Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:54

“Yangi O‘zbekiston” changi - faollar Toshkentdagi chang bo‘ronda Ortiqxo‘jayevni ayblamoqda


“O‘zgidromet” avvaliga atmosfera havosidagi chang miqdori belgilanganidan 30 barobarga oshganini rasman ma’lum qilgan.
“O‘zgidromet” avvaliga atmosfera havosidagi chang miqdori belgilanganidan 30 barobarga oshganini rasman ma’lum qilgan.

O‘zbekistonlik atrof-muhit himoyachilari Toshkent va atrofiga chang bo‘roni yopirilishida poytaxtdagi qurilishlar va shaxsan tadbirkor hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevni ayblab chiqishdi.

Bunday ayblovlar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tarafidan ham yangramoqda.

“O‘zgidromet”ga ko‘ra, 4 - noyabr kuni kuzatilgan bo‘ronlar ortidan havodagi chang miqdori belgilanganidan 30 barobarga oshib ketgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bir kunda 700 ga yaqin kishi nafas qisishidan shikoyat qilganini bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan faollar poytaxt va uning atrofida qum va chang bo‘roni paydo bo‘lishida Toshkentdagi qurilish loyihalarining hissasi katta ekanidan xavotirda ekanliklarini aytishadi.

“Qurilishlarning sal kuchsiz shamol esganda havoga ko‘tariladigan zaharli changini yutyapmiz. Bundan tashqari, bu changni to‘sib qoladigan daraxtlarni ham kesib tashlashgan”, - deydi toshkentlik ekojurnalist Sogdiana Shok.

O‘zgidromet mutaxassislari esa, Toshkentdagi chang-qumli tumanga kuchli shamol natijasida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilishi sabab bo‘lganini bildirdi.

“Joriy yilning 4 - noyabr kuni kunning ikkinchi yarmida O‘zbekiston hududlariga Qozog‘iston viloyatining janubiy viloyatlari orqali Ural-Volgabo‘yi hududlaridan sovuq qutb antisikloni front old qismi kirib keldi. Chuningdek, Janubiy Qozog‘istonning markaziy hududlarida (Chimkent viloyati) shimoliy yo‘nalishda kuchli shamollar kuzatildi”, deyiladi xabarda.

Markaz mutaxassislari bu hodisaning kuzatilishiga respublikaning ko‘plab hududlarida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish ishlari ham sabab bo‘lganini istisno qilishmadi.

“Chunki qurilish ishlari davomida juda katta hajmdagi sochiluvchan mahsulotlar ishlab chiqariladi”, deb xabar berdi “O‘zgidromet”.

Chang-qumli tuman hodisasi O‘zbekistonning Toshkent, Sirdaryo viloyatlari bilan bir qatorda Qozog‘istonning chegaradosh Turkiston viloyatida ham sezildi.

Toshkent shahri juma kuni ham chang-qumli tuman ichida qolar ekan, sariq chang hamma yoqqa, hatto, odamlarning kiyimlariga o‘tirib qolayotgani, derazalar, yopiq binolarning ichigacha sizib kirayotgani aytilmoqda.

“Quruvchi va mebelchilar, Toshkentni nima qilib qo‘ydingiz!?”

Toshkentlik faol Farida Sharif hodisada poytaxt hokimligi va ular amalga oshirayotgan qurilish loyihalarini ayblaydi.

“Ey siz, ochko‘z quruvchilar, hokimiyatdagilar, mebelchilar, qurilishlaringiz bilan shahrimizni nima qilib qo‘ydingiz!?”, - deb yozdi o‘z Feysbuk sahifasida Farida Sharif.

Bloger Abbos Asad ham chang bo‘ronida quruvchi va mebelchilarni aybladi.

Toshkentlik taniqli bloger Aqida Xanum ham changli bo‘ron kelib chiqishida shahar hokimiyatini ayblaydi: Ko‘proq daraxt kesaylik, bundan battar chang bo‘ronida qolib ketamiz! Qilgan ishingizni natijasini ko‘rib qo‘ying. Shame on you!!!”, deya xitob qildi bloger.

Feysbukning Nodirabegim Nur ismli foydalanuvchisi: “Shaharni qoq o‘rtasida senator va deputatlar ko‘z o‘ngini to‘g‘risidagi ko‘lni quritishdi, ikki yilda quritishdi”, deb yozdi.

Payshanba kuni Oliy Majlis yaqinidagi Milliy bog‘dagi ko‘l quritilib, uning o‘rniga Milliy akademik drama teatrining yangi binosi qurilayotgani o‘rtaga chiqdi.

Bunga qadar ko‘ldagi orolchada tomosha minorasi bo‘lgan Light House restoran majmuasini barpo etish mo‘ljallanayotgan edi.

Ko‘lning 2018 va 2021 - yilda sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarida yashil hudud keskin qisqargani va ko‘l qurib yotgani ko‘rinadi.
Ko‘lning 2018 va 2021 - yilda sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarida yashil hudud keskin qisqargani va ko‘l qurib yotgani ko‘rinadi.

Ko‘lning 2018 va 2021 - yilda sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarida yashil hudud keskin qisqargani va ko‘l qurib yotgani ko‘rinadi.

“Komsomol ko‘lini quritishdi. Ikkinchi ko‘lni ham qurtishdi. Daraxtlarni kesishdi. Shaharda namlik yo‘qoldi. Qurilishlarda qanaqa materiallardan foydalanishlarini bilmaymiz. Hamma joyda sap-sariq chang. Sahrodan uzoqda joylashgan shaharga chang qayerdan keladi, albatta qurilishlardan”, - deydi toshkentlik faol Farida Sharif Ozodlik bilan suhbatda.

Tarmoqlarda Toshkentdagi chang bo‘ronini hajv qilganlar ham bo‘ldi.
Tarmoqlarda Toshkentdagi chang bo‘ronini hajv qilganlar ham bo‘ldi.

Tarmoqlarda Toshkentdagi chang bo‘ronini hajv qilganlar ham bo‘ldi. “Ko‘chada Yangi O‘zbekiston shiorlarini qum bosib, Changi O‘zbekiston bo‘lib ko‘rinyapti”, - deb yozdi Telegram foydalanuvchisi Shahriyor.

“Ortiqxo‘jayevning Akfa oynalari uning Akfasidan chiqayotgan changdan himoyalamas ekanmi”, deya kinoya qildi Feysbuk foydalanuvchisi Kamila Zaharova.

Tarmoqlarda Toshkentdagi chang bo‘ronini hajv qilganlar ham bo‘ldi.
Tarmoqlarda Toshkentdagi chang bo‘ronini hajv qilganlar ham bo‘ldi.

Ekolog va siyosiy faol Aleksey Garshin esa, chang-to‘zonga Ortiqxo‘jayev qurilishlari sababchi, degan ayblovlarni savol ostiga oladi.

“Faqat qurilishlarni ayblash mening nazarimda noto‘g‘ri. Kecha Sirdaryoda bo‘ldim, u yerda chang Toshkentdagidan ham ko‘p edi. Qandaydir siklon bor, shamol olib kelyapti. Tarmoqlarda qurilishlarni ayblashyapti. Bu qurilishlarni qurayotganlar korrupsioner, o‘g‘ri, kazzob bo‘lishi mumkin, lekin fikrimcha, chang-to‘zonga aloqasi yo‘q bu kurilishlarning”, - deydi Garshin Ozodlik bilan suhbatda.

Ozodlik faollar va ijtimoiy tarmoqda yangrayotgan ayblovlar yuzasidan izoh olish uchun Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga qo‘ng‘iroq qildi, lekin hech kim javob bermadi.

Toshkentda eng yirik qurilish loyihalarini olib borayotgan Murad Building shirkati xodimi chang-to‘zon qurilishlardan tarqalyapti, degan ayblovlarni rad etdi.

“Toshkentda, qarasangiz, biz qurayotgan hamma obyektlar “Murod Bilding” yozuvli filtr to‘siqlar bilan o‘rab olingan. Shamol bo‘lganda chang tarqalmasligi uchun maxsus filtrlar. Ertaga yomg‘ir-qor yog‘sa ham bizni ayblashadimi?”, - deydi Murad Building shirkati xodimi.

Toshkentda eng yirik qurilish loyihalarini Murad Building shirkati amalga oshirmoqda.
Toshkentda eng yirik qurilish loyihalarini Murad Building shirkati amalga oshirmoqda.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkentdagi vaziyat yuzasidan biron rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q.

Ayni paytda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ham rasmiy bildirishnoma bilan chiqdi.

Vazirlik bir kunning o‘zida "Tez yordam" xizmatiga bo‘lgan ja’mi chaqiriqlar soni bir necha yuztadan ortib ketgani, yetti yuzga yaqin kishi nafas qisishidan shikoyat qilganini bildirdi.

Aholiga rasman changli havoda niqob taqish, allergik va astma kasalligi bor bemorlarga tashqariga chiqmaslikni rasman tavsiya qildi.

2 - noyabr kungi hukumat majlisida O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev yiliga 200 million tup daraxt ekish kerakligi, bu bilan mamlakatdagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirishni rejalanayotganini aytgan edi. Prezidentga ko‘ra, shu asno daraxt ekish davlat siyosatiga aylantiriladi.

O‘limga sabab bo‘luvchi sariq chang

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, chang o‘zi bilan o‘limga sabab bo‘luvchi kasalliklarni olib keladi.

Chang bakteriya va viruslarni olib yurishi mumkin. Shuningdek, turli xil nafas olish va qon aylanish kasalliklarini keltirib chiqaradi.

2017 - yilda Hindiston va Xitoyda havoning ifloslanishi 2, 4 million kishi hayotini olib ketgan.

O‘tgan hafta Dehli va Singapur qishloq xo‘jaligi yong‘inlari va sanoat chiqindilari tufayli havoning jiddiy ifloslanishi haqida xabar berishdi.

Qo‘shni Haryana va Panjob shtatlarida va elektr stansiyalarida yonayotgan hosilning zarralari Dehli havo sifati indeksini xavfli darajada yuqori darajaga olib chiqdi.

Chang shaharlar ichidan, xususan, qurilish maydonchalaridan ham hosil bo‘ladi.

Qurilish inshootlari muhofaza filtr pardalari bilan o‘rab olinishi shart.

Changda sanoat ifloslantiruvchi moddalar darajasi ham ko‘p bo‘ladi.

Sariq chang, shuningdek, viruslar, zamburug‘lar, bakteriyalar va hatto og‘ir metallarni olib yuradi, ular inson salomatligi uchun o‘ta tahlikali.

O‘tmishda asbest changi ta’siridan o‘lim xollari ko‘p bo‘lgan.

Shu sabab asbestdan tayyorlangan konstruksiyalarni qurilishlarda ishlatish aksar davlatlarda taqiqlangan.

O‘zbekistonda esa, asbestdan tayyorlangan materiallar va shiferlar sog‘liq uchun zararli bo‘lishiga qaramasdan, qurilishlarda hamon keng ishlatib kelinadi.

Faollar hukumatni Toshkent doxil iqlim o‘zgarishlarining markazi bo‘lgan yirik shaharlar ekologiyasini muhofaza qilishga qaratilgan maxsus reja va dasturi yo‘qligi uchun tanqid qilishadi.

O‘tgan yili dunyo shaharlaridagi ifloslanish va havo sifati indeksini tahlil qiluvchi The World Air Quality Index’ning eng yirik onlayn-monitoring natijalariga ko‘ra, Toshkent dunyodagi havosi eng ko‘p ifloslangan shaharlar reytingida ikkinchi o‘rinni egallagan edi.

XS
SM
MD
LG