Линклар

 
"Yengilmas o‘tovlar". Ukrainaliklarga yordam berayotgan qozog‘istonlik oila hikoyasi
Шошилинч хабар
20 март 2025, Тошкент вақти: 01:26

"Yengilmas o‘tovlar". Ukrainaliklarga yordam berayotgan qozog‘istonlik oila hikoyasi


Marat Darmenov Xerson viloyatining Chernobayevka qishlog‘idagi aeroportda.
Marat Darmenov Xerson viloyatining Chernobayevka qishlog‘idagi aeroportda.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida, Kiyevdan 25 kilometr janubi-g‘arbda yashayotgan etnik qozoq oilasi Darmenovlar urush va u keltirgan vayronagarchilikdan Qozog‘istonga qochsa bo‘lardi.

Buning o‘rniga, ular Ukrainada qolishga va yigirma yildan ortiq vaqt o‘z vatanlari deb bilgan mamlakatni imkon qadar himoya qilishga qaror qilishdi.

Biloxorodka qishlog‘ida yashovchi besh kishilik oila kattasi Marat Darmenov darhol shafqatsiz urushdan jabr ko‘rganlarga yordam ko‘rsatishga kirishdi. Ukrainaliklar Rossiyaning tinimsiz havo hujumlari tufayli elektr ta’minoti uzilishi, suv tanqisligi va isitish tizimi ishlamay qolishiga duch kelgan bir paytda, 55 yoshli Darmenov odamlarga Markaziy Osiyodagi vatani ramzi bo‘lgan an’anaviy qozoq o‘tovi ostida boshpana, oziq-ovqat va issiqlik taklif etdi.

Darmenov va boshqa qozoq ko‘ngillilar kigiz yoki hayvon terilari bilan qoplangan bu aylana chodirlarni "Yengilmas o‘tovlar" deb atashdi. Bu nom hukumat qo‘llab-quvvatlaydigan va ko‘chirilgan ukrainaliklarga hamda elektr ta’minotisiz qolganlarga yordam ko‘rsatadigan "Yengilmas nuqtalar" nomiga o‘xshatma edi.

Urushning dastlabki kunlarida yuzlab tinch aholini qiynoqqa solgan va o‘ldirgan rus qo‘shinlari bosib olgan Bucha shahrida 2023-yil boshida o‘rnatilgan birinchi o‘tov tasvirlari xalqaro miqyosda e’tibor qozondi va asosan Qozog‘istondan shaxsiy xayriyalar oqimi boshlandi.

O‘sha birinchi o‘tovni qozog‘istonlik tadbirkor Daulet Nurjanov sovg‘a qilgan edi. U o‘shandan beri Darmenovga yana o‘tovlar yubordi, Darmenov esa ularni Ukraina bo‘ylab shahar va qishloqlarda o‘rnatib chiqdi. Eng so‘nggi o‘tov yanvar oyida g‘arbiy Novovolinsk shahrida tikilgan edi. Darmenov aytishicha, u Novovolinskka 500 kilometrcha yo‘l bosib borgan, o‘tov o‘rnatgan va mahalliy aholi uchun palov pishirgan.

"Palov pishirish uchun qozon va samovarlarimni mikroavtobusga yukladim. Pechka, o‘tin va bir martalik idish-tovoqlarni ham oldim – butun oshxonam bilan yo‘lga chiqdim. Har bir o‘tovning ochilish marosimida mehmonlarni palov bilan siylaymiz," dedi Darmenov va taom va ichimliklarni doimo bepul taklif qilganini qo‘shimcha qildi.

Birinchi o‘tov 2023-yil yanvarida Buchada ochilgandi.
Birinchi o‘tov 2023-yil yanvarida Buchada ochilgandi.

"Qiyomat manzarasi"

Darmenovning ko‘ngillilik faoliyati 2022-yil mart oyi oxirida, Ukraina qo‘shinlari Rossiya armiyasini Kiyev atrofidan surib chiqarib, Moskvaning Ukraina poytaxtini egallash va qisqa vaqt ichida mamlakatni nazoratga olish rejasini barbod qilganidan so‘ng boshlandi.

Urushdan oldin qarindoshlari bilan birga yuritgan muvaffaqiyatli mebel biznesini to‘xtatib, Darmenov okkupatsiyadan ozod qilingan shahar va qishloqlar aholisiga oziq-ovqat yetkazib berishga qaror qilgan qozoq diasporasiga qo‘shildi. Uning to‘ng‘ich o‘g‘li Dastan esa harbiy xizmatga kirdi.

Darmenov 2022-yil aprel oyi boshida bir oydan ortiq davom etgan shiddatli jangdan so‘ng ozod qilingan Kiyev chekkasidagi Gostomel qishlog‘iga borganini eslaydi.

U katta qozoni va pechini qishloq markaziga o‘rnatib palov pishirdi, ko‘ngilli qozoq ayollari esa sut va choy bilan beriladigan an’anaviy qovurilgan non – bo‘g‘irsoq tayyorlashdi.

"U yerda qiyomat manzarasi edi: na tabiiy gaz, na elektr, na suv bor edi. Katta supermarketlar yonib ketgandi, – deya eslaydi Darmenov. – [Ukraina] askarlari bizga: «Shu joyda qoling va harakatlanmang, chunki [Rossiya kuchlari] hamma joyga mina qo‘ygan», deb aytishdi."

"Aholi navbatda turdi, biz oziq-ovqat tarqatdik. Ularga qozoq, lekin Ukraina fuqarosi ekanligimizni aytdik. Odamlar bizni quchoqlashdi. Ulardan biri: «Men Qozog‘istonda yashaganman», boshqasi: «Turmush o‘rtog‘im Qozog‘istondan» derdi, yana birining Qozog‘istonda qarindoshi bor ekan. Bularning barchasini telefonimga yozib oldim," deydi u.

O‘tov videolari ijtimoiy tarmoqlarda ta’sirli xabarlar va samimiy maqtovlar bilan tarqalgach, Darmenov va boshqa qozoq ko‘ngillilar Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardan qo‘llab-quvvatlov xabarlari va yordam takliflarini ola boshlashdi.

Yordam berganlar orasida asli qozog‘istonlik bo‘lgan Germaniya fuqarosi ham bo‘lib, u Darmenovga 10 tonna oziq-ovqat yetkazib berdi.

"Odamlarga palov va bo‘g‘irsoq tayyorlash uchun guruch va yog‘ning bir qismini olib qo‘ydim, qolganini esa shifoxonalar, reabilitatsiya markazlari va sharqiy hududlardan ko‘chirib keltirilganlarga tarqatdim," deya eslaydi Darmenov.

OzodNazar: Ўзбекларнинг Харьковдаги “Наврўз” ресторани уруш бошланганидан буён маҳаллий аҳолини ўз ҳисобидан боқяпти
Илтимос кутинг
  • Auto
  • 240p
  • 360p
  • 480p
  • 720p
  • 1080p

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:50 0:00
  • Auto
  • 240p
  • 360p
  • 480p
  • 720p
  • 1080p

"HIMARS Rossiyani bizning o‘tovlarimizchalik qo‘rqitmagan"

Qozog‘istonning "Yengilmas o‘tovlari" haqidagi video va suratlar internetda tarqalib, hatto Kreml e’tiborini tortdi. G‘azablangan Moskva "Rossiya-Qozog‘iston strategik sherikligi va ittifoqiga zarar yetkazmaslik uchun" Ostonadan rasmiy tushuntirish talab qildi, deb aytdi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova 2023-yil yanvarida.

Bunga javoban Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Aybek Smadiyarov "tushuntirish uchun hech narsa yo‘qligini" aytdi.

"Bu Qozog‘istonning xususiy kompaniyalari tashabbusi. Ular buni tashkil qilishdi, tashishdi va yordam ko‘rsatishmoqda... Biz bu yerda hech qanday muammo ko‘rmayapmiz," dedi o‘shanda Smadiyarov jurnalistlarga.

Darmenovning fikricha, Moskvaning g‘azabli munosabati qozog‘istonlik ko‘ngillilarning mehnati "behuda ketmaganini" ko‘rsatadi.

"HIMARS Rossiyani bizning o‘tovlarimiz kabi qo‘rqitmagan," deydi Darmenov, Kiyevga Rossiya kuchlarini ortga surishda yordam bergan AQSHda ishlab chiqarilgan raketa tizimini nazarda tutib.

Darmenov urush tugashini va Ukrainaga tinchlik qaytishini umid qilmoqda. U askarlarning, jumladan, o‘g‘li Dostonning ham uyga sog‘-omon qaytishini istaydi.

Bosqin boshlanganida Doston 22 yoshda edi. O‘sha paytda Ukraina armiyasiga chaqirilish uchun majburiy yosh 27 edi, ammo u o‘z ixtiyori bilan armiyaga qo‘shilishni tanladi. U Ukraina sharqidagi jang maydonida bir necha bor yaralangan.

XS
SM
MD
LG