Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi bilan Markaziy Osiyoning ilk sammitida ishtirok etish uchun 3–4-aprel kunlari O‘zbekistonda bo‘lishadi. Bu haqda YIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mezbonlik qiladigan mazkur sammitda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari qatnashishi kutilmoqda. Avvaldan 2024-yilda o‘tkazilishi rejalangan bu anjuman YIdagi saylovlar tufayli 2025-yilga ko‘chirilgan edi.
Xabarnomada sammit Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo bilan ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish borasidagi geosiyosiy manfaatlarini namoyish etish uchun muhim imkoniyat ekani urg‘ulangan.
“Geosiyosiy vaziyat o‘zgarib borayotgan hozirgi sharoitda, xususan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi noqonuniy urushi va Afg‘onistondagi voqealar sodir bo‘layotgan bir paytda, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi munosabatlar yildan yilga strategik jihatdan yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda”, deyilgan xabarnomada.
Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta ayni paytda dunyoda “tartibsizlik va bo‘linish kuchaygan”iga e’tibor qaratgan.
“Yevropa Ittifoqi uchun yagona to‘g‘ri yo‘l – mustahkam hamkorliklar o‘rnatish orqali tinchlik va farovonlikni ta’minlashdir. Ko‘p qutbli dunyo sharoitida yanada faol va yo‘naltirilgan hamkorlik zarur. Birinchi Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti xalqaro huquqqa to‘liq hurmat qilgan holda, tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish yo‘lida hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan qat’iy niyatimizni tasdiqlaydi”, degan Koshta.
Keyingi yillarda YI va MO yuqori lavozimli rahbarlari o‘rtasida o‘zaro aloqalar faollashganiga guvoh bo‘lish mumkin. 2022-yilning oktyabr oyida Qozog‘istonda va 2023-yilning iyun oyida esa Qirg‘izistonda yetakchilar uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Bundan tashqari, bir qator vazirlik darajasidagi muhokamalar ham o‘tkazilgan. Bunday uchrashuvlarning so‘nggisi 2023-yili Lyuksemburgda o‘tkazilgan bo‘lib, unda YI va MO o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yo‘l xaritasi qabul qilingan.
Prezidentlar sammiti oldidan joriy yilning 4-martida Ashxobodda YI va MOning 20-vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tishi, unda O‘zbekistondagi sammitga tayyorgarlik masalasi muhokama qilinishi kutilyapti.
Ozodlik avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kuni Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta bilan telefon orqali muloqotda bo‘lgani haqida xabar qilgan. Muloqot chog‘ida, jumladan aprel oyida Samarqand shahrida o‘tkazilishi kutilayotgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma rejalar ham muhokama qilingan edi.