AQShda o‘zbek qovunidan birinchi hosil olindi

AQShda birinchi marotaba etishtirilayotgan o‘zbek qovuni.

Qo‘shma Shtatlarda bosh pana topgan andijonlik qochqinlar ko‘magida Arizona shtatida o‘zbek qovunidan birinchi xosil olindi. Amerikaliklar uchun notanish o‘zbek qovunlari Kaliforniya, Arizona shtatlari bozorlariga chiqarilishi bilanoq o‘z haridorini topdi.

Amerikalik fermer Maykl MakKanzi Arizona shtatida bu yil 10 gektar maydonga birinchi marta o‘zbek qovunini ekib, mo‘l hosil oldi.

- Avvallari bu yerda bunaqa qovun yetishtirilmas edi. O‘zbek qovunini bu yil birinchi marta yetishtirdik. Juda mazali, juda shirin, deydi Maykl.

O‘zbek qovunidan birinchi hosil olishga amerikalik fermerga o‘zbekistonlik dehqonlar yordam berdi.

- Shu yaqin atrofda yashaydigan to‘rt o‘zbekistonlik siyosiy muhojir menga yordam berdi. Ular “Obi navvot” qovuni, uning mazasi haqida avvallari menga ko‘p gapirishgan edi. Shunaqa qovunni Amerikada qidirib-qidirib topa olganim yo‘q. Keyin, o‘ylab-o‘ylab shu qovunni birgalikda ekib ko‘rishga ahd qildik. O‘zbekistonlik do‘stlarim tanishlari orqali vatanlaridan to‘rtta qovun urug‘idan oldirishdi. Ularni yerga qadadik. Hosil o‘zbekistonlik fermer do‘stlarim kutganidek bo‘ldi, deydi Maykl MakKanzi.

Amerikaliklar uchun notanish o‘zbek qovunlari AQShning Kaliforniya va Arizona shtatlari bozorlariga chiqarilishi bilanoq o‘z xaridorini topdi.

- Taxminan 9000 dona shunaqa qovundan hosil oldik. Juda xaridorgir bo‘ldi. Odamlar aynan mana shu qovundan ko‘p so‘rashdi. Hozir ham menga telefon qilib, “O‘zbek qovunidan qoldimi?”, deb so‘rashayapti. Lekin, qolmadi, hammasi sotib bo‘lindi. Nasib qilsa, kelasi yil shunaqa qovundan kattaroq maydonga ekish niyatimiz bor, deydi Maykl MakKanzi.

Amerikalik qovunshunos Dennis Stovelning aytishicha, AQShning Kaliforniya, Arizona shtatlari iqlimi o‘zbek qovunini yetishtirish uchun juda qulay.

- Markaziy Kaliforniyaning dashtlari va issiq iqlimi bunaqa qovunni yetishtirish uchun juda qulay. Sababi qovunni shirin va mazali qiladigan ham issiq havo, deydi Stovel.

Xandalak bo‘ylikkinam sen unda zor men bunda zor

Amerikalik fermerga o‘zbek qovunini yetishtirishga yordam berganlar esa Arizona shtatida boshpana topgan andijonlik qochqinlar bo‘lib chiqdi. Ulardan biri Rahmatulla aka.

Andijonlik Rahmatullo aka Arizona shtatida dehqonchilik qilayapti.
- Qovunlarni yetishtirdik. Urug‘larini O‘zbekistondan olib kelgan edik. Bilsangiz “Obi novvot”, “Shakarpalak”, “Zarkokil”, o‘zimizning “Ko‘kcha xandalak”lardan ekkan edik. Xudoga shukur hosillarni yig‘ishtirdik. Hosillarimiz yaxshi bo‘ldi. Arizona sharoiti ham issiq sharoit bo‘lgani uchun O‘zbekistonning iqlimiga yaqin. Lekin biroz issiqroq. Ko‘proq suv talab qiladi. Bu yerda meva-sabzavot do‘konlarida xaridorlarga sotgan edik. Ancha yoqtirishdi. Ayniqsa, “Obi novvot”, Shakarpalak”ni bular ko‘rmagan ekan. Bularning o‘zining mahalliy qovunlari bor. Ular bizlarnikini ko‘rib hayron ham qolishdi. Chunki qovunlarimiz katta-katta bo‘ldi. Qovunlarning 15-20 poundga (1 pound – 453 gramm – tahr.) borganlari ham bo‘ldi.

Ozodlik: Mazasi qanaqa bo‘ldi?

- Mazasi O‘zbekistondagiday bo‘ldi.

Ozodlik: Hozir endi sotib bo‘linib, mavsum tugagandir.

- Ha, mavsum tugadi.

Ozodlik: Yaxshi ketdimi qovunlar?

- Ha, Xudoga shukur yaxshi. Xaridorgir bo‘ldi ancha. O‘zimiz urug‘lardan olib qoldik. Nasib qilsa, keyingi bahorgi mavsumda yana ekish planlarimiz ham yo‘q emas.

Ozodlik: Qancha akrga (1 akr – 0,4 gektarga teng – tahr.) ekdingizlar?

- 10 akr maydonga ekdik.

Ozodlik: Qancha hosil olindi?

- Donasini aniq ayta olmayman. 9-10 ming atrofida. Arizona mana Feniks cho‘l sharoitiyu. Shunga qovunlarda yorilish ko‘p bo‘ldi. Issiqdan bo‘ldimi balki. Biz endi urug‘imiz mana bu sharoitga moslashishi uchun biror mavsum ketar, deb o‘yladik. Keyingi yil uchun shu yerda pishgan qovunlarning urug‘idan olib qo‘ydik. Shu iqlimning urug‘lariga qanaqa ta‘sir qilarkan endi, Xudo xohlasa, keyingi mavsumda bilamiz.

Ozodlik: Keyingi mavsumda necha gektarga ekasizlar?

- Arizona sharoitida qattiqroq tavakkal bilan ekilar ekan. Chunki ba‘zan do‘l ham bo‘lib qolarkan. Shuning uchun katta maydonga tavakkal qilishga nima emasku, shu 10-15 akrga eksak bo‘laveradi, Xudo xohlasa.

Ozodlik: Kimyoviy o‘g‘itsiz qanaqa qilib yetishtirasizlar?

- Bu yerda, o‘zimizda ham mahalliy o‘g‘it deb qo‘yadiyu.

Ozodlik: Go‘ngmi?

- Go‘ngni ham go‘ng holatida solmaymiz. Kompos desa bu yerda mol, qo‘y go‘ngi bo‘ladi. Undan keyin o‘simlik chiqindilari, sabzavot chiqindilaridan tayyorlangan kompos bo‘ladi. Undan tashqari tovuqning go‘ngidan bo‘ladi. Tovuqning go‘ngi yaxshi. Yana bu yerda baliq chiqindilaridan tayyorlangan o‘g‘it bo‘ladi.

Ozodlik: Indeyslar o‘rgatgan buni amerikaliklarga.

- Yaqinda eshitdim. Baliqni qo‘yib, shuning ichiga urug‘ni ekar ekan-a?

Ozodlik: Shunaqa.

- Bularning o‘zlarining narsalari bor ekan. Hali buni to‘la tushunib yubormadigu, lekin shulardan foydalandik. Zararkunanda hashoratlarga qarshi ham ximikatlar ishlatilmaydi. Organik moddalardan tayyorlangan preparatlardan foydalaniladi. O‘simliklarning gullaridan olingan, ma‘lum hashorotlarni o‘ldiradigan.

Ozodlik: Qovundan tashqari yana nima yetishtirasizlar?

- O‘tgan mavsumda asosan Amerika sabzavotlaridan yetishtirgan edik. Rediska, sabzi, ko‘kpiyoz va hokazolarni yetishtirgan edik. Bularning o‘zlarining ko‘katlari bor. Shunaqalardan yetishtirgan edik. Bu yerning marketlaridagi marketingni o‘rganish uchun yana bir harakat qilib ko‘ramiz deyapmiz. Sabzavot sotish uchun marketlariga yana ozgina o‘rganishimiz kerak ekan. Bu yerda raqobat kuchli.

Ozodlik: Yetishtirilgan mahsulotlarni qanday sotasizlar?

- Biz fermer marketlariga olib bordik. Maykl MakKanzi bilan har xil restoranlarga, do‘konlarga tarqatib, shu yerlarda sotdik. “Bon apetit” degan restoran bor, shunga o‘xshagan restoranlar bor. Misol uchun “Bon apetit”ning besh-oltita joyda bir xil restoranlari bor.

Ozodlik: Bitta qovun necha puldan sotildi?

Arizona shtatidagi bozorlardan birida o‘zi yetishtirgan o‘zbek qovunini sotayotgan andijonlik qochqin.
- Kattasini 8 dollargacha sotdik. Tarvuzlarni ham shunaqa. Tarvuzlarning Amerika navlaridan ekkan edik. Ularni 10-12 dollargacha sotdik. Ko‘chada o‘zbekcha qilib ham sotdik.

Ozodlik: Nimaga qovun ekishga ahd qildingizlar?

- O‘zi vatanda men qovun ekishni yaxshi ko‘rardim. Qovun ekadigan odamlar biladi juda gashti boshqacha bo‘ladi. Oldin o‘zimiz vatanda qovun ekkanmizda. Bularning mana sabzavotlarini ekdik. Notanish sabzavotlar. Unga qanday ishlov berish kerak, qachon nima qilish kerak bilmaymiz. Uning kitoblarini topib o‘qish kerak. Qovun endi o‘zimiz qilgan ish bo‘lganligi uchun bizga sal qulayroq, osonroq bo‘lganda.

Ozodlik: Andijonda ham qovun yetishtirish bo‘yicha tajriba bormidi?

- Ha, Andijonda ham qovun ekkanmiz. Paxta, kartoshka, sabzi endi ancha narsalar yetishtirganmiz. Qovunda tajriba ko‘proq edi. Boshqa joyga kelsangiz, baribir ob-havo, iqlim sharoiti boshqachayu. Amerikaning o‘ziga xos bo‘lgan iqlimini o‘rgandik. Unga tajribasiz bo‘lmas ekan.

Ozodlik: Rahmatulla aka, siz ham Andijon voqealari bois kelib qolgansizda-a?

- Ha. Maydonda bo‘lganmiz. Maydonda o‘qqa tutilganimizdan keyin u yerdan kechasi yurib Teshiktoshga kelganmiz. Teshiktoshdan Qirg‘izistonga o‘tib, ikki oy Qirg‘iziston lagerlarida bo‘lgandan keyin Ruminiyaga kelgamiz. Keyin esa, Amerikaga.

Ozodlik: Oilangiz ham yoningizdami?

- Yo‘q, oilam O‘zbekistonda.

Ozodlik: Qovunning mazasi o‘zingizga yoqdimi?

- Ha. “Obi novvot”ning mazasi xuddi O‘zbekistondagiday. Arizonada ham 13 may kuni chiqqan bolalar bor. Ular ham yeb juda mazza qilishdi. Vatanni esladik. Yeganlarning hammasiga ma‘qul bo‘ldi.

Ozodlik: Barakasini bersin Rahmatulla aka.

- Aytganingiz kelsin, deydi Rahmatulla aka.

Rahmatulla aka 2005 yil 13 may kuni Andijondagi qirg‘in payti o‘q yomg‘iridan omon qolgan yuzlab qochqinlarning biri.

Boshqa ko‘plab andijonlik qochqinlar qatori Rahmatulla akaning ham oilasi O‘zbekistonda qolgan.

Amerikalik fermer Maykl MakKanzi andijonliklarning achchiq qismatidan yaxshi xabardor ekanini aytadi.

- Bu insonlarning achchiq qismati meni ularga yordam qo‘lini cho‘zishga undadi. Bu insonlar O‘zbekistonda orttirgan tajribasini Amerikaga kelib, qo‘llashmoqda va ayni paytda O‘zbekistonda qolgan oilalariga ham yordam qilishmoqda, deydi Maykl MakKanzi.

Hozir AQShda 150dan ortiq andijonlik qochqin boshpana topgan. Ular Andijon qirg‘ini paytida Qirg‘izistonga qochib o‘tgan va u yerdan BMT qochqinlar idorasi yordamida Yevropa, Avstraliya, Amerika davlatlariga olib o‘tilgan 500dan ortiq andijonlik orasida bo‘lagi. AQShda boshpana topgan andijonliklar Aydaho, Arizona, Ohayo, Chikago, Pensilvaniya shtatlari bo‘ylab yoyilgan.