Yevropa mamlakatlarida 23-fevral kuni Ukrainadagi urushning 3 yilligi munosabati bilan namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Tadbirlar ishtirokchilari Kiyevga Rossiya tajovuziga qarshi turishda dastak bildirishdi.
Yakshanba kuni Bryusselda tinch namoyish bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi Ozodlik muxbiri Olena Abramovich. Unga ko‘ra, bir necha ming namoyishchi Ukraina madhiyasini ijro etishib, “Rossiya tovon to‘lashi lozim”, “Ukrainaga shon-sharaflar”, “Yevropa uchun tinchlik, Ukrainaga g‘alaba” deb qichqirishgan. Namoyish chog‘ida havo trevogasi yangradi – bu tovushni Ukrainada yashovchi kishilar uch yildan buyon deyarli har kuni eshitib kelishadi.
Ukrainani qo‘llab-quvvatlash yurishi 23-fevral kuni Pragada ham o‘tkazilgan. Minglab odam shahar markazidagi Staromestska maydoniga kelishgan. Yig‘ilganlar oldida Chexiya prezidenti Petr Pavel ham chiqish qilib, Ukraina hududiga bostirib kirgan Rossiya tajovuzkor mamlakatga aylanib, xalqaro huquq me’yorlarini buzganini aytgan.
So‘nggi bir necha kun ichida Kiyevga dastak tadbirlari dunyo bo‘ylab bir necha yuz shaharda o‘tkazilgan.
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini 2022-yil 24-fevralidan buyon davom etib kelmoqda.