Joriy hafta yakunida Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelishi kutilmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Yaponiya bosh vazirning O‘zbekistonga tashrifi Kisidaning Markaziy Osiyo bo‘ylab safari doirasida rejalangan. 9-12-avgust kunlariga belgilangan turne davomida Fumio Kisida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonda bo‘lishi aytilgan.
Sherzod Asadov qaydicha, hafta davomida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qozog‘istonda bo‘ladi, Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvida hamda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi sammitda ishtirok etadi.
“Ozodlik” radiosi avvalroq prezident Mirziyoyev 7-8-avgust kunlari Qozog‘istonga davlat tashrifini amalga oshirishi haqida xabar qilgan. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Ostonadagi oltinchi maslahat uchrashuvi esa 9-avgustga belgilangan.