Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 04:05

Yurtboshidan farqli. Saylov arafasida Mirziyoyevni "Millat Sardori" deb atash taklif qilindi


64 yashar Shavkat Mirziyoyev 24 - oktabrdagi saylovlarda ikkinchi, Konstitutsiya bo‘yicha oxirgi muddatga prezident etib saylanishi kutilmoqda.
64 yashar Shavkat Mirziyoyev 24 - oktabrdagi saylovlarda ikkinchi, Konstitutsiya bo‘yicha oxirgi muddatga prezident etib saylanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston parlamenti yuqori va quyi palatalarining ikki yuqori martabali mulozimi prezident Shavkat Mirziyoyevga “Millat Sardori” degan nom berish tashabbusini ilgari surdi.

Oliy Majlis Senati a’zosi Qudratilla Rafiqov bu tashabbusni o‘rtaga tashlagan bo‘lsa, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov prezidentni to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Millat Sardori” deb atadi.

Shavkat Mirziyoyevga, mintaqaning qolgan liderlari - Turkmanistonning Orqadog‘i, Tojikistonning Millat peshvosi va Qozog‘istonning Elboshisiga hamohang bu rutbani berish taklifi prezident saylovi arafasida yangramoqda.

Har ikki mulozimning bu tashabbusiga esa, o‘zlarining e’tiroficha, Mirziyoyevning o‘zi boshlab bergan “Yangi O‘zbekiston” va “Uchinchi Renessans” siyosati haqida bergan ilk intervyusi turtki bo‘lgan.



"Mirziyoyev fenomeni"


Shavkat Mirziyoyevga “Millat Sardori” nomini berish tashabbusi shu yilning 19 - avgustida “Ishonch” gazetasida bosilgan maqolada ilgari surildi.

O‘zA agentligi ko‘chirib bosgan maqolaga “Shavkat Mirziyoyev fenomeni” deb nom berilgan. Uning muallifi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, senator Qudratilla Rafiqovdir.

O‘z maqolasida Rafiqov, Mirziyoyevni mintaqa va Turkiy davlatlar orasida ta’siri kuchli davlat rahbari, deb baholaydi. Muallif bugunga kelib mintaqa davlatlari “hech istisnosiz tarzda Shavkat Mirziyoyev fenomeni ta’siri” bilan yana birlashganini ta’kidlaydi.

Yosh avlodda “davlat rahbariga yuksak ishonch” bor deb urg‘ulagan mulozim, uni “Millat Sardori” deb atashni taklif qildi:

“Xalqning beg‘ubor qatlami bo‘lgan bolalar qalbigacha kirib borgan insonni haqiqiy ma’noda Millat Sardori deb atashga haqdor emasmizmi?”

Bu maqola chop etilganidan bir hafta o‘tib, yangi va eski O‘zbekiston davrida lavozimi o‘zgarmay qolayotgan mulozim - O‘zbekiston Inson huquqlari Milliy markazi direktori Akmal Saidovning “Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans: ma’no-mohiyati, zarurati va mushtarakligi” nomli maqolasi e’lon qilinchiqdi.

Unda Saidov Shavkat Mirziyoyevni to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Millat Sardori” deb atadi:

“Yangi O‘zbekiston – bu ibora Millat Sardori ilgari surgan va bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan ezgu g‘oyadir”.



Qonunchilardan chiqqan tashabbus


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga bitilgan maqtovlar va “Millat Sardori” degan yangi ulug‘lovchi nom - oktabr oyida bo‘ladigan prezident sayloviga qizg‘in tayyorgarliklar borayotgan pallada yangradi.

Tashabbusni ilgari surgan Qudratilla Rafiqov Oliy Majlisdagi qudratli senatorlardan biri, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosidir. Akmal Saidov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari.

Bundan tashqari, bu ikki mulozimning tashabbusini chop etgan nashr davlat xabar agentligi - O‘zbekiston Milliy axborot agentligidir.

Tashabbusning mamlakat mustaqilligi 30 yilligi arafasida o‘rtaga tashlanishiyu aynan prezident saylovi kutilayotgan yilda paydo bo‘lishi tahlilchilar e’tiborini tortmoqda.

Ayrim siyosiy tahlilchilar buning parlament rasmiylari og‘zidan chiqib, matbuotga tushishi - kelgusida uning Turkmaniston, Tojikiston va Qozog‘istondagi kabi - qonunchilikka ko‘chishidan dalolat bo‘lishi mumkin, degan taxminni ilgari surmoqda.

“O‘zbekiston hozir davlat siyosati darajasida maddohlikni boshlab beruvchi juda xavfli jar yoqasida turibdi. Shavkat Mirziyoyev hozir buning oldini olsa to‘xtatib qoladi, aks holda bizda ham mintaqaning boshqa davlatlaridagi kabi o‘ta xavfli maddohlik davri boshlanib ketadi. Eng muhimi, hokimiyatning tepasida o‘tirgan bu maddohlarni to‘xtatib bo‘lmaydi keyin”, - deydi ismi ochiqlanmayotgan toshkentlik tahlilchi.

Shu paytgacha prezident Shavkat Mirziyoyevga nisbatan, davlat rahbari sifatida rasmiy matbuot va keng jamoatchilikda qo‘llanilgan ulug‘lovchi atama “Yurtboshi” atamasi edi.

Ilk bor 1990 - yillarning o‘rtalarida Islom Karimovga nisbatan rasmiy matbuotda qo‘llanila boshlagan atamani Shavkat Mirziyoyev birinchi prezident vafoti ortidan keyin hokimiyat bilan birga meros qilib oldi.

Ammo bu atama mamlakatning ikki prezidentiga nisbatan faqat rasmiy matbuot va muloqot tili darajasida qo‘llanilmoqda.

Turkmanistonda davlat rahbariga nisbatan Orqadog‘, Tojikistonda Millat peshvosi, Qozog‘istonda esa Elboshi rasmiy titullari qonunchilik bilan mustahkamlangan, ammo Yurtboshi atamasi O‘zbekistonda qonunchilikka kiritilmagan.

Aksincha, 1990- yillar boshida avvalgi prezident Islom Karimov o‘z nomini har qanday ko‘rinishda ulug‘lashni taqiqlovchi maxsus qaror chiqartirgan edi.



Qudratli mulozim


O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Qudratilla Rafiqov prezident Mirziyoyevga eng yaqin odamlardan biri sifatida tilga olinadi.

30 - avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lgan taqdirlash marosimida Rafiqovning o‘zi ham buni ta’kidlab o‘tdi. Aytishicha, Shavkat Mirziyoyev uni marhum Islom Karimov davrida boshdan kechirgan “og‘ir” kunlarida qo‘llagan:

“O‘sha qiyin paytda qanchalik og‘ir bo‘lmasin, Birinchi Prezident huzuriga kirib, ruxsat olib, meni Jizzax viloyatiga olib ketdi. Lavozimlar berdi, hurmat-izzatimni joyiga qo‘ydi, birga olib yurdilar, maslahatlar berdilar”.


Hukumatga yaqin Ozodlik manbasining aytishicha, Qudratilla Rafiqov bilan prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zaro yaqinligi 1993 - yillardan boshlanadi.

O‘sha kezda ularning ikkisi ham Toshkent shahrida tuman hokimi bo‘lgan - Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumaniga, Qudratilla Rafiqov esa Uchtepa tumaniga hokimlik qilgan.

“O‘shandan bu ikkalasining yaqinligi boshlangan. Keyin Rafiqov Islom Karimovning nazaridan qolib, urilib ketdi va o‘shanda Shavkat Mirziyoyev u kishini o‘zi bilan Jizzaxga olib ketgan. O‘shandan buyon bular o‘zaro juda yaqin. Bu kishi tijorat tuzilmalarida uzoq yillar ishladi. Hozir ham moliyaviy qudratga ega, ham prezident bilan yaqin. Hozir uni kadrlar masalasiga aralashadigan darajada yaqin, deyishadi”, - dedi Ozodlik manbasi.

Shu yilning 9 - martida Qudratilla Rafiqov O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida Ayollar muammolariga bag‘ishlangan videoselektordan jurnalistlarni chiqarib yuborgan edi.

‘Televizorchik'lar ketsin, bo‘ldi. Bu yerda gaplarimiz bor-da bizning, iltimos sizlardan, ruxsat hammalaringizga. Bo‘ldi ketaversin”, deya iqtibos keltirgan federatsiya raisidan Daryo.uz nashri.

Mahalliy jurnalistlar OAV faoliyatiga davlat mulozimi tomonidan bu taxlit to‘sqinlik qilinishiga, yig‘ilishda qatnashgan Senat raisi Tanzila Norboyeva, prezident maslahatchisi Rustam Qosimov, Toshkent shahri va viloyatidan borgan mutasaddilar guvoh bo‘lgani, ammo aralasha olmaganini qayd etgan.


Toshkentda tug‘ilib o‘sgan 75 yashar Qudratilla Rafiqovning, sobiq sovet hokimiyati davrida Toshkent shahar partiya qo‘mitasining Targ‘ibot bo‘limida o‘sha paytdagi Markazqo‘mning mafkura bo‘yicha kotibasi Ra’no Abudllayeva bilan birga ishlagani aytiladi.

1993-1998 yillarda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi muovini bo‘lib ishlagan. 1998 - yilda Mirziyoyev Jizzaxga olib borgach, "Jizzax akkumulyator zavodi» AJ bosh direktori bo‘lgan. 2016 - yildan O‘zbekiston asaba uyushmalari Federatsiyasiga raislik qiladi.

Qudratilla Rafiqov ayni paytda senator, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi. Keyingi yillarda rasmiy nashrlarda uning siyosatshunos sifatida yozgan qator maqolalari ham chop etildi.​



Uzoq muddatli reja?

24 - oktabr kuni qayta saylanishi kutilayotgan prezident Shavkat Mirziyoyev 2026 - yildan keyingi rejalari haqida gapirmagan.

Mamlakat Konstitutsiyasiga binoan bu uning ikkinchi va so‘nggi muddati bo‘lishi lozim.

Hozircha na prezident va na boshqa hukumat rahbarlari, prezidentlikka saylanish uchun so‘nggi imkoni va undan keyingi hukumat rejalari haqida lom-mim demayotir.

Mirziyoyevga “Millat Sardori” deb yuzlanishni boshlab bergan parlament rasmiysi - Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Akmal Saidov esa, O‘zAda chop etilgan maqolasida, Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Uchinchi Renessans” siyosatiga “uzoq davom etadigan jarayon” deb ta’rif berdi va bu jarayonning muddatini ham aytdi:

“Uchinchi Renessans poydevorini yaratish jarayoni besh-o‘n yil emas, ancha katta va mashaqqatli davrni talab qiladi. Buning uchun, avvalo, minglab iste’dodli kadrlar, iqtidorli zamonaviy yoshlar, fidoyi insonlar nihoyatda zarur”.

31 - avgust kuni Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab ochilgan "Yangi O‘zbekiston" bog‘idagi rasmiy tantanada qilgan nutqida Mirziyoyev "Bo‘lg‘usi Prezident saylovi yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tishi"ni aytdi.

Unga ko‘ra, saylovlar "yangi O‘zbekiston xalqining o‘sib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etadi".

Ammo saylovlar o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi haqiqiy siyosiy raqobatsiz o‘tishi kutilmoqda. Hukumat muxolifat faollarining mustaqil siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va saylovda qatnashish harakatlariga to‘sqinlik qilgan. Faollar saylov arafasida o‘zlariga nisbatan bosimlarning kuchayganini aytishmoqda.

Mirziyoevning o‘zi 2019 - yil 27 - dekabrida xorijdagi siyosiy muxolifatni mamlakatga qaytarish chaqiriqlarini rad etgan, muxolifat "ichkaridan chiqishi kerak" degandi.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida Adliya vazirligi bironta yangi siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazmadi.

XS
SM
MD
LG