Линклар

 
Yevropa Ittifoqi o‘zbek shirkatiga nisbatan sanksiya joriy qildi
Шошилинч хабар
06 апрел 2025, Тошкент вақти: 09:07

Yevropa Ittifoqi o‘zbek shirkatiga nisbatan sanksiya joriy qildi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi urush boshlanganining uch yilligi munosabati bilan Rossiyaga qarshi o‘n oltinchi sanksiyalar paketini qabul qildi.

Bryussel bu gal Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligiga putur yetkazuvchi xatti-harakatlarga aloqadorlik sabab 48 nafar jismoniy va 35 nafar yuridik shaxsga nisbatan cheklov choralari qo‘llagan.

Mana, uch yilki, Rossiya o‘ziga tegishli bo‘lmagan yerni tortib olish maqsadida Ukrainani ayovsiz bombalamoqda... Kim bosqinchi ekani, urush uchun kim javob berishi va tovon to‘lashi kerakligi borasida shak-shubha yo‘q. Sanksiyalarning har bir paketi Kremlni urush olib borish uchun mablag‘dan mahrum etadi”, degan Yevropa Ittifoqi diplomatik mahkamasi rahbari Kaya Kallas.

YIning sanksiyalar ro‘yxatiga O‘zbekistonning Uzstanex kompaniyasi ham kiritilgan.

Kun.uz nashrining yozishicha, StanexGroup holdingi tarkibiga kiruvchi mazkur shirkat O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonda mexanik dastgohlarning ulgurji savdo bilan shug‘ullanadi. Ustav fondi 65 million so‘m. Yagona ta’sischisi – Abramov Vasiliy Vitalyevich, direktori – Boysov Dmitriy Aleksandrovich. Shirkat ofisi Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan.

2024-yil oktyabr oyida AQSH moliya vazirligi ham “Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtiroki uchun” Uzstanex kompaniyasiga nisbatan sanksiya kiritgan.

2023-yil 23-iyunida O‘zbekistondagi Alfa Beta Creative va GFK Logistic Asia shirkatlari ham AQSH, YI va Yaponiya sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan edi.

2023-yil 18-dekabrda esa Toshkentdagi Mvizion MCHJ YI tomonidan “qora ro‘yxat”ga tirkalgandi.

Ozodlik avval xabar qilganidek, YIning sanksiyalar bo‘yicha maxsus vakili Devid O'Sallivan O‘zbekiston hukumatini sanksiyalarni chetlab o‘tishda Rossiyaga yordam berishning oqibatlaridan ogohlantirgan.

G‘arb matbuoti ham sanksiya ostidagi tovarlar Xitoydan Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali Rossiyaga kelayotganiga e’tibor qaratgandi.

XS
SM
MD
LG