Asqarovning yaqinlari qayta tergov o`tkazishni talab qilishmoqda

Qo‘shnilar guvohligiga ko‘ra, Azimjon Asqarov hech qachon millatchi bo‘lmagan.

15 sentabr kuni Jalolobod viloyati Novken tuman sudi tomonidan bir umirlik qamoq jazosiga va mol-mulki musodara qilinishga hukum etilgan qirg`izistonlik huquq himoyachi Azimjon Asqarovning yaqinlari jinoyat ishi qayta tergovga yuborilishini talab qilishmoqda.

Maqolaning audiosini eshiting:



Huquq himoyachisi Azimjon Asqarov Jalolobod viloyatining Bozorqo`rg`on tumanida istiqomat qiladi. Hozirda uning uyi darvozalari berk, onasi, xotini va bolalari o`z uyini tashlab, o`zlarining Toshkentda istiqomat qiluvchi qarindoshlarinikida yashashmoqda.

Qarindoshlari Azimjon Asqarovga qo`yilayotgan ayiblovlarni asossiz, deb hisoblashadi.

Shu yilning 15 sentabr kuni bo`lib o`tgan sud mahkamasida huquq himoyachisi Azimjon Asqarov o`z faoliyatida faqat o`zbeklar huquqini himoya qilganlikda ayblangan, biroq huquq himoyachisining kelini Turdixon Asqarova bu ayblovni inkor qildi:

- Sud qarori bizningcha noto`g`ri bo`ldi. Biz yaqinlari o`kinichdamiz. Bu noto`g`ri qaror bo`ldi. Azimjon Asqarov huquq himoyachisi edi. Kim murojaat qilsa, xammaning huquqini himoya qilar edi. O`z haqqini talab qilolmaganlar, qirg`izlar ham kelar edi. Hammaga teng inson edi-da, - dedi Azimjon Asqarovning kelini Turdixon Asqarova.

Maxkama jarayonida ko`rsatma bergan mahalliy militsiya xodimlari va davlat qoralovchilari Azimjon Asqarovni shu yilning 13 iyun kuni Bozorqo`rg`on tumanidagi ko`prikda to`plangan odamlar orasida bo`lganini va o`sha yerdagi militsiya rahbarini qo`lga olib, qolgan militsiya xodimlarini o`ldirishga buyruq berganini ta`kidlaganlar.

Bundan tashqari uning uyi tekshirilganida o`q dori va “Hizb ut - Tahrir” oqimiga tegishli disk va varaqalar chiqqani aytiladi.

Biroq Azimjon Asqarovning singlisi Marxamatxon Asqarova bu ayblovni tuhmat sifatida baholaydi.

- U uyda o`tirgan, hech qayoqqa chiqqani yo`q. Bu tuhmat yolg`on bu. Bu o`zimizning melisalarni qilgan ishi, bu yerda tuhmat bo`ldi. Eshikni tagidan bular o`q otishdi, 3ta. Men o`sha o`qlarini berkitib qo`yganman. Ollohga ishongan holda guvohlik beraman, uydan o`q, qurol degan narsa chiqmagan, - dedi Marxamatxon Asqarova.

Ayni payitda Azimjon Asqarovning qo`shnilari ham mahkamada guvohlik bergan militsiya xodimlardan farqli o`laroq, 13 iyun kuni huquq himoyachisi o`z uyida bo`lganligini aytishadi:

- Mana, men shu yerdagi qo`shnisiman, ana shu urush bo`lgan kuniyam, ertalabda “urush bo`lyapti”, deyilganida bu kishi uyida uxlayotgandi. Xotini chiqib “Azimjonni turing desam unamayapti, “Mol bozorga o`t qo`yib yuborishibdi”, deyishyapti desam, ”Dovdir, mol bozor to`rtta devor bo`lsa, qayeriga o`t qo`yadi”, deb Azimjon uyda uxlayapti”, degan. O`shanda men guvoh edim. 13 - kuni bozor kuni edi. U hammaga yordam berardi. Qirg`izlardan do`stlari bor edi, kelardi ketardi. Juda ular bilan mexribon, yaxshi yashardi. To`ylar bo`lsa, o`limlar bo`lsa kelib yotib qolishardi. Qirg`izlar bilan rosa inoq edi, - deydi Azimjon Asqarovning qo`shnisi.

Qirg`izistonlik o`zbek inson huquq faoli Azimjon Asqarovga militsiya xodimi o`ldirilishiga aloqadorlik, iyun oyida O`sh va Jalolobod viloyatlaridagi qonli voqealar kelib chiqishiga sabab bo`lgan ommaviy tartibsizliklarni uyushtirganlik, millatlararo nizo keltirib chiqarganlik va boshqa ayblovlar qo`yilgan.

15 sentabr kungi mahkamada sudya Azimjon Asqarovga qo`yilgan ayrim ayblovlar bo`yicha aybdor, ba`zilari bo`yicha ayibsiz deb topdi. Jumladan, Azimjon Asqarovdan diniy –ekstremistik guruhga aloqadorlik aybi olib tashlandi. Biroq u militsya xodimini o`ldirishda aybdor deb topildi va mol - mulkini musodara qilish bilan bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilindi.

Azimjon Asqarov yaqinlari jinoiy ish qayta tergov qilinishini talab qilishmoqda.

- Begunoh-da, aybi bo`lganda ham mayli edi. Haqiqatni topishsin, mayli rozimiz. Odamlarni o`ldirganlarni topishsin, mana shu to`palondi boshlaganlarni topishsin, istashsin, qidirsin. Begunoh odamga jinoyatchilarning aybini qo`yishmasin. Biz arzlanamiz, qayerga bo`lsa ham boramiz, bizning talabimiz shu, -deyishadi Azimjon Asqarovning yaqinlari.