Farg‘ona tumanida narkolaboratoriya fosh etildi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati.
Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1990 va 2001-yillarda tug‘ilgan uch shaxs Farg‘ona tumani Mindonobod MFYdagi ijara uyda sintetik giyohvandlik vositalari tayyorlab kelishgan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, mazkur guruh internet orqali “zakladka” usulida yetkazib berilgan xomashyo asosida narkotik moddalar tayyorlagan va viloyat bo‘yicha belgilangan xufiya joylarga qoldirib, ularning geolokatsiyasini tarmoq orqali yuborib turgan.
Buning evaziga uchala shaxsning har biri haftasiga kriptovalyuta ko‘rinishida 500 dollardan maosh olgan.
Tezkor tadbirda ushbu manzildan 8 kg 185 gr Alfa-PVP, 4 kg 209 gr “Spays”, 427 gr “Mefedron” sintetik narkotik moddalar hamda ularni tayyorlashda kerak bo‘ladigan 12 kg 326 gr maxsus suyuqlik va 13 kg 925 gr tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Tezkor tadbir davomida olingan jami 12 kg 821 gr sintetik narkotik moddalarning qora bozordagi bahosi 9 mlrd 185 mln so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Ozodlik avvalroq Toshkent shahri va viloyatida tashkil etilgan maxfiy laboratoriyalardan umumiy narxi taxminan bir million dollarga teng, jami 14 kilogramm 795 gramm sintetik giyohvandlik vositalari rasmiylashtirib olingani haqida xabar qilgan edi.
Oliy sud e’lon qilgan tahlillarga ko‘ra, mamlakatda so‘nggi besh yil ichida narkotik moddalarni noqonuniy sotishga doir jinoyatlar ikki baravar ortgan.