Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Yangi parlamentga eskicha saylov


O‘zbekistonda parlament saylovlari 27-oktyabrda o‘tkazilishi e’lon qilindi.
O‘zbekistonda parlament saylovlari 27-oktyabrda o‘tkazilishi e’lon qilindi.

O‘zbekistonda parlament saylovlari 27-oktyabrda o‘tkaziladi. Markaziy saylov komissiyasi saylov kampaniyasi 2024-yil 26-iyulidan boshlanishini e’lon qildi.

Bu O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yil sentyabrida, sobiq prezident Islom Karimov vafotidan so‘ng hokimiyatga kelganidan buyon ikkinchi parlament saylovi bo‘ladi.

O‘zbekistonda so‘nggi 30 yil mobaynida parlamentlar "cho‘ntak partiya"laridan shakllantirilgan parlamentlar deb ko‘rib kelindi.

Ularning siyosiy-ijtimoiy hayotdagi o‘rni sezilmagan. Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda iqtidorga kelganidan keyin shakllantirilgan parlamentda ham hukumatga chin muxolif kuchlar ko‘rinmadi.

O‘zbekiston ichidagi yagona muxolifatchi Xidirnazar Olloqulov o‘zining "Haqiqat va Taraqqiyot" nomli partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish urinishlari qattiq bosimlar va jismoniy hujumlar manzarasida, muvaffaqiyatsiz bo‘lgan.

“Oktyabr oyida saylovlar bo‘lishi kerak. Lekin, mamlakatda bu katta siyosiy tadbirda sukunat, jimlik. Ijtimoiy tarmoqlarga qarasangiz Turkiyadagi saylovlar keng muhokama qilindi. Hozir noyabr oyida bo‘ladigan AQSHdagi saylov muhokama bo‘lib yotibdi. Lekin mamlakatimizda uch oydan keyin bo‘ladigan saylovlar hususida jimlik, sukunat. Shunday sharoitda saylovdan nima kutish mumkin? Mirziyoyevning avvalgi saylovlariday yana yolg‘on saylov bo‘ladi, boshqa nimani kutish mumkin?”, - deydi Olloqulov.

Mirziyoyevning "konstruktiv muxolifat" haqidagi va’dasi

O‘tgan yili 2037-yilgacha davlat rahbari lavozimida qolishiga yo‘l ochuvchi konstitutsiyaviy o‘zgarishlardan so‘ng o‘tkazilgan raqobatsiz saylovda amalda uchinchi muddatga prezident etib saylangan Mirziyoyev o‘zining qasamyod nutqida "konstruktiv muxolifat" iborasini tilga olib, demokratik islohotlarni amalga oshirishga va’da bergan edi.

“Biz demokratiya va ochiqlik siyosatini izchil davom ettirib, konstruktiv muxolifat faoliyatini, so‘z va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish, undan foydalanish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarini kafolatlaymiz”.

“Biz konstruktiv muxolifat – takror aytaman, konstruktiv muxolifat – so‘z va matbuot erkinligi hamda fuqarolarning huquqlarini kafolatlaymiz”, degandi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Lekin, shunga qaramay, O‘zbekistonning siyosiy tizimi hanuz avtoritar bo‘lib qolmoqda.

Olloqulovning aytishicha, bu galgi saylovlarda ham katta ehtimol bilan muxolifat vakillarining saylovga qo‘yilmasligini taxmin qilish mumkin.

“Sababi, tuzum korrupsiyaga asoslangan. Avtoritar tuzum shuning uchun muxolifat istamaydi, muxolif partiyalar maydonga chiqishini, siyosiy maydonda raqobat bo‘lishini , saylovchilarda tanlov huquqi bo‘lishini shuning uchun istamaydi”, - deydi Olloqulov.

O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq, parlament va mahalliy saylovlarda faqat mamlakatda rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan partiyalargina ishtirok etadi.

Ayni paytda mamlakat beshta siyosiy partiya ro‘yxatga olingan bo‘lib, bular O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (XDP), O‘zLiDeP, “Milliy tiklanish”, “Adolat” va Ekologik partiyalardir.

O‘zbekistonda o‘tgan asrning 90-yillari boshida ro‘yxatga olingan “Birlik” va “Erk” partiyalarini o‘zbek rasmiylari amaldagi partiya o‘laroq tan olmay kelishadi.

Liderlari xorijda bo‘lgan bu ikki partiya vakillarining O‘zbekiston Adliya vazirligida qayta ro‘yxatdan o‘tishga harakatlari hatto prezident Shavkat Mirziyoyev davrida ham ijobiy natija bergan emas.

Shuningdek, professor Xidirnazar Olloqulov boshchiligidagi faollar tomonidan yangi bir partiya tuzish bo‘yicha 2021-yildan buyon amalga oshirilgan bir necha urinish ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan.

“Bizni muxolif harakat tuzishimizga tish- tirnog‘i bilan qarshilik qilinyapti, tazyiqlar kuchaysa kuchayganki, kamaymagan. Biz ikki marta muxolif partiya sifatida ro‘yxatdan o‘tishga harakat qildik. Mana uchinchi marta ham harakat qilyapmiz, lekin bular tish-tirnog‘i bilan qarshilik qilyapti”, deydi Olloqulov.

O‘zbekiston parlamenti – Oliy Majlis - oliy davlat vakillik, qonun chiqaruvchi organidir.

Oliy Majlis 2 palata — vakolati 5 yil bo‘lgan Qonunchilik (quyi) palata va Senatdan iborat.

Qonunchilik palatasi hududiy, bir mandatli okruglardan - umumiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri asosda yashirin tarzda saylangan 150 deputatdan iborat.

Buning 15 nafari O‘zbekiston Ekologik harakati uchun ajratilgan.

Senati 100 (ammo yangi qonunchilikka binoan 65) a’zo - Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridan - 6 kishidan saylangan hamda fuqarolar orasidan Prezident tanlagan 16 (bundan buyon 9) senatordan iborat.

2023-yilning noyabridan, O‘zbekistonda aralash saylov tizimi joriy etildi. 150 deputatning yarmi umumxalq saylovi, 75 nafari bir mandatli okrugdan majoritar tarzda saylanadi.

Diktatorlik rejimlariga xos parlament

“Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin ba’zi deputatlarda faollik kuzatildi, lekin Mirziyoyev hokimiyatini tanqid qilishi kuzatilmadi. Chunki bizda diktatorlik rejimi va shunga xos parlament”, deydi AQSHda yashovchi siyosatshunos Bahodir Fayz.

O‘zbekiston siyosiy hayotida muxolifatning o‘rni muhimligi yuzasidan bahslar boshlangan 2019-yil oxirida amaldagi prezident Mirziyoyev bunga munosabat bildirib, “muxolifat mamlakatning ichida paydo bo‘lishi lozim”ligini urg‘ulagan edi.

Biroq o‘shandan beri mavjud besh partiya faoliyatida muxolifatga xos bo‘lgan, mavjud iqtidorni tanqid qilib, muqobil boshqaruv yo‘llarini taklif qilgan qadamlar qo‘yilmadi.

“O‘zbekistonda parlament deputatlarini ijroya hokimiyat tayinlashi hech kimga sir emas. Saylov oldidan deputatlar ro‘yxati tuziladi. Keyin oz vaqt qolganda saylov e’lon qilinadi va o‘sha ro‘yxatdagi deputatlar Oliy Majlisga o‘tadi. Hozir ham shunday. Hozir ham bo‘lajak saylovlarga ro‘yxat tuzilyapti. Shuning uchun jim-jimjitlik. Komanda berilganidan keyin, saylov tomoshasi boshlanadi. Eski hammom eski tos”, - deydi AQSHda yashovchi sobiq o‘zbek mulozimi Smail Ospanov.

Shu tariqa, bu yil oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligi birinchi yakshanbasida parlament saylovi bo‘ladi.

Bu oliy davlat vakillik organi - O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatidagi 33 yillik tarixida ilk bor aralash tizimda saylanadi.

Bunga qadar ayni tizim Qozog‘istonda prezident Qasim-Jomart Toqayev taklifi bilan joriy etildi.

O‘tgan yilning 19-martida parlament saylovlari yangi tizimda o‘tdi - Majlis deputatlarining 70 foizi partiya ro‘yxatlari proporsional tizimi, 30 foizi esa majoritar tizim bo‘yicha saylandi.

Ammo, viloyat va yirik shaharlar deputatlari kengashlaridagi nomzodlarning yarmi proporsional, yarmi majoritar, viloyatlar mas’ullari esa to‘liq majoritar tizim bilan saylandi.

Hozir jamoatchilikni qiziqtirayotgan savollardan biri - bu yangicha saylovdan keyin O‘zbekistonda nima o‘zgaradi, degan savoldir.

“Dunyo jamoatchiligida Mirziyoyev islohotchi prezident degan ishonch bor edi. Lekin, bu ishonch 2018-yildan boshlab so‘na boshladi, reytinglarda O‘zbekiston yana ortga qayta boshladi. Mana bu saylovlardan so‘ng yana obro‘si tushadi”, - deydi Xidirnazar Olloqulov.

O‘zbekiston tarixida tarkibida haqiqiy siyosiy muxolifat faollari bor parlament o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida mamlakat mustaqilligini qabul qilgan parlament bo‘lgan.

U hali Gorbachyov oshkoraligi davri so‘nmagan payt edi.

Hozirda AQSHda yashayotgan jurnalist Jahongir Muhammad o‘sha paytda parlament deputati edi.

“O‘zbekiston yaqin kelajagida parlamentni roli u qadar ko‘rinmaydi. Bo‘ladigan bu parlament saylovidan keyin ham. Shaxsan men shunday tahmin qilaman. Lekin, istagim erkin saylovlar bo‘lishi”, - deydi Jahongir Muhammad.

O‘zbekistonda bu yil bo‘ladigan parlament saylovlari - O‘zbekiston konstitutsiyasi 65 foizga o‘zgargan, qariyb to‘liq yangilanganidan keyingi ilk saylovlar bo‘ladi.

Prezident tashabbusi bilan yangilangan konstitutsiya Shavkat Mirziyoyevga 2037-yilgacha yoki umrbod prezidentlikda qolish imkonini bergan.

Ayni konstitutsiya yangi saylanadigan parlament va Senatning yangi raisiga kengaytirilgan vakolatlarni taqdim qilishi aytilgan.

Mirziyoyev o‘z boshqaruvining ilk davrida siyosiy islohotlar o‘tkazish, jumladan, muxolif partiyalarga yo‘l berish haqida gapirgan, ammo hozirgacha Karimovdan qolgan siyosiy tuzumni o‘zgartirish yo‘lida biron jiddiy qadam qo‘ygani yo‘q.

XS
SM
MD
LG