‘g‘risidagi qonunda bo‘lmagan “yuzboshi”, “mingboshi”, “tumanboshi” boshqaruv usullari joriy etilmoqda. Masalan, tibbiyot sohasi endi prokuraturaga topshirilibdi. Prokuror – prokurorligini qilsin, harbiy – harbiyligini! - dedi Abdurahmon Tashanov.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qo‘shinlari tarkibida jamoat xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida huquqni muhofaza qilish uchun tuzilgan harbiy bo‘linmadir. 2017-yil avgust oyidan Milliy gvardiya mamlakat Qurolli kuchlari tarkibidagi mustaqil qo‘shin turi sifatida mavjud.

Harbiy mutaxassislar O‘zbekiston Milliy gvardiyasi tuzilma sifatida Rossiyada prezidentga bo‘ysunuvchi Rosgvardiyadan ko‘chirilganini aytishadi.

O‘zbekiston Milliy gvardiyasi ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston prezidentiga bo‘ysunadi, Milliy gvardiya qo‘mondoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

"Biz bu qarordan juda xursandmiz"

Ayni paytda, Shavkat Mirziyoyev Mehribonlik uylaridagi holatga mas’ul vazirlik va hudud sektor rahbarlari ishini tanqid qildi, muassasalardagi ta’lim-tarbiya ishlari ham mutlaqo qoniqarsiz ekanini ta’kidlab o‘tdi.

U so‘nggi 10 - yilda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarini uy-joyga muhtoj 1 ming 188 nafar bitiruvchilaridan 610 nafariga yoki 51 foiziga uy-joy ajratilgani; Mehribonlik uylari bitiruvchilarining atigi 1,6 ming nafari yoki 64 foizi ish bilan ta’minlangani; 2020 - yilda ixtisoslashgan maktablarni bitirgan 1,5 mingdan ziyod nogironligi bor yoshlarning atigi 264 nafari ishga joylashtirilgani raqamlarini keltirdi.

Ozodlik bu vaziyatni sharhlash uchun Mehribonlik uylari xodimlari bilan suhbatlashdi.

Toshkentning Chilonzor tumanidagi 22-sonli muassasa rahbari hozirgi kunda Mehribonlik uylarida ketayotgan o‘zgarishlar yakunlanmagani va yangi tartib qanday amal qilishi to‘g‘risida turli idora vakillari bilan muzokalar olib borilayotganini aytdi.

Buxorodagi Mehribonlik uyining Milliy gvardiyachi qo‘riqlash xodimi esa, tarkibiy o‘zgarishlar allaqachon joriy qilinayotganini ma’lum qildi.

- Mehribonlik uyi Xalq ta’limidan Milliy gvardiya tasarrufiga o‘tdi. Bularning muammolarini endi to‘liq Milliy gvardiya hal qiladi. Muassasa davlat byudjeti hisobida turaveradi. Direktor o‘rinbosari etib Milliy gvardiyadan odam qo‘yiladi. Tadbirlar o‘tkazish, nazorat qilish, bolalar bilan suhbatlashish. Aslida biz ilgaritdan Mehribonlik uyini qo‘riqlab kelardik, dedi suhbatdosh.

Guliston shahridagi “Bolalar shaharchasi” direktori, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Pokiza Ahmedjanova Mehribonlik uyi xodimlari va tarbiyalanuvchilari ushbu xabarni quvonch bilan kutib olganini so‘zlab berdi.

- Bizning Bolalar shaharchamiz o‘zi Milliy gvardiya yonida joylashgan. Ko‘p bolflarimiz havas qilib, “Milliy gvardiyaga kiraman!”, deb yurardi. Kecha prezidentimiz “Milliy gvardiyaga o‘tasizlar!” deyishi bilan o‘girilsam, o‘tirgan 20 ta bollarim menga yalt etib, xursand bo‘lib qarayapti! Misol-da, uy-joy masalasida hokimiyatlarga chiqardik, ular mablag‘dan qiynalardi. Endi buning konkret yechimi bo‘ldi: 50 foiz mahalliy hokimiyat – 50 foiz byudjetdan bo‘ladi. Bu yil 17 bolamiz oliy o‘quv yurtiga kirdi. Oldin yig‘ilishlarimizga Oliy ta’limdan ustozlar talabalar kelardiyu, birda bo‘lardi – birda bo‘lmasdi. Endi bu qaror bilan mustahkamlandi. Bitta Milliy gvardiyadan o‘rinbosar o‘zidan oylik olgani bilan, bolalarimiz bilan ishlaydi. Bizda o‘g‘il bolalar juda ko‘p. Uyimizda tarbiyachilar, asosan ayollar bo‘lgani uchun ularga “ota” tarbiyasi yetishmayatuvdi! Biz o‘smir bollarni boshqarishda qiynalib ham qolardik, deydi Mehribonlik uyi rahbari.

Pokiza Ahmedjanova Milliy gvardiya qaramog‘ida o‘tish bo‘yicha muvofiqlashtirish jarayoni davom etayotgani, ammo gvardiyachilar allaqachon kelib-ketganini aytdi:

- Bugun 10 kishi gvardiyadan kelib ketdi. Qanday ishlash rejasini tuzib chiqdik, bolalar bilan tanishdi. Shaharchadagilardan ko‘ra bizni ilgari bitirib ketgan bollar muammolari ko‘proq qiynardi. Oldin biz Xalq ta’limi tasarrufida bo‘lib, bosh prokuror voyaga yetmaganlar komissiyasi raisi ham edi. Endi biz bollarimiz bitirib, oyoqqa turib olguncha kimningdir nazoratida bo‘lishiga ishonamiz. Chunki tizim yo‘q edi, javobgar yo‘q edi, deydi Guliston shahridagi “Bolalar shaharchasi” direktori Pokiza Ahmedjanova.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta bolalar shaharchasi mavjud bo‘lib, ularda 1823 o‘g‘il-qiz ta’lim olmoqda, 86 ta maxsus maktab-internatda esa 21363 bola o‘qimoqda.

Ozodlik Mehribonlik uyi bitiruvchilari bilan bog‘liq vaziyatlar to‘g‘risida oldin ham xabar bergan. Xususan, Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahridagi 12-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Svetlana Grebnyovaga mahalliy hokimlik tashlandiq uy ajratgani, Svetlana bir bolasi bilan yashashga joy topa olmay, sarson ekani to‘g‘risida Ozodlik lavha uzatgandi.

Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova Kitobdagi Mehribonlik uyini ko‘zdan kechirish chog‘ida u yerda bolalar juda yomon sharoitlarda yashayotgani haqida xulosa qilgan. Ombudsman tanqidi ortidan Kitobdagi Mehribonlik uyi rahbari ishdan olingani aytilgandi.

XS
SM
MD
LG