Yerevanda 12-iyun kuni bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari chog‘ida 101 kishi jarohat olgan, ular orasida namoyishchilar ham, politsiyachilar ham bor. Bu haqda “Armaniston jamoatchilik radiosi” mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Qayd etilishicha, 85 kishiga zarur tibbiy yordam olganidan keyin uyiga ketishga ruxsat berilgan, qolganlar muolaja olishda davom etmoqda – ularga yengil va o‘rta darajada jarohat olganlik tashxisi qo‘yilgan.
Armenia Today telegram-kanalining IIV matbuot kotibidan olingan ma’lumotga tayanib xabar qilishicha, norozilik chiqishlari chog‘ida 18 nafar politsiya xodimi tan jarohati olgan.
Armanistonda norozilik aksiyalari bir necha haftadan buyon tinmayapti. 12-iyun kuni Armaniston parlamenti binosi oldidagi maydonga bir necha ming kishi yig‘ilgan. Namoyishchilar amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan va uning hukumati iste’fosini talab qilishgan. Ularning ko‘pchiligini “Tavush vatan uchun” harakati tarafdorlari tashkil qilgan. Ular harakat lideri arxiyepiskop Bagrat Galstanyanni yangi bosh vazir lavozimiga nomzod o‘laroq taklif qilishmoqda.
Chorshanba oqshomida hukumat majlisi ketayotgan paytda mitingchilar parlament eshigiga yetib olish uchun bino atrofidagi to‘siqlarni olib tashlay boshlaganlar. Bunga javoban politsiya namoyishni tarqatishni boshlagan, politsiyachilar mitingchilarga qarshi shovqin chiqaruvchi granatalarni qo‘llaganlar. Hodisa chog‘ida o‘nlab odam qo‘lga olingan.
Armanistondagi mitinglarning boshlanishiga rasmiy Yerevan tomonidan Ozarbayjonga chegaraoldi hududida joylashgan bir necha qishloqni topshirishga va’da berilgani sabab bo‘lgan.