Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 12:44

"Yangi Angren" IESda ikkinchi marta sex rahbari o‘z joniga qasd qilgan. Ularga bosim o‘tkazilgani da’vo qilinmoqda


"Yangi Angren” IES
"Yangi Angren” IES

"Yangi Angren” IESda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan portlashdan so‘ng o‘zini osgan sex rahbarining yaqinlari uning bosim ostida o‘z joniga qasd qilganini iddao qilmoqda.

Marhum yaqinlaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Sirojiddin Shodiyev stansiya rahbarlarining bosimi ostida joniga qasd qilgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, 2018 - yilda stansiyada bo‘lgan "baxtsiz hodisa" ortidan boshlangan tergov jarayonida yana bir sex rahbari – Sirojiddin Po‘latov ham o‘zini osgan edi.

IES rahbariyati ayni stansiyada sodir bo‘lgan bu ikki o‘xshash holat - avvaliga baxtsiz hodisa, so‘ngra tergov paytida o‘rta bo‘g‘indagi ikki rahbarning o‘zini osishi sabablari haqida biror izoh bermadi.

Ammo, 26 - yanvar kuni stansiya rahbarlari mahalliy nashrga bergan izohida, 3 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan 20 - yanvardagi portlashda ishchilarning o‘zlari aybdor, deyildi.

O‘sha kungi portlash stansiyaning ta’mir uchun to‘xtatilgan 5-blokida sodir bo‘lgan, unda 3 ishchi o‘lgan, yana 3 nafari og‘ir kuyish jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida Ozodlik xabar qilgan.


“Nohaqlik sabab o‘zini osgan sex rahbari”

20 - yanvar kuni "Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasining (IES) portlash bo‘lgan 5-blokida sex rahbari bo‘lgan Sirojiddin Shodiyevning yaqinlari uning o‘limida stansiya rahbarlarini ayblamoqda.

Marhumning yaqinlari ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan sharhlarida Shodiyevning “stansiya rahbarlari bosimi ostida” portlash uchun javobgarlikni bo‘yniga olishga majburlanishi ortidan joniga qasd qildi, deb da’vo qildi.

Ozodlik bu sharhlar ortidan marhumning yaqinlaridan biriga bog‘landi. Da’voni takrorlagan yaqini, Shodiyev “noxaqlik sabab o‘z joniga qasd qilgan”ini aytdi. Ammo u Ozodlikning hodisa bilan bog‘liq savollariga batafsil javob berishni istamadi.


Marhum bilan bir sexda ishlagan ishchi, Ozodlik bilan muloqotda, Shodiyevning joniga qasd qilishi ortida stansiya rahbarlarining “halokatni yopdi-yopdi qilish niyati turibdi” degan xulosani takrorladi.

U IES ishchilarining Telegram tarmog‘ida qariyb 1 yarim ming kishilik kanali borligi va unda Shodiyev xotirasiga yozilgan sharhlarni tilga oldi.

“Kiring, Shodiyev haqida aytilgan gaplarni o‘qing! Shodiyev juda ham insofli, ishini yaxshi bilgan, vijdonli rahbar edi. Uning o‘z jiyani yozdi: “Stansiya rahbarlari portlash delosini yuziga otib, tan olasan, deb tazyiq qilishipti”, deb. Ammasi yozdi, singlisi yozdi: “Haqiqat bormi?!” deb”.

"Янги Ангрен" ИЭСда портлаш: жиноят иши очилди, қурбонлар оиласига $10000дан тарқатилди, портлаган цехнинг раҳбари ўзини осди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:32 0:00

Ozodlik Shodiyev vafoti hamda 20 - yanvarь kuni stansiyada bo‘lgan portlash ortidan "Yangi Angren” IES rahbariyatidan takror-takror rasmiy izoh olishga urindi, ammo hanuz muvaffaq bo‘lmadi.

Jumladan, 26 - yanvar kuni IES Bosh direktori Pitko Vitaliy Yuryevichning qabulxonasiga qilingan telefon qo‘ng‘iroqlari javobsiz qoldi.

IES xodimlari Telegram kanalida berilgan ma’lumotga ko‘ra, quyidagi shaxslar 20 - yanvar kungi portlashda jabrlangan:

1. To‘ychiyeva Manzura - vafot etgan;
2. Rejaboyeva Nargiza - vafot etgan;
3. Qayumov Abdurahim - vafot etgan;
4. Amonov Oxun - og‘ir kuyish jarohati bilan shifoxonada;
5. Sirojitdinov O‘tkir - og‘ir kuyish jarohati bilan shifoxonada;
6. Ahmedov Abdurasul - og‘ir kuyish jarohati bilan shifoxonada;
7. Normetov Usmon - og‘ir kuyish jarohati bilan shifoxonada.

“3 ishchi xavfsizligi ta’minlanmagani uchun o‘ldi”

Ozodlik radiosi 20 - yanvar kuni IESning ta’mir uchun to‘xtatilgan 5-blokida portlash sodir bo‘lgani, portlash oqibatida 3 kishi o‘lgani va 3 kishi og‘ir jarohat bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar qilgan edi.

IESda 3 kishi o‘limiga sabab bo‘lgan portlash yuzasidan O‘zbekiston JKning 257-moddasi 2-qismi «a, b» bandlari bilan “Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish odam o‘lishi va boshqa og‘ir oqibatlar kelib chiqishi” aybi ostida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Rasmiy bayonotda portlash “chang-ko‘mirli havo aralashmasining chaqnashi” natijasida sodir bo‘lgani, chaqnashning kelib chiqish sabablari bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangani aytildi.

22 - yanvar kuni Ozodlik bog‘langan bir mas’ul - “Yangi Angren” IESda uchastka rahbari, deb taqdim qilingan Uchqun Merganov portlashga “baxtsiz hodisa” deb qaralayotganini tasdiqlagan va so‘ngra bandligini aytib, aloqani uzib qo‘ygandi.

Ammo hodisa qurbonlaridan ikki nafari – 52 yashar Manzura To‘ychiyeva va 40 yashar Nazira Rejaboyevaning yaqinlari, Ozodlik bilan suhbatda, hodisaga stansiya hududida texnika va ishchilar xavfsizligi ta’minlanmagani portlashga sabab bo‘lgan, deb da’vo qilgan.


“Bir stansiyada 2 rahbarning o‘limi”

IES ishchilarining Ozodlikka bildirishicha, xuddi Sirojiddin Shodiyev kabi yana bir o‘rta bo‘g‘in rahbar – sex rahbari Sirojiddin Po‘latov ham “baxtsiz hodisa” ortidan sirli ravishda o‘z joniga qasd qilgan.

“Avval ham xuddi shunaqa Siroj, degan rosa yaxshi bola bor edi, sex rahbari, uyam o‘zini osgan. O‘shanda ham ishchilarning o‘zini aybi, TBga (texnika xavfsizligi – tahr.) amal qilmagan, deb rahbar o‘zini osdi, deb yopishgan. Mana xuddi shunaqa yana bitta o‘lim, buni ham oldingisidaqa qilib yopishyapti. Hech kim jazolangani yo‘q, o‘sha paytdagi rahbarlar mana hoziram urug‘-churug‘i bilan stansiyani egallab o‘tiribdi”, dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan stansiya ishchilaridan biri.

Ozodlik Sirojiddin Po‘latov yaqinlaridan biri bilan ham bog‘landi. U ismi va Po‘latov bilan qarindoshlik aloqalari oshkor qilinishini istamadi.

Uning Ozodlikka bildirishicha, 2018 - yil yanvarida stansiyada ishlayotgan ekskavator haydovchilaridan biri “muzlab o‘lib qolgan”:

“O‘sha yili rosa qattiq sovuq bo‘lgandi. Haydovchi bola ishlagan ekskavator buzuq bo‘lgan, ichidagi isitadigan konditsioneri ishlamagan. Ishchilar yozma arz qilgan, o‘sha texga vaqtincha rahbar bo‘lgan Sirojiddin, u ham aytgan buni, tuzatishmagan. O‘ta sovuq havoda u bolani is gazi eltganmi yoki boshqa narsa bo‘lganmi, sahar soat 6 ga yaqin o‘lik topishgandida. O‘shandan keyin tergov boshlanib ketib, oxiri Sirojiddin o‘zini osib qutulgan. Xotinigayam, bolalarigayam yordam berishmagan bu noinsoflar, janozasigayam borishmagan. Xotini yig‘lab aytib bergandi menga”.

"Stansiya og‘ir ahvolda, rahbarlar ishchilar og‘zini yopish bilan ovora"

Stansiyaning Ozodlik gaplashayotgan ishchilari, marhum ishchi va 2 sex rahbarining yaqinlari iddaosini tasdiqlamoqda.

Ular ijtimoiy tarmoqlar va Ozodlik bilan suhbatlarda “Yangi Anrgen” IESda jiddiy tekshiruv o‘tkazilishi zarurligi hamda ishchilar xavfsizligini zudlik bilan ta’minlanishi shartligini ta’kidlamoqdalar.

Jumladan, 26 - yanvar kuni ma’lumot bergan ishchiga ko‘ra, IESdagi qozonlar juda eskirib ketgan, yillardan buyon kapital ta’mir ko‘rmayotir:

"Qozonlar 1976 - yildan boshlab, 1982 - yillar orasida qurilgan, qozonlar o‘shanda o‘rnatilgan. Foydalanish muddati nech yil ekanini bilmayman. Lekin har yili 2 yoki 3 ta blok remontga beriladi. Nazarimda, o‘shanda katta o‘yin bo‘ladi, u yog‘i bu yog‘ini yamab qo‘yishadi. Aslida 2014 - yildan buyog‘iga to‘liq remont qilinmadi nazarimda, balki qog‘ozda remont qilinar".

Stansiya ishchilari muttasil ravishda Qozog‘istondan keltirilgan ko‘mir ishlatilishi, bu ko‘mirning kaloriyasi 7 mingdan ortiq bo‘lgan bois eskirib ketgan qozonlar arang dosh berayotganini ham ta’kidlamoqda. (Ozodlik ayni shikoyat yuzasidan surishtiruvini davom ettirmoqda - tahr.)

Ishchilarning shikoyat qilishicha, aynan shu sabab stansiyadagi ishchilarda is gazidan zaharlanish qo‘rquvi ham kuchaygan, ammo bu boradagi shikoyatlari rahbarlar tomonidan inobatga olinmayotir.

21 - yanvar kuni ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka ma’lumot bergan IES ma’muriyati quyi lavozimdagi vakili ishchilarning shikoyatlarini qisman tasdiqlagan edi.

“Aslida bu portlash bahona IESning ahvoliga e’tibor qaratishsa yaxshi bo‘lardi, menimcha. Biz Toshkentdagi kattalarni ogohlantiraverib, juda charchaganmiz. IESda ta’mirlash, yangilash kerak bo‘lgan otseklar juda ko‘p”,- deb arz qilgan edi stansiya mulozimlaridan biri.

"Stansiyadagi halokatga ishchilarning o‘zlari sababchi"

2021 - yil 20 - yanvar kuni Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat to‘g‘risida stansiya boshqaruv kompaniyasi Kun.uz nashiriga ma’lumot taqdim etdi.

Ushbu bayonotda aytilishicha, 20 - yanvar kuni portlash sodir bo‘lgan "5-qozon agregati vaqtincha to‘xtatilgan va u kimyoviy tozalanayotgan paytda qozon tozalovchilarning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etmaganligi ana shunday ayanchli oqibatlarga olib kelgan".

“Yangi-Angren IES” aksiyadorlik jamiyati tomonidan vafot etganlarning oila a’zolariga qo‘shimcha ravishda 105 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi". "Vafot etgan xodimlarning yorqin xotirasi energetiklar qalbida doimiy saqlanib qoladi", deyiladi stansiya rahbariyati tarqatgan bayonotda.

Bu bayonot ham IES ishchilari tomonidan keskin tanqid bilan qarshi olinmoqda. Ijtimoiy tarmoqda e’tiroz bildirgan ishchilar, vafot etgan ishchilarning yaqinlari, prezident Shavkat Mirziyoyevdan ularning shikoyatlariga e’tibor qaratilishini talab qilmoqda.

Bu so‘nggi 1 yil ichida “Yangi Angren” IESda sodir bo‘lgan ikkinchi halokatdir. 2020 - yilning 30 - yanvarida chiqqan yong‘inda stansiyaning 4-3-bloklari tomi yonib ketgan, ammo hech kimga shikast yetmagani bildirilgan edi.

XS
SM
MD
LG