Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 01:15

19 yil jazo o‘tagan Rustam Usmonov Oliy sudga bir necha bor shikoyat qilganini bildirdi


Rustam Usmonov
Rustam Usmonov

“Shu paytgacha Oliy sudga qilgan murojaatlarim hisobga olinmabdimi? O‘nlab shikoyatlar yozganman. O‘sha shikoyatlarimda hamma gap yozilgan. Oliy sud shikoyatlarimni Andijon viloyatiga jo‘natyapti. Lekin masala yechilmayapti”, dedi Rustam Usmonov Ozodlikka 19 - dekabr kuni.

Ozodlik taniqli tadbirkor, 90- yillar boshida O‘zbekistonda ta’sis etilgan ilk xususiy bank egasi, keyinroq ozodlikdan mahrum etilib, qariyb 20 yil jazo muddatini o‘tab chiqqan Rustam Usmonov bilan uning ishi bo‘yicha Oliy sud e’lon qilgan bayonot munosabati bilan bog‘landi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati 18 - dekabrda o‘zining Telegram kanalida e’lon qilgan bayonotda bunday deyilgan:

“R. Usmanov Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat kilgan taqdirda unga oid ish o‘rganilib, u tomonidan keltirilgan vajlar atroflicha muhokama qilinadi hamda yakuni bo‘yicha tegishli qaror chiqariladi”.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining Rustam Usmonovga javobi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining Rustam Usmonovga javobi

Oliy sudning bu bayonoti Rustam Usmonovning Telegram kanalida e’lon qilgan videomurojaatiga javobdir.

Oliy sud bayonotida Rustam Usmonov Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining 1998 - yil 19 - oktabrdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi, 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 1-qismi “a” bandi bilan Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) asosan 3 yil mansabdorlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, mol-mulki musodara qilingan holda 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangani aytilgan.

Bayonotda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 1999 - yil 8 - fevraldagi ajrimi bilan hukm o‘zgartirilib, R. Usmonovning harakatlari Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandidan Jinoyat kodeksining (eski tahrirdagi) 149-moddasi 2-qismiga, 209-moddasi 1-qismidan Jinoyat kodeksining (eski tahrirdagi) 155-moddasi 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilinib, Jinoyat kodeksining (eski tahrirdagi) 28-moddasi qo‘llanilib, Jinoyat kodeksining 59-moddasiga asosan 3 yil mansabdorlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, mol-mulki musodara qilingan holda, 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan va hukmning qolgan qismi o‘zgarishsiz qoldirilgani eslatilgan.

Bayonotda aytilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tuman sudining 2012 - yil 1 - fevraldagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 221-moddasi (jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik) 2-qismi bilan Jinoyat kodeksining 60-moddasi (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) ga asosan 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.

Rustam Usmonov 2017 - yil 7 - fevral kuni jazo muddati tugashi bilan jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan.

Oliy sud o‘z bayonotida Jinoyat-protsessual kodeksining 510-moddasi (hukm va ajrim (qaror) ustidan nazorat tartibida shikoyat berish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar) da, apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari ustidan ushbu Kodeksning 498-moddasi (hukm va ajrim ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar) da ko‘rsatilgan shaxslar nazorat tartibida shikoyat berishlari mumkinligi belgilanganini bildirgan.

Oliy sud matbuot xizmatning bildirishicha, fuqaro R. Usmanov o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud qarorlariga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 498, 510-moddalarida belgilangan tartibga rioya etgan holda, Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat bilan murojaat qilmagan.

Rustam Usmonov o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud hukmlarini bekor qilish hamda reabilitatsiya qilish talabi bilan bundan 10 kun oldin ochlik e’lon qilishini bildirgan edi.

Rustam Usmonov 19 - dekabrda Ozodlikka bunday dedi:

"Oliy sud mening aybdor ekanligimni isbotlab berishi kerak. Mening ustimdan chiqarilgan hukm JPKning 487-6 va 487-10- moddalariga zid".

Usmonovning aytishicha, uning ustidan hukm chiqarilgan sudda u oxirgi so‘z aytish huquqidan mahrum qilingan va bu ishni sudya ongli ravishda qilgan, shuningdek, sudya sud bayonnomasini imzolamagan.

Rustam Usmonovning 19 - dekabrda Ozodlikka bildirishicha, u 8 - dekabrda boshlagan ochlik aksiyasini hanuz to‘xtatgani yo‘q. “Suv ichyapman, xolos”, dedi tadbirkor.

XS
SM
MD
LG