Armaniston poytaxti Yerevan va boshqa aholi punktlarida 27-may kuni amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan siyosatiga qarshi “bo‘ysunmaslik aksiyasi” bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Ozodlikning arman xizmati xabar qildi.
TASS agentligining Armaniston IIVdan olingan ma’lumotga tayangan holda yozishicha, politsiya Yerevanda 220 dan ziyod norozini qo‘lga olgan.
Mitingchilar norozilik shiorlarini hayqirib, ko‘chalarni avtomobillar va chiqindi baklari bilan to‘sib qo‘yishmoqda. Xususan, norozilar Eronga ketadigan trassani hamda Yerevandan Armavirga eltuvchi avtoyo‘lni yuk mashinalari bilan to‘sib qo‘yishgan. Aksiyani “Xalq jabhasi” norozilik harakati muvofiqlashtirmoqda.
Yerevan vaqti bilan soat 10:30 gacha kamida 197 nafar faol tutib ketilgani haqida ma’lumotlar bor. Qo‘lga olinganlar orasida Armaniston parlamentidagi muxolifatchi deputatlar Ashot Simonyan va Artur Sargsyan hamda KXSHT sobiq bosh kotibi, Armaniston Qurolli kuchlari bosh shtabi sobiq boshlig‘i Yuriy Xachaturovning o‘g‘li Igor Xachaturov ham bor.
Norozilik aksiyalariga chiqqan odamlar Armaniston tomonidan Ozarbayjonga bir necha chegaraoldi qishlog‘i berilishiga qarshi chiqishmoqda. Muxolifat bosh vazir Nikol Pashinyanga qarshi impichment jarayonini boshlashga urinyapti. Hukmron partiya vakillari esa cherkov namoyandalari ishtirokida davlat to‘ntarishiga hozirlik ko‘rilayotganini iddao qilmoqda.
Norozilik chiqishlari uyushtiruvchisi arxiyepiskop Bagrat Galstanyan mitingchilar nomidan Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilyapti.
Norozilik aksiyalari chegaraoldi qishloqlarida ham boshlangan. Deylik, ana shunday aksiya chiqqan Tavush viloyati turg‘unlari Armaniston Ozarbayjonga bu hududdagi to‘rt qishloqni o‘tkazib berganidan keyin o‘z uylaridan ayrilib qolishdan cho‘chishmoqda. Norozilar Yerevan tomon yurish boshlashgan, keyinroq ularga Ozarbayjonga yer berilishiga qarshi bo‘lgan minglab odam qo‘shilgan.
Norozilik chiqishlari manzarasida Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlari tinchlik shartnomasining asosiy masalalari bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun Qozog‘istonda uchrashishgan.