Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:40

Yerto‘lada jon saqlayotgan o‘zbeklar. Afg‘on qochqinlariga yordamga chog‘langan faollar chorasizlik haqida gapirmoqda


Kobuldagi bolalar, 17 - sentabr, 2021
Kobuldagi bolalar, 17 - sentabr, 2021

Kobul Tolibon qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda hayoti tahlikada qolgan ziyolilar, jurnalist va xotin-qizlar juda og‘ir sharoitlarda jon saqlamoqda.

Xususan, mamlakat shimolidagi o‘zbek va boshqa etnik guruhlarga mansub kishilarga yordam kampaniyasiga qo‘shilgan o‘zbekistonlik faollar ularning taqdiridan qattiq xavotirda.

Siyosiy tahlilchi Anvar Nazir va Britaniyadagi o‘zbekistonlik jurnalist Shohida Yoqub o‘nlab oila, 2-3 nafardan yosh go‘daklari bilan, Mozorif Sharif va boshqa yirik shaharlarda yerto‘lalarda o‘lim xavfidan yashirinib yurganini aytmoqda.

Faollarga ko‘ra, Tolibon izidan tushgan bu oilalarga yordam so‘rab, rasmiy Toshkentga qilgan murojaatlari javobsiz qolmoqda. G‘arb hukumatlari va xalqaro tashkilotlar bilan yozishmalar esa 1 oyga qadar vaqt talab qilmoqda.


Ro‘yxatdagilar

Kobul Tolibon nazoratiga o‘tganidan so‘ng, toliblardan kelishi mumkin bo‘lgan o‘lim tahdidan qochgan minglab ziyoli, jurnalist, olim va faol xotin-qizlarga yordam qo‘lini cho‘zgan o‘zbekistonlik faollar qo‘llov so‘rab xalqaro jamoatchilikka yuzlanmoqda.

Toshkentda turib bir necha afg‘onistonlik oilaning O‘zbekiston va boshqa xorij davlatlariga chiqishida yordam bergan siyosiy tahlilchi Anvar Nazirning aytishicha, shu kunda yuzdan ortiq oila Mozori Sharifda toliblardan yashrinib jon saqlayotganidan shaxsan xabardor.

Nazirga ko‘ra, unga yordam so‘rab murojaat qilgan afg‘onistonlik oilalarning aksarida ikki yoki uch nafardan yosh bola bor.

“Asosan, Afg‘onistonning shimolida turib ishlagan ziyolilarning oilasi. Deyarli hammasida kamida 3 bo‘lmasa, 4 nafardan yosh bolasi bor, go‘daklari bor. Har ikki kunda bir manzilini almashtirib, toliblardan berkinib yurgan oilalar. Puli tugayapti, iqtisodiy ahvoli juda og‘ir. Shularga yordam berish uchun turli xalqaro tashkilotlarga murojaat qilganmiz, lekin hujjat ishlari ko‘p vaqt talab qilyapti. Buni tezlashtirish kerak”, deydi Nazir.

Uning aytishicha, Kobulni qisqa fursatda qo‘lga kiritgan Tolibonga mamlakat ziyolilarida ishonch yo‘q. Garchi toliblar avvalgi hukumat bilan yoki xorij davlatlari bilan ishlaganlarga hech bir zarar yetmasligini va’da qilgan bo‘lsada, ayrim hududlarda bunday kishilarni qidirish boshlangani kuzatilmoqda:

“Masalan, avval televideniye jurnalisti bo‘lgan bir o‘zbekni uyidan olib ketishgani haqida xabar keldi. Hozir oilasi xavotirda. Yana bir navoiyshunos olimning 11 yashar qizini toliblar olib ketib qolgan, degan xabar bor. Afsuski, bunday odamlarning keyingi taqdiri noma’lum qolyapti. Bunday oilalarni eng tez olib chiqish mumkin bo‘lgan hudud esa O‘zbekiston yoki Tojikiston. O‘zbekiston tomoni umuman, yordam bermayapti. Hozir O‘zbekistonga kelganlarning hammasi avvaldan vizasi bo‘lganlar. O‘zbekistonning Mozori Sharifdagi konsulligi viza berishni tamoman to‘xtatib qo‘ygan. Hozir Tojikiston tomoni bilan ishlayapmiz”.

Anvar Nazirning aytishicha, afg‘onistonlik ziyolilarni qutqarish aksiyasi - faqat o‘zi va uning o‘zi kabi yana bir necha faolning tashabbusidir.

ЭКСКЛЮЗИВ: Толибон билан гаплашаётган Мирзиёев Афғонистон ўзбеклари дардини ҳам эшитадими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:37 0:00

Xaotik evakuatsiya

Bu tashabbusga qo‘shilganlardan yana biri Londonda yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Shohida Yoqubdir. Uning aytishicha, hozir qo‘lida 40 dan ortiq afg‘onistonlik jurnalistning ro‘yxati bor. Bu ro‘yxatni mamlakatda qolayotgan va Tolibondan qochayotgan jurnalistlar ko‘magida tuzgan.

Ro‘yxatdagilarning asosiy qismi Afg‘oniston shimolida va qariyb hammasining oilasi hamda yosh bolalari bor.

“Ayrim oilalar yerto‘lalarda yashayapti. Ularning uylariga toliblar allaqachon borgan, qidirib yuribdi. Kattasi 10 yosh, kichik 8 oylik, jami 4 ta bolasi bilan yerto‘lada yashirinib yashayotgan o‘zbek oila bor, masalan. Nima qilib bo‘lsa ham, ularni tezroq mamlakatdan tinch hududga olib chiqish kerak. Afsuski, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yoki boshqa organlari bu masalada hech qanday yordam bermayapti”, deydi Shohida Yoqub.

Uning aytishicha, shaxsan o‘zi dunyoning turli davlatlaridagi 4 nafar ko‘ngilli faol bilan ishlamoqda, Anvar Nazir ham shulardan biri.

“Menga birinchi bo‘lib, Afg‘onistondagi jurnalistlar chiqishdi. Men ular orqali, hayoti tahlikada bo‘lgan boshqa jurnalistlar bilan bog‘landim. Ammo afsuski, hozir bu oilalarni chiqarishning qariyb imkoni bo‘lmay qoldi”, deydi Shohida Yoqub.


Xavfsizlik masalasi

Shohida Yoqub va Anvar Naziring aytishicha, ularning ro‘yxatlaridagi afg‘onistonlik oilalarning hayoti juda jiddiy tahlika ostida.

“Ularning himoyasi yoki xavfsizligini ta’minlashning imkoni yo‘q. Biz ijtimoiy tarmoqlardagi messenjerlar orqali aloqadamiz. Ular imkoni bo‘lganda bizga bog‘lanadi, shunday qilib, ma’lumot olamiz. Lekin, ahvol juda og‘ir, juda, juda og‘ir. Mozori Sharif va Kobul shahri birin-ketin Toliblarga o‘tib ketganidan keyin, evakuatsiya jarayoni juda xaotik bo‘lib ketdi. Shuning hamma qo‘lidan kelganicha yordam berishga urina boshladi. Kordinatsiya yo‘q, tartib yo‘q. Chunki, hozir asosiy maqsadimiz, ularni tirik saqlab qolishdir. Ular o‘lim bilan yuzma-yuz, bir dona oilani olib chiqsak ham, katta natija bo‘lib turibdi”, deydi Shohida Yoqub.

Anvar Nazirga ko‘ra, Kobuldan tashqaridagi hududlarda toliblar hanuz o‘zlari bilan o‘zlari ovora, hanuz mamlakatda boshqaruv tizimini qo‘liga ololgani yo‘q:

“Chunki, toliblarning asosiy qismi savodsiz, zamonaviy ijtimoiy tarmoqlar va mediani tushunmaydi. Davlat boshqaruvini bilmaydi. Shu ham afg‘onistonlik ziyolilarning jon saqlashiga sabab bo‘lyapti. Bu fursatdan foydalanib, ularni tezroq qutqarish kerak”.


“Do‘stlik” ko‘prigi yopiq


Faollarga ko‘ra, ular avvval boshda O‘zbekiston tomoni Termiz-Hayraton yo‘li orqali qisqa muddatga yo‘lni ochib berishiga umid qilishgan.

Boisi dastlab bu yo‘l orqali O‘zbekistonga vizasi bo‘lgan afg‘onistonliklar o‘tkazilayotgani aytilgandi.

Viza bilan Termizga kirib borgan afg‘onistonlik jurnalistlardan birining aytishicha, hozir chegaradan hech kim o‘tkazilmayotir:

“O‘zbekistonning Mozori Sharifdagi konsulligi faqat biznes viza berayotgan ekan. Buning uchun 2 ming AQSh dollari miqdorida pul ko‘rsatish kerak, deb aytishdi. Ya’ni qochqin emas, tadbirkor ekani va O‘zbekistonda biznesi borligiga isbot tariqasida, deb aytishdi. Buni ham cheklangan sonda beryapti, deb eshitdik Mozori sharifdagi yaqinlarimizdan. Ammo, aniq rasmiy axborot hech kimda yo‘q. Anig‘i shuki, chegara yopiq”.

O‘zbekistonning Mozori Sharifdagi konsulligi yoki Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasidan hozircha biror rasmiy ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo Ozodlikning Surxondaryo viloyati hokimlik organlariga yaqin manbasi, chegara tamomila yopilgani va ikki tarafdan ham odamlar o‘tkazilmayotganini tasdiqladi.

Uning aytishicha, biznes yuklari qatnovi ham tez orada to‘xtatiladi.

“O‘zbekistondagi aktivistlar, Mozori Sharifga yig‘ilgan ziyolilarni olib chiqishga ruxsat berishini so‘rab, Tashqi ishlar vazirligiga chiqishgan. Lekin, Afg‘oniston masalalari bo‘yicha zamministr buni darhol to‘xtatgan. Hech qanaqa koridor ochib berilmaydigan bo‘ldi. Yaqinda yuklar qatnovi ham to‘xtaydi. Chegara to‘liq yopiladi”, deb iddao qildi manba.

Hozircha bu manbaning gapini tasdiqlaydigan biror rasmiy yoki mustaqil manbalardan olingan qo‘shimcha ma’lumot Ozodlikda yo‘q.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi iyun oyida - mamlakat shimolida Tolibon ishg‘oli kuchaygan va chegaradan Afg‘oniston armiyasi harbiylari birinchi marta qochib kirgan paytdayoq chegarani yopgan. Ammo, rasmiy bayonotda chegarani yopish sababi koronavirus infeksiyasi yoyilishi oldini olish sababi bilan izohlangandi.

O‘shandan buyon, ikki davlat o‘rtasidagi chegara ochilganiga oid rasmiy bayonot berilgani yo‘q. Mozori Sharifdagi o‘zbeklarning aytishicha, bu shaharda O‘zbekiston konsulligi yopiq qolmoqda.​



O‘zbekistondagi afg‘onlar qo‘rquvda


So‘nggi 1 yarim - 2 oy ichida O‘zbekistonga o‘tgan afg‘onistonliklarning aksari chuqur xavotir ichida qolayotganini aytmoqda.

Boisi, ularning hammasi chegaradan O‘zbekiston vizasi bilan kiritilgan, aksarining viza muddatlari yakuniga etgan, ba’zilarida tez orada tugaydi.

Toshkentda yurgan afg‘onistonliklarning aytishicha, hozircha ichki ishlar bo‘linmalari xodimlari ularga mamlakatda bemalol yashab turishi mumkinligi, ular Afg‘onistonga deportatsiya qilinmasligini aytmoqda.

“Ammo toliblarni va’dasiga ishonib, qaytarib yuborishi mumkin, degan vahima bor. 150 kishini qaytarib ham yuborishgandi. Bundan tashqari, bu yerda hozir yashash, kun ko‘rish degan masala ham bor”, deydi afg‘onistonlik qochqin o‘zbek oilalardan biri.


Nima qilmoq kerak?


Har ikki faol o‘lim bilan yuzma-yuz turgan afg‘onistonliklarni qutqarishning eng tez va oson yo‘li - Termiz-Hayraton yo‘lini qisqa muddatga ochish va bu yerdan o‘tadigan afg‘onistonliklar uchun eng kamida bir oy mamlakat hududida bo‘lish imkonini berishdir.

“Shunda ular birinchidan, xavfsiz hududda bo‘ladi. Ikkinchidan, turli xorij davlatlari ularning hujjatlarini tekshirishib, javob berishi uchun kamida 1 oy vaqt ketyapti. Shu vaqt davomida ular O‘zbekistonda bo‘lib tursa, keyin uchinchi davlatga chiqib ketadi. Menda hozir ikki jurnalistni Germaniya qabul qiladigan bo‘ldi, yana bir nechasiga oid hujjatlarni Yevropa davlatlari ko‘rib chiqyapti”, deydi Shohida Yoqub.

Anvar Nazir nazarida, ikkinchi qutqaruv yo‘li - Islomobod va Dubayga ochilgan havo yo‘lidir:

“Kobul va Mozori Sharifdagi aeroportlardan bu shaharlar va Doxaga ham uchoqlar uchyapti. Hech bo‘lmasa, shu yo‘llar orqali koridor ochib, olib chiqish mumkin. Va albatta, Tojikiston hududiga olib o‘tish mumkin”.​



Afg‘onistonlik o‘zbeklar

Ma’lumotlarga ko‘ra, Afg‘onistondagi o‘zbeklar, to‘rtinchi yirik etnik guruhdir. Ularning soni, turli manbalarda jami aholining 6 foizidan 10 foizigacha, deb keltirilgan.

So‘nggi 40 yildan buyon urush harakatlari ichida qolgan mamlakatda aholi soni rasman hisobdan o‘tkazilmagan.

Turli manbalarda 32 milliondan 37 milliongacha, jumladan AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi hisobotida 37 million 466 ming, deyiladi.

O‘zbeklarning asosiy qismi, Afg‘oniston shimolidagi Faryob, Juzjon, Balx va Qunduz viloyatlarida yashaydi.

Ayni paytda o‘zbekistonlik faollar fakat o‘zbek emas, balki Tolibondan qochayotgan barcha ziyolilarga birdek yordam berishga urinayotganini aytmoqda.

Афғонистонда очарчилик. Мирзиёев–Бародар келишуви бу хавфга тайёрми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:13 0:00
XS
SM
MD
LG