Линклар

Шошилинч хабар
16 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:31

ZIMISTON-UZ: Qorong‘ida tug‘ilgan chaqaloqlar - Ozodlik shifoxona va maktablardagi ahvolni o‘rgandi


Umumta’lim maktablarining sinf xonalarida harorat 18-20, sport zallari va ustaxonalarda 17-20, maktabgacha tarbiya muassasalari va maktab-internatlar yotoqxonalarida esa 20-24 daraja bo‘lishi kerak. Mamlakat bosh sanitariya vrachi tasdiqlagan bu me’yor Ozodlik bog‘langan ba’zi maktablarda saqlanayotgani ma’lum bo‘ldi, biroq mamlakatdagi umumiy vaziyat yaxshi emasligini Energetika vazirligi tan oldi.

Ba’zi kasalxonalar xodimlarining Ozodlikka aytishicha, ular "o‘zlari ham, kasallar ham sovqotmayapti", biroq Ozodlikka kelgan videoxabardan energiya manbalari uzilishidan bemorlar hayoti xavf ostida qolayotgani anglashiladi.

Ozodlikka 21 - noyabr kuni Toshkent viloyati Toshkent tumani markazi Keles shahridagi tug‘ruqxona hovlisida yozib olingani aytilgan video keldi.

Qorong‘ida tug‘ilgan chaqaloqlar

44 soniyali tunda olingan videoda videokamera chirog‘i ro‘paradagi binoni yoritib turadi. Kadr ortidagi erkak kishi Keles tug‘ruqxonasiga (Toshkent tumani) kelganini aytar ekan, bino eshigiga yetib boradi va ichkaridan chiqqan ayoldan “Kennoyi, anchadan beri chiroq o‘chganmi, chaqaloqlar qatta?”, deb so‘raydi. Ayol, “Chaqaloqlar mana shu yerda yotibdi”, deb javob beradi. Shundan so‘ng kadr ortidagi erkak bino oldiga “Tez yordam” mashinalari ham kelayotganini aytadi. Qorong‘ulikda yonib-o‘chuvchi ko‘k chiroqlar ko‘rinadi, mashina eshigining ochilib, yopilgani eshitiladi.

Video muallifi voqeaning qachon bo‘lganini xabar qilmagan.

Toshkent viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mulozimi Ozodlikka Keles tug‘ruqxonasida chiroq o‘chib qolgani to‘g‘risida hech qanday ma’lumot yo‘qliginini aytib, Toshkent tuman tibbiyot birlashmasi Tug‘ruq kompleksining o‘zidan ma’lumot olishni tavsiya qildi. Kompleks rahbari Sevara Mirsoatovna esa kun davomida qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Kelesdagi tug‘ruqxona elektr ta’minotidan uzilib qolganiga oid videoxabar chiroqsiz va issiqliksiz qolganlarning shikoyatlari butun mamlakat bo‘ylab ko‘payib ketgan paytda keldi. Havo harorati keyingi kunlarda keskin pasayib ketgani tufayli aholining mahalliy rahbarlardan gaz va elektr talab qilib chiqishlari kuzatilmoqda. Ayni paytda Ozodlik bog‘langan ba’zi kasalxona va maktablarda ahvol nisbatan yaxshiligi ma’lum bo‘ldi.

Issiqlik bor ikki maktabdan biri

Toshkent viloyati Pskent tumanidagi 79- maktab-internatda aqliy va ruhiy rivojlanishdan ortda qolayotgan 200 dan ortiq bola o‘qiydi. Shu maktab o‘qituvchisi, 31 yashar Sherzod Roziqovning 24 - noyabrda Ozodlikka bildirishicha, internatda o‘quvchilar sovqotib qolayotgani yo‘q. Sinfda bolalar bitta ko‘ylakda o‘tira oladimi, degan savolga o‘qituvchi “Bitta ko‘ylakda o‘tirishlariga o‘zimiz ruxsat bermaymiz, chunki tanaffusda tashqariga chiqqanida shamollab qolishlari mumkin”, dedi. Sherzod Roziqovning aytishicha, u ishlayotgan maktab tabiiy gaz bilan isitiladi.

"Kasalxonamiz svet o‘chganda sovib ketyapti"

Surxondaryo viloyati Angor tumani Tez tibbiy yordam kasalxonasida ham, ismi aytilishini istamagan hamshiraning aytishicha, palatalar issiq:

“Faqat svetda uzilish bo‘lgan vaqtda xonalar sovishi mumkin, boshqa vaqtda xonalar issiq”.

Hamshiraning aytishicha, elektr ta’minotidagi uzilish deyarli har kuni bo‘lyapti: “Kunduzida ham har kuni bir soat, yarim soatlab o‘chib qolyapti. Lekin xonalar sovqotib qoladigan darajada sovib ketmaydi. Shaxsan men paltosiz yura olaman kasalxonada”.

Issiqlik bor ikki maktabdan yana biri

Farg‘onalik bloger Bahodir Eliboyev Rishton tuman markazidagi 6 ta maktabdan biri – 1- maktabda o‘qituvchilik qiladi. U 24 - noyabrda Ozodlikka o‘zi ishlaydigan maktab bolalar sovqotib qolmaydigan darajada isitilayotganini bildirdi. Bahodir Ozodlik iltimosiga javoban o‘zi ishlaydigan kabinetdagi termometr suratini jo‘natdi. Unda simob ustuni +18 darajaga ko‘tarilgani aks etgan. Bahodir Eliboyevning aytishicha, surat sinf bolalardan bo‘shaganidan 1,5 – 2 soat o‘tib olingan: “Bolalar sinfdaligida harorat bundan balandroq bo‘ladi”, - dedi o‘qituvchi.

Farg‘ona viloyat, Rishton tuman markazidagi 1- o‘rta maktab sinf xonasidagi termometr +18 darajani ko‘rsatmoqda. 2020, 24 - noyabr.
Farg‘ona viloyat, Rishton tuman markazidagi 1- o‘rta maktab sinf xonasidagi termometr +18 darajani ko‘rsatmoqda. 2020, 24 - noyabr.

Bosh sanitar vrach talabi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh sanitar vrachi S.S.Saidaliyev 2016 - yilning 22 - dekabrida tasdiqlagan “Umumta’lim maktablarida o‘qitishni tashkil qilishga doir sanitariya-epidemiologik talablar”da (SanPiN № 0341-16) havo harorati sinf xonalarida 18-20, sport zallari va ustaxonalarda 17-20, maktabgacha tarbiya muassasalari va maktab-internatlar yotoqxonalarida 20-24 daraja issiq bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan.

Ozodlik 24 - noyabrda suhbatlashgan ikki maktab o‘qituvchilarining aytishicha, ular ishlayotgan maktablardagi issiqlik rejimi SanPiN talablariga javob beradi. Butun mamalkat bo‘yicha ahvol qanday? Bu savol javobini Respublika iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati bilishi mumkin. Jamiyatning Toshkentdagi bosh ofisi bilan telefon aloqa tizimi murakkab bo‘lgani uchun (operator orqali) bog‘lanib bo‘lmadi.

Sovqotayotganlar shikoyatini eshitadiganlarning o‘zlari sovqotmoqda

Respublika iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining Sirdaryo viloyat boshqarmasi mulozimining Ozodlikka bildirishicha, bu yil sovuq tushganidan beri viloyat bo‘ylab maktab va kasalxonalar sovuqligidan bironta ham shikoyat tushmagan. Boshqarmangiz o‘z tashabbusi bilan tekshiruv o‘tkazishi mumkinmi, degan savolga boshqarma mulozimi “Agar respublikadan shunday topshiriq tushsa, bajarishimiz mumkin”, deb javob berdi.

Bu mulozim bilan muloqotdan u ishlaydigan bino yaxshi isitilmayotgani ma’lum bo‘ldi. Siz xonangizda paltoni yechib qo‘yib ishlay olasizmi, degan savolga mulozim “Ha, paltoni yechib qo‘yib ishlayman, o‘rniga kurtkamni kiyib olaman, xona sovuqroq”, deb javob berdi.

Ayni paytda Respublika iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mulozimining 23 - noyabr kuni Ozodlikka aytishicha,joriy yilning oxirgi 9 oyida aholidan tushgan 6000 shikoyatning 90 foizi gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq.

Federatsiya vakilining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot bu shikoyatlarni hududiy elektr va gaz idoralariga yo‘llagan va aksar holarda ular ijobiy hal qilingan. Ayni paytda mulozim gaz va elektr idoralari aholi bilan ta’minot orasida shartnoma imzolamagani, shuning uchun ularni javobgarlikka tortish imkonsizligini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1990-yillar o‘rtalarida ishlab chiqilgan iste’molchilar huquqlariga doir qonunchilik "eskirgan".

Vazir o‘rinbosari iqrori

Keyingi kunlarda havo keskin sovib ketishi ortidan aholidan tushayotgan murojaatlarning “80 foizdan ortig‘i aynan elektr energiyasi va gaz” taqchilligiga oid ekanligini mahalliy nashrlar ham qayd etmoqda. Ulardan biri – kun.uz o‘tgan hafta oxirida Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jaev bilan suhbat uyushtirdi. Vazir o‘rinbosari energiya manbalari ta’minotini yaxshilash yuzasidan qilingan va qilinayotgan ishlar haqida hisobot berar ekan, ijtimoiy soha ob’ektlarini energiya bilan ta’minlash oqsayotganini tan oldi:

“Kuz-qish mavsumida iste’mol oshib ketishi natijasida birinchi navbatda gaz bilan ta’minlash lozim bo‘lgan iste’molchilar – aholi va ijtimoiy soha obyektlari, ya’ni shifoxonalar, maktabgacha ta’lim muassasalari va umumiy o‘rta ta’lim maktablarining gaz ta’minotida uzilishlar yoki bosimning pasayib ketishi holatlari kuzatilmoqda”.

Ayni paytda Xo‘jayev mamlakatda aholi ehtiyoji uchun yetarli darajada elektr energiyasi ishlab chiqarilmayotganini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi hajmi oshmoqda, ammo iste’molchi ehtiyojlariga yeta olmayapti. Mulozim aholini hududiy elektr tarmoqlari xodimlarini "so‘kmaslik"ka chaqirgan.

"Elektr energiyasi shunday mahsulotki, uni saqlab bo‘lmaydi. Ishlab chiqarildimi, darhol iste’mol qilinishi kerak. Ya’ni biz uni qayerdadir yashirib saqlab qo‘ya olmaymiz. Jaydari til bilan aytganda, “svet” o‘chganda ko‘pchilik hududiy elektr tarmoqlari operatorini so‘kadi. Ammo ularda ayb yo‘q, aslida yo‘q narsani ular topib bera olishmaydi".

Bunga qadar Energetika vazirligi energiya zahiralari yetarli ekanini aytib kelgan.

XS
SM
MD
LG