Nazarboyev iste‘fosga bo‘yicha takliflar yangramoqda

Bu yil 70 yoshni qarshilagan prezident Nursulton Nazarboyev, ayrim qozoq muxolifatchilariga ko‘ra, iste‘foga ketishi kerak.


Shu yilning 25 sentyabr kuni Qozog‘istonda ro‘yxatga olinmagan “Alg‘a” partiyasi hamda mamlakat Kommunistik partiyasi vakillari prezident Nursulton Nazarboyevni muddatdan oldin iste‘foga chiqarish uchun referendum uyushtirish masalasi bo‘yicha Olmaotada umumrespublika yig‘ini o‘tkazmoqchilar. Bu haqda kuni kecha muxolifatdagi “Alg‘a” partiyasi lideri Vladimir Kozlov jurnalistlarga ma‘lum qildi.

Uning aytishicha, “Narodovlastiye” (“Xalq hokimiyati” – tahr.) siyosiy blokiga kirgan bu ikki partiya mazkur qarorga Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevga elboshi maqomi berilganidan keyin kelgan.

- Bunday referendum tashabbusi bilan chiqish istagi bizda Konstitutsiya va boshqa qonunlarga o‘zgartish kiritilib, Nursulton Nazarboyevga elboshi maqomi berilganidan keyin paydo bo‘lgandi. “Narodovlastiye” bloki o‘sha paytdayoq bunga rozi bo‘lmagandi va biz jismoniy shaxsga millat rahnamosi maqomini berishning bema‘niligiga jamoatchilik e‘tiborini qaratish uchun bir necha aktsiyalar o‘tkazgandik, - dedi Vladimir Kozlov shu yil iyun oyida mamlakat parlamenti tomonidan prezident Nazarboyevga elboshi maqomini berish bo‘yicha ko‘tarilgan tashabbuslarni eslatarkan.

“Alg‘a” partiyasi lideri Kozlov prezident Nazarboyev iste‘foga ketishi uchun uning yoshi bir joyga borib qolgani hamda prezidentning noto‘g‘ri siyosati tufayli mamlakatdagi boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi jarlik tobora kengayib borayotgani kabi sabablarni keltirdi.

Ayni paytda Kozlov 25 sentyabr kuni o‘tkazilajak yig‘inning qonunchilikka naqadar xilof yoki emasligini bilish maqsadida Qozog‘iston prezidenti ma‘muriyati hamda respublika Bosh prokuraturasiga murojaat qilganini, ammo shu paytgacha ulardan javob ololmaganini aytdi. “Alg‘a” partiyasi lideri rasmiylarning bu sukutini “rozilik alomati” o‘laroq qabul qilganini, shu bilan birga muxolifat yig‘ini oldidan turli provokatsiyalar uyushtirilishi mumkinligini ham ehtimoldan holi emasligini qayd etdi.

“Narodovlastiye” siyosiy blokining Nazarboyev iste‘fosi uchun referendum uyushtirish tashabbusi Qozog‘istondagi siyosatchilar, xususan, muxolifatchilar tomonidan olqishlar bilan qabul qilindi, deb bo‘lmaydi.

- Men bizning mamlakatda istalgan masala bo‘yicha har qanday referendum o‘tkazish imkoniyati qariyb yo‘q, deb o‘ylayman – bizning partiya bunga urinib ko‘rgan. Bunda albatta katta to‘siqlar, qarshiliklar bo‘ladi, - dedi “Azat” umummilliy sotsial-demokratik partiyasi hamraisi Bo‘lat Abilov.

Iqtidordagi rasmiylar pozitsiyasini qo‘llovchi “Aq jo‘l” partiyasi lideri Alixan Baymenov esa muxolifat partiyalari turli referendumlar uyushtirishdan ko‘ra, mamlakatga naf keltiradigan jo‘yaliroq ishlar bilan shug‘ullansa, ma‘qul bo‘lardi, deb hisoblaydi.

- Men partiyalar aholining ko‘pchilik qismi qo‘llaydigan real masalalar bilan ko‘proq shug‘ullanishi lozim, deb o‘ylayman, - dedi Alixan Baymenov Ozodlik qozoq sho‘‘basiga bergan sharhida.

Shunga qaramay, “Narodovlastiye” siyosiy bloki vakillari Nazarboyev iste‘fosi uchun referendum o‘tkazish bo‘yicha mamlakatda yetarlicha tarafdor yig‘a olishlariga ishonishlarini aytmoqdalar.