Karimov BMT sammitida ishtirok etadi

Ayrim kuzatuvchilarga ko‘ra¸ Karimovning BMT yig‘inlariga e‘lon qilgan norasmiy boykotlarining bekor etilishida shu yil Toshkentga safar qilgan BMT joriy Bosh kotibining roli katta.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov BMT Bosh assambleyasining Ming yillik taraqqiyot dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan oliy darajali yig‘inida ma‘ruza qiladi. Bu esa¸ O‘zbekiston rahbarining keyingi 10 yil davomida BMT yig‘inida ilk bor ishtirok etishi bo‘ladi.

O‘zbekiston BMT ning 20-22 senyabr kunlari Nyu Yorkdagi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tadigan Ming yillik rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan sammitida bu maqsadlarga erishish yo‘lidagi o‘z progressi haqida hisob beradi¸ deb yozdi BMT ning Toshkentdagi Axborot markazi.

BMTning bu maqsadlari esa¸ 2015 yilga qadar dunyo bo‘ylab qashshoqlik¸ ochlik¸ yuqumli kasalliklar epidemiyasi¸ onalar va bolalar o‘limini sezilarli ravishda kamaytirishni nazarda tutadi.

Ayni paytda¸ 22 sentyabr kuni davlat rahbarlari darajasida boshlanadigan BMT Bosh assambleyasi yig‘inida¸ O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlari borasida perzident Islom Karimovning nutq qilishi kutilmoqda.

Bu xabarni Ozodlikning BMT bosh qarorgohidagi muxbiri Nikolay Krastev tasdiqlaydi:

- BMT bosh assambleyasining 22 senyabr kuni boshlanadigan oliy darajali muhokamalari dasturiga ko‘ra¸ bu yig‘inda O‘zbekiston davlat rahbari – prezident Islom Karimov ma‘ruza qiladi. Bu esa¸ adashmasam¸ Toshkent rahbarining keyingi 10 yil ichida BMT minbaridan turib qiladigan ilk chiqishi bo‘ladi. Karimov so‘nggi bor BMT ning 2000 yil senyabr oyidagi Ming yillik sammitida qatnashgan va shundan beri O‘zbekiston nomidan BMT da¸ asosan¸ mamlakat Tashqi ishlar vaziri chiqish qilib kelayotgan edi¸ deydi Ozodlikning BMTdagi muxbiri.

Bosh assambleya yig‘ini dasturiga ko‘ra¸ Islom Karimov Braziliya va AQSh prezidentlari bilan ayni kunda chiqish qiladi¸ deb qo‘shimcha qiladi muxbirimiz.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov¸ Karimovning 10 yillik bu tanaffusi¸ Toshkent bilan G‘arb o‘rtasida davom etgan uzoq yillik sovuqchilik mahsuli edi¸ der ekan¸ O‘zbekiston prezidentining yana Nyu Yorkka yo‘l olganini¸ xalqaro siyosatdagi ustivor yo‘nalishlarning o‘zgargani¸ shuningdek Karimovning BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun bilan o‘rnatgan yaqin aloqalari ifodasi¸ sifatida talqin etadi.

- Buning sabablari ko‘p edi. Ulardan bittasi bu Andijon voqealari va shu voqealar bilan bog‘liq holdagi O‘zbekiston atrofidagi vaziyat edi. Lekin mana keyingi paytlarda O‘zbekiston va BMT, umuman O‘zbekiston va G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashayapti. Aynan BMT va uning Bosh kotibi o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashuviga, mening nazarimda, Qirg‘iziston voqealari sabab bo‘ldi. Aynan o‘sha iyun voqealarida Karimov bir necha marta Ban Ki Mun bilan telefonda bog‘landi va hattoki Ban Ki Munning O‘zbekistonga kelib ketishini taqozo qiladigan vaziyat paydo qildi, deydi Kamoliddin Rabbimov.

BMT Bosh assambleyasining 2000 yil 8 senyabr kungi sammitida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti¸ garchi yig‘in qashshoqlik va ochlikka qarshi global kurash masalalariga bag‘ishlangan bo‘lsada¸ ishtirokchilar diqqatini xalqaro xavfsizlik muammolari¸ birinchi galda Afg‘onistonning nafaqat Markaziy Osiyo¸ balki butun dunyo xavfsizligi uchun asosiy tahdid o‘chog‘iga aylanganiga qaratgan edi.

Oradan o‘tgan 10 yil¸ O‘zbekiston rahbari bayonotini quvvatlovchi voqealarga boy bo‘ldi va AQSh va NATO¸ qolaversa Osiyo davlatlari Afg‘onistonda yaratilgan ekstremizm va terror o‘chog‘ini bartaraf qilishni o‘z ustivor vazifalaridan biri deb belgiladi. Shu bois 22 senyabr kuni Islom Karimov BMT Bosh assambleyasiga donishmand va uzoqni ko‘zlovchi siyosatchi sifatida kirib borishi va hatto o‘zining 10 yil burungi ma‘ruzasidan iqtiboslar keltirishi mumkin.

Ammo¸ deydi bunday qarashdagi kuzatuvchilarga javoban Kamoliddin Rabbimov¸ o‘tgan 10 yil davomida Karimov global hamjamiyat uchun ustivor maqsad bo‘lishi lozim deb maslahat bergan xavfsizlik ildizlari O‘zbekistonning o‘zida bo‘shashib qoldi:

- Mening nazarimda, Karimov oldiga qo‘ygan aksariyat vazifalarni uddalay olmaganligini, O‘zbekiston bugungi kunda bankrot davlat ekanligini, xavfsizlik ham, iqtisod ham, siyosiy – hamma sohalarda O‘zbekistonning muammolari kamaymaganligi va hattoki ko‘payganligini o‘zi ham anglaydi. Lekin bu haqda u gapira olmaydi. O‘zbekistonda rivojlanish ham bo‘layapti, lekin bu rivojlanish o‘rta va kichik biznesdagi rivojlanish. Bu O‘zbekiston aholisining 5 foizigamikan, 10 foizgimikan aloqador xolos. Ayni paytda 30 foizdan ziyod aholimiz qashshoq yashayapti¸ deydi Rabbimov.

Albatta¸ 22 senyabr kuni Toshkent rahbarining BMT minbaridan turib¸ tahlilchi tilga olgan muammolar haqida emas¸ balki O‘zbekistonning aksincha Ming yillik rivojlanish dasturi bo‘yicha erishgan yutuqlari haqida gapirishi va bu borada O‘zbekiston modelini boshqalarga tavsiya qilishini kutish o‘rinliroq bo‘ladi.

Ayni paytda¸ Ozodlikning Nyu Yorkdagi muxbiriga ko‘ra¸ Islom Karimovning bu shaharda AQSh biznes guruhlari namoyandalari bilan uchrashib¸ ularga ham O‘zbekistondagi rivojlanish haqida gapirib berishi kutilmoqda.

Shuningdek¸ 10 yillik tanaffusdan so‘ng BMT sammitiga kelayotgan Karimovning¸ bu yig‘inda qatnashadigan 120 dan oshiq davlat rahbarlaridan ayrimlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi ham kutilmoqda.