Armaniston va Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirliklari 13-mart kuni tinchlik shartnomasi matni ustida ish yakunlanganini e’lon qilishdi. Ozarbayjon TIV rahbari Jeyhun Bayramov bayonotiga muvofiq, Yerevan hujjatning avval muvofiqlashtirilmagan so‘nggi ikki bandi bo‘yicha Boku taklifini qabul qilgan. Bu haqda har ikki mamlakat xabarnomalarida aytilgan.
Vazirga ko‘ra, keyingi qadam Armanistonda konstitutsiyaviy islohot o‘tkazilishi bo‘lishi kerak, chunki mamlakat Qomusining amaldagi tahririda Ozarbayjonga nisbatan hududiy da’volar mavjud. Yerevan vakillari shartnomani imzolash joyi va vaqtiga oid maslahatlashuvlarga tayyor ekanlarini tasdiqlashgan.
Armaniston bilan Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasi shartlari muhokamasi 2020-yilda Boku harbiy amaliyot chog‘ida Qorabog‘ hududining katta qismi ustidan nazoratni qaytarib olganidan so‘ng boshlangan.
2025-yil fevralida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan tomonlar hujjatning 17 bandidan 15 tasini o‘zaro muvofiqlashtirishgani haqida ma’lum qilgan. Qolgan kelishmovchiliklar xalqaro sudlardagi o‘zaro da’volardan bosh tortish hamda chegara bo‘ylab xorijiy qo‘shinlarni joylashtirish masalasiga daxldor edi.
2024-yilning sentyabr oyidayoq Pashinyan tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha mavjud to‘siqlarni bartaraf etish uchun mamlakat Konstitutsiyasini o‘zgartirishga tayyor ekanini qayd etgandi. Fevral oyi oxirida u Yerevan bilan Boku o‘rtasida yangi eskalatsiya tahdidini ko‘rmayotganini bildirgan.
Endilikda tomonlar shartnoma imzolash formati va uni amalga oshirish mexanizmlarini belgilashlari kerak bo‘ladi. Bu jarayon ko‘p yillik Armaniston-Ozarbayjon mojarosini hal qilishda asosiy bosqichga aylanishi kutilmoqda.
Xalqaro huquqqa muvofiq, Qorabog‘ Ozarbayjonning bir qismi bo‘lib hisoblanadi. Hududning katta qismi 30 yildan ko‘proq vaqt ichida o‘zini mustaqil deb e’lon qilib olgan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi nazorati ostida bo‘lgan. Boku bu hududning bir qismi ustidan nazoratni 2020-yil kuzida bo‘lib o‘tgan 44 kunlik urush natijasida qaytarib olgan. 2023-yil sentyabrida Ozarbayjon mintaqada harbiy amaliyot o‘tkazgan, uning natijasida tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi tugatilgan.
Aksariyatini armani millatiga mansub kishilar tashkil qilgan 120 mingga yaqin odam Ozarbayjon rasmiylar tomonidan bo‘ladigan ta’qib cho‘chib, o‘z uylarini tark etishgan. Boku armani aholisini Qorabog‘da qolib, Ozarbayjon fuqaroligini qabul qilishga chaqirgan. Shuningdek, Ozarbayjon Qorabog‘da qolishga qaror qilgan armanilarning barcha huquqlariga rioya qilinishini kafolatlashini ma’lum qilgan.