Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:40

Yil raqami: 5600 so‘m va chegarasiz kambag‘allik


Iqtisodchilarga ko‘ra, pandemiya davrida aholi faqat o‘z jamg‘armasiga ishonish kerakligini tushunib yetdi - AQSh dollariga talab oshdi
Iqtisodchilarga ko‘ra, pandemiya davrida aholi faqat o‘z jamg‘armasiga ishonish kerakligini tushunib yetdi - AQSh dollariga talab oshdi

Jahon Bankiga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi, O‘zbekiston uchun, Sovet Ittifoqi parchalanishining iqtisodiy oqibatlaridan keyingi eng jiddiy inqirozga sabab bo‘ldi.

2020 - yilning birinchi yarmida iqtisodiy o‘sish 2019 - yilgi 5,8 foizdan qariyb 0 ga tushdi, ishsizlik darajasi 9,4 foizdan 15 foizga oshdi. Hukumat pandemiya davrida aholining kambag‘al qatlamlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy yordam ko‘rsatish chaqiriqlarini rad etdi. Buning o‘rniga, “Sahovat va ko‘mak” singari markazlashgan fondlar yoki “Temir daftarlar”ni joriy qildi. Bu esa, yana o‘n minglab oilalarni, iqtisodchilar tilida “kambag‘allik qopqoni” deb ataladigan mushkul ahvolga tushirdi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik iqtisodchilarning fikricha, koronavirus pandemiyasining birinchi to‘lqini davrida qabul qilingan “Inqirozga qarshi kurashish” jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi qaror 2020 - yilda O‘zbekiston hukumati olgan eng muhim iqtisodiy qaror bo‘lgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar ushbu jamg‘armaga 13,4 trln sum yoki 1,28 mlrd dollar mablag‘ yo‘naltirilgan. Asosan, tashqi qarzdorlik summalaridan tashkil topgan ushbu jamg‘arma mablag‘lari byudjet defitsitini qoplash, ijtimoiy soha, shuningdek, O‘zbekiston Havo Yo‘llari, O‘zbekiston Temir Yo‘llari, O‘zbekenergo singari yirik davlat ulushi mavjud korxonalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan.

Ammo toshkentlik iqtisodchi Ahmad Ibrohimning aytishicha, jamg‘arma pullarini maqsadli yo‘naltirish tizimi takomillashmagani, davlat xarajatlari borasida oshkoralik, ochiqlik va shaffoflik mexanizmlarining ta’minlanmagani korrupsion jarayonlarning kuchayishiga olib keldi.

Natijada byudjet pullarini talon-toroj qilish, ijtimoiy yordamga muhtoj qatlamga yordam ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlarda jamiyatda rezonans keltirib chiqargan bir necha yirik holatlar yuzaga keldi. Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davridagi korrupsion mojarolar davlatning aholi orasidagi nufuziga jiddiy putur yetkazdi va unga bo‘lgan ishonchni sezilarli darajada pasaytirdi.

Jahon Banki 2019 - yilda O‘zbekistonni dunyoning eng qashshoq 10 davlati orasida 10 - o‘ringa qo‘ygan
Jahon Banki 2019 - yilda O‘zbekistonni dunyoning eng qashshoq 10 davlati orasida 10 - o‘ringa qo‘ygan

Chegarasiz kambag‘allik

Prezident Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning shu yil 3 - noyabr kuni Kun.uz nashri bilan suhbatda tilga olgan 5600 so‘m haqidagi so‘zlari

Agar siz bir kunda jon boshiga 5600 so‘mdan ko‘p daromad qilsangiz, demak, kambag‘al oilaga kirmaysiz

o‘zbekistonliklarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Mulozim xalqaro moliya tashkilotlari tilida “qashshoqlik” ifodasi qo‘llanadigan O‘zbekistondagi kambag‘allikning milliy chegarasi haqida gapirarkan, Jahon Banki belgilagan kambag‘allik chegarasiga nisbatan xarid qobiliyati pariteti aynan 5600 so‘mga to‘g‘ri kelishini aytdi. “Agar siz bir kunda jon boshiga 5600 so‘mdan ko‘p daromad qilsangiz, demak, kambag‘al oilaga kirmaysiz”, - dedi Obid Hakimov.

Prezident Administratsiyasining bosh iqtisodchisi oradan bir kun o‘tib, ijtimoiy tarmoqlarni portlatgan 5600 so‘m haqidagi bayonotiga izoh berishga majbur bo‘ldi. Izoh berarkan, o‘zining so‘zlari “kontekstdan uzib olingani”ni aytdi.

Davlat Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-sentabr oylarida go‘sht narxi 14,2% foizga oshgan. Toshkent, Eski Jo‘va bozori - 17 - oktabr, 2020
Davlat Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2020 yilning yanvar-sentabr oylarida go‘sht narxi 14,2% foizga oshgan. Toshkent, Eski Jo‘va bozori - 17 - oktabr, 2020

O‘zbekiston Moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Abdulla Abduqodirovning Ozodlikka aytishicha, mulozimning so‘zlariga haqiqatan ham to‘lov pariteti yoki o‘zbek so‘mining qurbi kontekstida yondashish kerak. Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, “to‘lov pariteti faqatgina bir buxanka non degani emas”.

To‘lov pariteti faqatgina bir buxanka non degani emas

“To‘lov paritetini hisoblaganda, bugungi kunda o‘rtacha aholi sarf qiladigan barcha ijtimoiy-iqtisodiy xarajatlar hisobga olinishi kerak. Bu, albatta oziq-ovqat xarajatlari, kommunal to‘lovlar, energiya va transport xarajatlari. Buning ustiga, albatta, ta’lim xarajatlarini ham inobatga olish kerak. Qolaversa, pandemiya tufayli aholining sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq xarajatlari keskin oshib ketgan, bu xarajatlarni ham inobatga olish kerak”, - deydi Abdulla Abduqodirov. Uning fikricha, bu borada faqat nazariy jihatdan yondashish noto‘g‘ri.

“Faqatgina ilmiy darajadan qarab turib, to‘lov pariteti shuncha, kursga o‘girsa shuncha bo‘ladi, deb qarash noto‘g‘ri. Chunki aholining iste’mol strukturasi yildan-yilga keskin o‘zgarib boradi. Mana, bir yilning o‘zida shaxsiy gigiyena xarajatlari, sog‘liqni saqlash uchun xarajatlar miqdori keskin o‘sib ketdi. Shu bilan birga, oziq-ovqat xarajatlari ham keskin o‘sdi. Chunki aholi tushundiki, immuniteti kuchli bo‘lmasa, bu kasallikdan qutulishning imkoni yo‘q. Demakki, aholi yupunroq kiyinsa ham, ko‘p xarajatlardan voz kechsa ham, deylik, chet elga chiqish xarajatlaridan, ikki asosiy xarajatlaridan kecha olmaydi. Bu – sog‘liqni saqlash bilan va normal ovqatlanish bilan bog‘liq xarajatlar. Bularni hisobga olganda, to‘lov pariteti butunlay o‘zgarib ketadi”, - deydi iqtisodchi.

Prezident Mirziyoyevning iqtisodiy maslahatchisi so‘zlaridan nimadir anglashilgan bo‘lsa, bu – O‘zbekiston hukumatida hanuzgacha kambag‘allik yoki qashshoqlikning milliy chegarasi borasida yagona yondashuvning yo‘qligi edi.

Pandemiya davrida byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish kuchaydi
Pandemiya davrida byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish kuchaydi

Ammo bu xalqaro moliya tashkilotlari uchun O‘zbekistondagi kambag‘allar sonini hisoblashda muammo tug‘dirmaydi. Jumladan, Jahon Banki 2019 - yilgi hisobotida O‘zbekistonni dunyoning eng qashshoq 10 davlati ro‘yxatida o‘ninchi o‘ringa qo‘ygan edi. Osiyo Taraqqiyot Bankining 2018 - yilgi hisobotida O‘zbekistonda 11,4 foiz aholi qashshoqlik darajasidan past kun kechirayotgani aytiladi. Bunga qo‘shimcha ishlaydiganlarning 19,7 foizining kunlik minimal xarajatlari Jahon Banki belgilagan miqdor – 1,9 dollardan kam. Muqoyasa uchun – Qozog‘istonda 2019 - yil holatiga kuniga 1,9 dollardan kam xarajat qiladiganlar umuman yo‘q, kambag‘allar esa 4,2 foiz yoki O‘zbekistondagidan qariyb uch barobar kamni tashkil etgan.

Qozog‘istondagi Yevrosiyo universitetining iqtisod bo‘yicha dotsenti Saparboy Jubayevga ko‘ra, har bir davlat o‘zining yalpi ichki mahsulot hajmi va davlat byudjetiga qarab kambag‘allik chegarasini belgilaydi. “Kambag‘allik chegarasini belgilash nima uchun kerak? Aholi daromadlarini hisoblash va daromadi kambag‘allik chegarasidan past bo‘lganlarga davlat byudjetidan ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun. Kambag‘allik chegarasi esa, yashash minimumidan kam bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun byudjet tanqis bo‘lgan ayrim davlatlar kambag‘allik chegarasini aniqlashni keyinga qoldiradi”, - deydi iqtisodchi olim. O‘zbekistonda 2018 - yil 1 - iyulidan hisoblanishi aytilgan «yashash minimumi» va «iste’mol savatchasi» ham keyinga surilmoqda. Prezident Mirziyoyev joriy yil boshida O‘zbekistonda 5 millionga yaqin aholi kambag‘allikda yashayotganini aytgan edi. Bu taqriban har yettinchi o‘zbekistonlik kambag‘al, degani.

O‘zbekiston Konstitutsiyasiga muvofiq, pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordam miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emas.

Tashqi qarz

2020 - yilda o‘zbekistonliklarda eng ko‘p savol va tashvish uyg‘otgan raqamlardan yana biri, bu – mamlakatning o‘sib borayotgan tashqi qarzi edi.

Markaziy Bank axborotiga ko‘ra, 2020 - yil boshidan buyon tashqi qarz qariyb 5 milliard dollarga o‘sib, 1 - oktabr holatiga 29,3 milliard dollarni tashkil etgan.

Bu yalpi ichki mahsulot hajmining qariyb 40 foiziga teng. O‘tgan yil davomida O‘zbekiston hukumati mulozimlari tashqi qarz borasida bir necha bor aholini tinchlantirishga urindi. Ularga ko‘ra, tashqi qarzning o‘sayotgani xavotirli emas. Qaytaga, bu xalqaro moliya tashkilotlarining O‘zbekistonga ishonchi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston tashqi qarzining o‘sish sur’ati - Markaziy Bank
O‘zbekiston tashqi qarzining o‘sish sur’ati - Markaziy Bank

O‘zbekiston pandemiya davrida tashqi qarzi keskin o‘sgan yagona davlat emas. Dunyo bo‘ylab hukumatlar pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun yuzlab milliard dollar qarzlarni oldi. Mintaqaning o‘zidagi boshqa ayrim davlatlarga solishtirganda, O‘zbekiston pandemiyani nisbatan kamroq tashqi qarz bilan boshlagani va yirik oltin zahiralari mamlakat iqtisodiyotini boshqa ayrim davlatlar yuz tutgan muammolardan himoya qilganini ko‘rish mumkin. Ammo xavotirga sabab bo‘layotgan narsa, bu qarzlarning qanday maqsadlarga sarflanayotgani.

O‘zbekiston Moliya vazirining sobiq o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov davlat tashqi qarzlarining o‘sish sur’atlarini juda tashvishli, deb hisoblashini aytadi.

“Hamma gap ishlatilayotgan pullarning kelajakdagi samarasi haqida. Ko‘pincha tashqi qarz evaziga olingan pullar, asosan, kelajagi umuman aniq bo‘lmagan va moliyaviy inqirozga yuz tutadigan gaz qazib olish va mashinasozlik sanoati loyihalariga ishlatilyapti. Birgina tozalangan metandan sintetik suyuq yoqilg‘i olish (Sho‘rtan GKK da) loyihasiga 2016-2019 - yillarda 1 milliard dollardan ko‘p mablag‘lar sarflangan. Lekin bu loyihaga yaqin 10 yil ichida yetarli tabiiy gaz miqdori bormi, yo‘qmi, degan savolga javob yo‘q. Ikkinchidan, shuncha suyultirilgan gazga (loyiha kelasi 2021 - yilda ishga tushishi kerak) bizda tayyor iste’molchilar bormi? Yoki biz dunyo bozorida bu sohada yetakchi bo‘lgan Rossiya va Koreya bilan raqobatlashmoqchimizmi? Bu raqobat nima beradi oxir-oqibat? Energetika sohasida bunday tuturuqsiz va jiddiy moliyaviy mablag‘larni yeb yotgan loyihalar soni juda ko‘p”, - deydi sobiq mulozim.

Uning so‘zlariga ko‘ra, samarasiz loyihalarning eng yaxshi misoli – UzAutoMotorsdir. O‘zbekiston avtomobil sanoati monopoliyachisi 2020 - yilda bir necha yuz million AQSh dollariga teng mahsulot eksport qilgan. “Lekin shu vaqt ichida bir necha milliard AQSh dollari miqdorida umumiy import qilgan.Bunday loyihalar ko‘payib borgan sayin O‘zbekistonning tashqi qarzi juda katta sur’atlarda o‘sib boraveradi”, - deydi Abdulla Abduqodirov.

Камбағал оилалар яшайдиган ётоқхона учун ким жавобгар?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:07 0:00
Odamlar inqiroz davrida o‘zlari va faqat o‘z jamg‘armalariga ishonish mumkinligiga amin bo‘ldilar

Toshkentlik iqtisodchi Ahmad Ibrohimning aytishicha, pandemiya davrida aholi, kichik va o‘rta biznesga davlat va hukumat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy ko‘mak berilmagani xufyona iqtisodiyotni qisqartirishga bo‘lgan intilishlarga zarba bergan. “Odamlar inqiroz davrida o‘zlari va faqatgina o‘zlarining jamg‘armalariga ishonish mumkin ekanligiga amin bo‘ldilar. Shu sababdan, aholida AQSh valyutasiga bo‘lgan talab keskin oshdi. O‘zbekistonga pul jo‘natmalari hajmi kamayishi, mamlakat umumiy eksporti hajmining o‘tgan yilga nisbatan 6% ga kamayishi (birgina tabiiy gaz eksporti 78 foizga kamaydi) o‘zbek so‘miga salmoqli bosim o‘tkazmoqda”,- deydi iqtisodchi.

Kuzatuvchilar fikricha, hukumat mamlakat oltin zahiralarini sotish evaziga hozircha o‘zbek so‘mini butkul qulashdan asrab turibdi. O‘zbekiston ushbu qimmatbaho metal eksporti hajmi bo‘yicha 2020 dunyoda yetakchi o‘ringa chiqdi - 6 mlrd dollarga yaqin qiymatda oltin sotdi. Markaziy Bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 11 oyi mobaynida oltin mamlakat umumiy esportining 46,5% ini tashkil etgan.

Turg‘unlik

Mustaqil iqtisodchilar fikricha, 2020 - yilda O‘zbekistonda bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonlari sekinlashdi va hatto “turg‘unlik holatiga keldi”. Davlat aksar iqtisodiy tarmoqlarda o‘z dominantligini saqlab qoldi va hukumatga yaqinligi aytilgan monopolist kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashda davom etdi.

Қаршилик 6 яшар Ëдгор: Мактабга борсам, онамни ким боқади?..
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:53 0:00

“Monopoliyaga qarshi kurashish muhiti yaratilmadi. Populistik g‘oya va takliflar kuchaygani kuzatildi. Xalqaro Savdo Tashkilotiga (WTO) a’zo bo‘lish uchun muzokaralar sustlashdi. Yil o‘rtasida Korrupsiyaga Qarshi Kurashish Agentligi tuzilganiga qaramay, tender va auksion jarayoni shaffofligi, ochiqligi va raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan jiddiy xarakatlar kuzatilgani yo‘q. Erni davlat mulkidan chiqarib xususiylashtirishga qaratilgan qaror yana keyingi muddatlarga kechiktirildi. Bank sektori liberallashtirilmadi va davlat mamlakatdagi barcha banklarning 80% dominant ulushini saqlab qoldi”, - deydi toshkentlik iqtisodchi Ahmad Ibrohim.

Tahlilchilarga ko‘ra, yil oxirida Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kuzatuvchi sifatida a’zo bo‘lish qarori iqtisodiy emas, balki ko‘proq siyosiy qaror bo‘lgan.

"Bumerang investitsiyalar"

Ayni paytda pandemiyaga qaramasdan, 2020 - yilda xususiylashtirish jarayonlari tezlashdi. Davlatning yuzlab yirik obyektlari sotuvga qo‘yildi. Ammo xususiylashtirish va xorijiy investitsiyalar borasida shaffoflikning yetishmayotgani jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda. Mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham butun boshli sohalar ko‘pincha hokimiyatga yaqin alohida odamlar yoki kichik guruhlar qo‘liga o‘tib ketayotganidan xavotirlar

Mahalliy boylar o‘z pullarini chetga olib chiqib, keyin investitsiya qilgandek O‘zbekistonga qaytarishadi. Bu - yashirin muammo”

kuchaymoqda. O‘zbekistondagi ayrim yirik loyihalar pul yuvish o‘choqlariga aylanayotgani borasida tadqiqotlar olib borgan Britaniyadagi Alster universiteti professori Kristian Lasslettga ko‘ra, O‘zbekistondagi jarayonlar borgan sayin Rossiyada 1990 – yillarda kechgan xususiylashtirish jarayonlarini yodga solmoqda.

“Biz Rossiyada 1990-yillarda yuz bergan xususiylashtirishga o‘xshash jarayonlarga guvoh bo‘lyapmiz. Hukumat xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida mamlakatning pozitiv imidjini yaratishga harakat qilayotgani rost. Ammo amalda ko‘rayotganimiz butunlay boshqa narsa. Bu-bumerang investitsiya. Mahalliy oligarxlar, tadbirkorlar o‘z boyliklarini chetga - Shveysariya, Britaniya yoki Rossiya singari davlatlar, yo-da Kayman orollariga olib chiqishadi va keyin ularni xuddi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritayotgandek O‘zbekistonga olib kelishadi. Bu - yashirin muammo”, - deydi Kristian Lasslett.

XS
SM
MD
LG