Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 13 yashar qizga muntazam ravishda jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilib kelgan o‘gay ona jazolangan.
Bolalar ombudsmani matbuot xizmati qaydicha, holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergovda Sh.S. ismli ayol 2010-yilda tug‘ilgan qizi S.R. ni o‘tgan yil davomida muttasil ravishda do‘pposlab, unga nisbatan jismoniy hamda ruhiy jihatdan azob berib, unda kuchli qo‘rquv hosil qilish yo‘li orqali o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, tanasining turli qismlariga tan jarohatlari yetkazib kelgani aniqlangan.
“Joriy yilning 5-iyun kuni Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudida mazkur jinoyat ishi yuzasidan chiqarilgan hukmga binoan, Sh.S. JKning 110-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari (Qiynash) va 112-moddasi 3-qismi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) bilan aybdor deb topilib, unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi va mazkur jazo bilan bog‘liq tegishli cheklovlar o‘rnatildi”, deyilgan Bolalar ombudsmanining 22-iyul kuni yoyinlangan xabarnomasida.