Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:58

Zurabishvili saylov kunini belgilash uchun hukumatga 7 kun muhlat berdi


Gruziya prezidenti Salome Zurabishvilining norozilik namoyishida qilgan chiqishidan lavha, Tbilisi, 2024-yil 22-dekabri
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvilining norozilik namoyishida qilgan chiqishidan lavha, Tbilisi, 2024-yil 22-dekabri

Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili qayta parlament saylovi kunini belgilash uchun mamlakat hukumatiga bir hafta muhlat berdi. Bu haqda u 22- dekabr oqshomida Tbilisidagi norozilik aksiyasida qilgan chiqishida bildirdi.

Soxtalashtirilgan deb hisoblanayotgan parlament saylovi natijalari hamda Gruziya hukumatining yevrointegratsiya bo‘yicha siyosatiga qarshi muxolifatning norozilik chiqishlari dastaklagan Zurabishvili kuni kecha norozilik aksiyalari “yangi bosqich”ga o‘tayotgani va mamlakatdagi siyosiy buhron faqat yangi saylov kunini belgilash orqali hal bo‘lishi mumkinligini bildirgan edi.

Tbilisida chiqish qilgan prezident “Gruziya orzusi” hukmron partiyasining norasmiy lideri Bidzina Ivanishvili va boshqa liderlarini yangi saylov sanasini belgilash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga chaqirgan.

Zurabishvilining prezident o‘laroq vakolatlari muddati 29-dekabr kuni, ya’ni bir haftadan keyin tugaydi. Muxolifat tomonidan boykot qilingan Saylovchilar hay’ati majlisi uning vorisi − “Gruziya orzusi” hukmron partiyasiga xayrixoh bo‘lgan sobiq futbolchi Mixail Kavelashvilini prezident etib saylagan. U o‘z vazifalarini bajarishga 29-dekabr kuni kirishishi lozim. Biroq bo‘lib o‘tgan ovoz berishni nolegitim deb hisoblagan Zurabishvili o‘z lavozimini tark etish niyatida emasligini aytgan.

Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze, agar Zurabishvili o‘z vakolatlari xorijiga chiqadigan bo‘lsa, yangi saylov o‘tkazilishi haqida e’lon qilsa hamda prezident saroyini tark etishdan bosh tortsa, unga nisbatan jinoyat ishi ochilishi mumkinligi bilan tahdid qilgan. Kobaxidzega ko‘ra, hech kim 72 yoshli prezidentni qamoqxonaga yo‘llashni istamaydi, shuning uchun u Zurabishvili “oqilona yo‘l” tutishiga umid bildirgan. Zurabishvili qamoqqa tushishdan qo‘rqmasligini bildirgan. Ayni paytda u hukumat yangi saylov kunini belgilamasa, qanday ish tutishini ochiqlagan emas. Avvalroq “Gruziya orzusi” rahbarlari bu ishni qilmasliklarini bildirishgan − ular fikricha, o‘z partiyalari g‘alaba qozongan saylov legitim bo‘lgan.

Rasmiylar tomonidan yevrointegratsiya jarayoni muzlatilishiga qarshi norozilik aksiyalari Gruziyada uch haftadan buyon davom etmoqda. Ilk kunlari politsiya norozilarni tarqatgan, yuzlab odam qo‘lga olingan yoki jabrlangan. Namoyishlar tarqatilishi va qo‘lga olishlar oqibatida norozilik aksiyalari ishtirokchilar soni kamaygan, biroq Rustaveli shohko‘chasiga haligacha kuniga yuzlab yoki minglab odam aksiyaga chiqmoqda. Yakshanba kuni prezident chiqish qilishidan oldin politsiya ovoz kuchaytirgichlar o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilgan. Texnik muammolar yuzaga kelishi Zurabishvili chiqish qilayotgan paytda ham kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG