Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Tinchlik sammitida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarini ko‘rishni istaydi. Bu haqda Zelenskiy markaziy osiyolik jurnalistlar uchun 24-may kuni Xarkovda tashkil etilgan brifing chog‘ida bildirdi.
“Ozodlik” jurnalistining mintaqadagi besh davlat va Ukraina o‘rtasidagi munosabatlar haqidagi savoliga javob berar ekan, Ukraina prezidenti Markaziy Osiyo liderlarining muvozanatga rioya qilolmayotgani urg‘uladi.
“Menimcha, ular Kremldan cho‘chigani uchun ruslar tarafga og‘ibroq turishibdi. So‘zlarimga izoh berib ketay… Bu mening shaxsiy fikrim, hech kimni ayblayotganim yo‘q. Masalan, biz Tinchlik sammitini uyushtiryapmiz. Bu borada dastlabki qadamlarni qo‘ymoqdamiz. Bu qadamlar atak-chechak bosgan bolanikiday - shahdam emas, biroq dastakka muhtoj. Bu qadamlar urushni ko‘zlamaydi. Ular oldinga, tinchlik tomongagina intiladi...
Biz barcha liderlarni chaqiryapmiz. Ularning manfaatlari ham turlicha, ular orasida sanksiya kiritganlari ham bor, kiritmaganlari ham. Markaziy Osiyo liderlarini ham chaqirdik. Biz ularni bu sammitda ko‘rishni istaymiz. Ular nimadan cho‘chishmoqda? U yerda Putinning yo‘q bo‘lishigina qo‘rquvga sabab bo‘lyapti. Xo‘sh, agar [sammitga] keladigan bo‘lsalar, Putin tankka o‘tirib, Markaziy Osiyoning biror mamlakatiga bostirib borarmidi? Yo‘q, ular Kreml bilan hozirgi aloqalarini yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqishadi...
Xudo saqlasin-u, biznikiday holatga tushganingizni tasavvur qilib ko‘ring - qo‘llov ko‘rsatmagan, sammitga qo‘shilmagan mamlakatlarga qanday qaragan bo‘lardingiz? Hukumatlar sanksiya kiritadi, biroq bu sammit tinchlik to‘g‘risida, muloqot haqidagi sammitdir. Men Markaziy Osiyoning barcha liderlari hamjihat bo‘lib, bu voqeani dastaklashini xohlar edim”, degan Ukraina prezidenti.
Zelenskiy nazarda tutgan tinchlik sammitini joriy yilning 15-16-iyun kunlari Shveysariyada o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.
Ukraina prezidenti qatnashgan Xarkovdagi brifingda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan jurnalistlar ishtirok etishgan. Matbuot anjumanidan bir kun avval Xarkovdagi nashriyot uyi Rossiya zarbasiga nishon bo‘lgan va u yerda kamida yetti kishi halok bo‘lgandi.
Matbuot anjumani chog‘ida Zelenskiy Ukraina o‘z mustaqilligi uchun og‘ir kurashni boshdan kechirayotganini qayd etib, bu urushda o‘z mamlakati “oxir-oqibat g‘alaba qozonajagi”ni ishonch bilan ta’kidlagan.
“Dunyoda konlar-u energetika zaxiralariga ega bo‘lmagan, ammo yetakchi davlatlarga aylanolgan ko‘plab mamlakatlar bor. Chunki ular hech kimga qaram emas”, deb qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
Zelenskiyning bu bayonotlari Rossiya rahbari Putinning 26-27-may kunlari O‘zbekistonga safari arafasida yangradi.