Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:54

Zovurko‘mar tadbirkor kim? Andijonda 180 xonadon namunali uylari zax tortishidan xavotirda


Oltinko‘lliklarning aytishicha, 5 - avgustda to‘kilgan bu tuproq osti zovur edi.
Oltinko‘lliklarning aytishicha, 5 - avgustda to‘kilgan bu tuproq osti zovur edi.

Andijon viloyat, Oltinko‘l tumanidagi S.Ashurov massivi aholisini melioratsiya tizimi taqdiridan ko‘ra, ipoteka kreditiga olgan uylarining xavfsizligi ko‘proq qiziqtirmoqda.

Massiv aholisi 5 - avgust kuni imorat qurish uchun zovur ustiga tuproq tortishni boshlagan tadbirkorni haydab yubordi.

Ozodlik shu yil bahorida Oltinko‘lning boshqa qishlog‘ida zovur ustiga imorat qurilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Tuman rasmiylariga ko‘ra, zovur ustida qurilish qilgan odam bilan sudlashilmoqda, kechagi voqea esa, o‘rganiladi.

"180 xonadon nomidan murojaat"

“Oltinko‘l tuman, S. Ashurov massividagi ikki qavatli namunali uylardan zax suvlarni qochirish uchun qazilgan katta zovur sotib yuborilibdi. 180 ta xonadon nomidan murojaat qilyapmiz. 15 yilga kreditga olgan uylarimiz zaxlab ketishidan xavotirdamiz”.

Bu xabar tumanning melioratsiya tizimi bilan bog‘liq shu yil bahoridan buyon Ozodlikka kelgan ikkinchi xabar bo‘lgani uchun Ozodlik xat mualliflari bilan bog‘landi.

Ulardan biri, o‘zini 33 yashar Ilhom Ismoilov deb tanishtirgan oltinko‘llikning 6 - avgust kuni Ozodlikka aytishicha, 5 - avgust kuni “yoshi 30 lardagi bir yigit, ko‘rinishidan davlat amaldoriga o‘xshagan bir necha kishi bilan” kelib, massivdagi zovurning ustiga tuproq torttirishni boshlagan.

“Uylarimiz yangi, 2017 - yili qurilgan. Hamma kreditga olgan. Kanalizatsiya qilinmagan. Yer osti suvlari yaqin. Shuning uchun zaxni qochirish maqsadida, yog‘in-sochin suvlari tushsin uchun zovur qazilgan. Zovurni shunday qilib sotib yuboraverishsa, yer osti suvlari ko‘tarilib, uylarimiz zaxlab ketadi”, dedi Ilhom Ismoilov. Uning aytishicha, tadbirkor zovur ustiga tuproq tortishni boshlashi bilanoq voqea joyiga massiv aholisi yig‘ilgan va ishni to‘xtatishni talab qilgan.

"Kredit to‘laymizmi yo har yili uy remont qilamizmi?"

60 yashar Nuriddin hoji Ahmadaliyev 5 - avgust kungi mojaro ustida bo‘lganlardan biri. U 6 - avgustda Ozodlikka bunday dedi:

“Kecha bir tadbirkor kelib, zakanning 20-25 metrini ko‘mdirib yubordi. Men o‘zim qarshilik ko‘rsatib, to‘polon qildim. Uylarimiz shundoq ham zaxdan to‘kilyapti. Kreditga olganmiz uylarni. Kredit to‘laymizmi yo har yili uy remont qilamizmi? Zakan umrbod kerak narsa. Auksionda yutvoldim deyapti. Hujjatlaringni ko‘rsat, desam, ko‘rsatolmadi”.

Nuriddin hoji Ahmadaliyevning aytishicha, mahallaning bir guruh faollari voqea yuzasidan arizalarni yozib tayyor qilib qo‘ygan: “Arizalarni ertaga viloyat hokimi va prokuroriga olib boramiz”.

Zovurko‘mar tadbirkor kim? U qaysi qonunni buzdi?

Ozodlik zovur ustiga tuproq torttirgan tadbirkorning shaxsini aniqlay olmadi. Bu ishda mahalla faollari ham yordam bera olmadi. “U o‘zini tanishtirmadi, tanimaymiz, bizning odam emas, shahardan kelgan bo‘lsa kerak”, dedi massivliklardan biri.

Oltinko‘lning S.Ashurov massivi Andijon aeroportiga yaqin yer hisoblanadi.

Oltinko‘lda yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan fikr bildirgan andijonlik yuristning aytishicha, nafaqat zovur, balki uning ikki cheti ham daxlsizdir. “Aftidan, bu yerda O‘zbekiston Respublikasining ”Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni talablari buzilgan”, dedi ismi aytilmasligi so‘ragan yurist.

Rasmiylar: O‘rganamiz!

Oltinko‘l tuman hokimligining o‘zini “hokimlik kanselyariyasi boshlig‘i Mansurbek” deb tanishtirgan mulozimi S.Ashurov masssivida 5 - avgust kuni bo‘lgan voqeadan bexabarligini, biroq shikoyat albatta o‘rganilishini bildirdi. Mulozimning aytishicha, “so‘nggi uch oy ichida tuman bo‘ylab hech kimga yer uchastkasi ajratilmagan”.

Oltinko‘l tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmatining o‘zini tanishtirmagan xodimi 5 - avgust kungi voqea yuzasidan “voqea joyiga borib o‘rganamiz”, degan javobni aytish bilan cheklandi.

Zovur ustiga qurilgan birinchi uy emas

Oltinko‘lning S.Ashurov massivida zovur ustida qurilish boshlangani bu tumanda bu yil sodir bo‘lgan shunga o‘xshash ikkinchi voqeadir.

Ozodlikning SizdanTelegram loyihasi shu yilning aprelida oltinko‘lliklardan kelgan mana bu xabarni bosgan edi:

“Andijon viloyati Oltinko‘l tumani Uyg‘ur MFYdan yozmoqdamiz. Avval kadastr idorasida yuqori lavozimda ishlagan fuqaro mahalla yo‘lini o‘zboshimchalik bilan to‘sib, uy qurdi. Yozmagan joyimiz qolmadi, ishi sudda ko‘riladi, deb aldab yurishibdi. Aholi yo‘lini ochib berishlarini kutib qolamiz”.

Bu xabarni jo‘natganlar joyning aerosuratini ham ilova qilgan, unda chindan ham yo‘l ustiga bino qurilganini ko‘rish mumkin.

S.Ashurov massivi aholisi 6 - avgustda Ozodlikka bir surat taqdim qildi va aytilishicha, fotosuratda apreldagi xabarda aytilgan uy aks etgan. Suratdan anglashilishicha, uy yo‘l ustiga emas, balki ikkita yo‘l o‘rtasidagi zovur ustiga qurilgan. Suratning chap tomoniga diqqat bilan qaralsa, o‘ng tomonda qurilgan bino chindan ham zovur ustiga qurilgani tushuniladi.

Oltinko‘lliklarning aytishicha, bu suratda ikki yo‘l o‘rtasidagi zovur ustiga qurilgan ikki qavatli uy (o‘ngda) aks etgan. Suratning chap tomoniga e’tibor bering.
Oltinko‘lliklarning aytishicha, bu suratda ikki yo‘l o‘rtasidagi zovur ustiga qurilgan ikki qavatli uy (o‘ngda) aks etgan. Suratning chap tomoniga e’tibor bering.

Oltinko‘l tuman er tuzish va ko‘chmas mulk kadastri xizmatining o‘zini tanishtirmagan xodimi Uyg‘ur MFYda qurilgan bu uyga oid savolga qisqa javob berdi:

“Bu masala bo‘yicha tuman hokimligi tomonidan yaqinda yana bir bor sudga berilgan”.

Demak, hokimlik oldin ham sudga berganmidi? O‘sha sud qanday yakun topgan? Hokimlik sudlashayotgan odam kim? Chindan ham u “kadastr idorasida yuqori lavozimda ishlagan fuqaro”mi?

Bu va boshqa savollarga kadastr xizmati xodimi javob bermadi.

XS
SM
MD
LG