Линклар

 
YI va Ukraina tinchlik muzokaralarida ishtirok etishlari lozimligini bildirishdi
Шошилинч хабар
09 апрел 2025, Тошкент вақти: 20:42

YI va Ukraina tinchlik muzokaralarida ishtirok etishlari lozimligini bildirishdi


Ukraina, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Polsha, Germaniya tashqi ishlar vazirlari hamda Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha mutasaddisi ( “Veymar+” guruhi) Parijdagi uchrashuv yakunlariga ko‘ra Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi to‘xtatilishiga oid muhtamal bo‘lajak muzokaralarda ham Ukraina, ham YI vakillari ishtirok etishi lozimligini yoqlab chiqishdi.

Vazirlar “Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari manfaatlarini kafolatlashi” lozim bo‘lgan “adolatli, keng qamrovli va barqaror tinchlik”ka erishilishi tarafdori ekanlarini bildirishgan. Hujjatda, shuningdek, Ukrainani dastaklashni davom ettirish hamda unga xavfsizlik kafolati berilishiga tayyorlik bildirilgan. Bayonotda tinchlikka erishish yo‘llarini amerikalik ittifoqchilar bilan muhokama qilishga hozirlik ham qayd etilgan.

Bayonot AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan, keyin esa Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qilgani ma’lum bo‘lganidan bir necha soat o‘tib yoyinlangan. Trampning bildirishicha, Putin bilan so‘zlashuv chog‘ida tomonlar “tegishli komandalarimiz [Rossiyaning Ukraina bilan harbiy mojarosini hal qilish bo‘yicha] zudlik bilan muzokaralar boshlashlari haqida” kelishib olgan. AQSH prezidenti iddaosicha, u Ukraina bo‘yicha muzokara jarayoniga yetakchilik qilishni Davlat kotibi Marko Rubio, Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Maykl Uolts va maxsus elchi Stiv Uitkoffga topshirgan.

Trampning bayonotida YI mamlakatlari muzokara ishtirokchisi o‘laroq zikr etilgan emas. Muzokara komandasi ishtirokchilari orasida AQSHning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg ismi ham eslatilmagan. Biroq, AQSH Davlat departamenti saytining ma’lum qilishicha, 13-fevral kuni Kellogg Yevropa safariga otlangan. Kelloggning o‘zi safardan maqsad “prezident Trampning Ukrainada kuch orqali tinchlikni ta’minlash hamda AQSHning milliy xavfsizlik manfaatlarini himoya qilish maqsadini olg‘a surish” bo‘lib hisoblanishini aytgan.

Kellogg, xususan, Myunxenda o‘tayotgan xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada ishtirok etishi hamda Bryusseldagi NATO va YI qarorgohlariga tashrif buyurishi kutilmoqda. Ma’lum qilinishicha, u “Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish va Yevropada barqarorlikni tiklash uchun Qo‘shma Shtatlar bilan ishlashga tayyor bo‘lgan” Yevropadagi ittifoqchilar va hamkorlar bilan uchrashishni rejalamoqda.

14-fevral kuni ochiladigan Myunxen konferensiyasida AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens va Davlat kotibi Marko Rubio ham ishtirok etishadi. Ular ham ayni paytda Yevropada yurishibdi.

13-fevral kuni Bryusselda NATOga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari majlis o‘tkazishgan. NATO bosh kotibi Mark Ryutte avvalroq Tramp va Putin suhbati tinchlik muzokaralari boshlanganidan dalolat berishi mumkinligini bildirgan. U ham Ukraina muzokaralarning to‘lahuquqli ishtirokchisi bo‘lishi lozimligini aytgan. Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ham shu kabi taklif bilan chiqib, “Yevropada tinchlik xavf ostida bo‘lgani uchun” muzokaralarda Yevropa ham ishtirok etishi lozimligini qayd etgan.

Tramp kuni kecha jurnalistlar bilan suhbatda Putin bilan o‘tkazilgan suhbati haqida gapira turib, Ukraina o‘zining xalqaro maydonda tan olingan hududining hammasini o‘z nazorati ostiga ola bilishining ehtimoli kam ekanini bildirgan. Ayni paytda u hozirda Rossiya ishg‘oli ostida bo‘lgan hududlarning bir qismi muzokaralar natijasida Ukraina nazorati ostiga qaytishi mumkinligini aytgan. Avvalroq AQSH mudofaa vaziri Pit Xegset ham Ukrainaning 2014-yilgacha bo‘lgan chegaralarini qaytarib olish xuddi Ukrainaning NATOga kirishi kabi realistik maqsad bo‘lib hisoblanmasligini bildirgan edi.

Tramp tinchlik muzokaralarida YI mamlakatlari ishtirok etishi mumkinligi haqida biror gap aytgan emas.

XS
SM
MD
LG