O‘zbekistonlik mashinasini yoqqan rus deputati mandatidan ayrildi

Rossiyaning Leningrad viloyatidagi “Svetloye” ko‘li bo‘yida O‘zbekiston fuqarosiga tegishli avtomobilni yoqib yuborganlikda gumonlanayotgan “Krasnenkaya rechka” munitsipal okrugi deputati Aleksey Ivanov deputatlik vakolatini topshirdi.

“Rosbalt.ru” saytining minitsipal okrug matbuot xizmatiga tayanib yoyinlagan xabariga ko‘ra, Aleksey Ivanov hozirda deputatlar ro‘yxatida yo‘q, biroq uning qaysi partiyadan ekani oshkor qilinmayapti.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, 40 yoshli Aleksey Ivanov sherigi bilan birgalikda “Svyetloye” ko‘li bo‘yidagi yo‘lda ketayotgan, o‘zbekistonlik 32 yoshli fuqaroga tegishli “Jiguli” avtomobilini to‘xtatgan.

Ikki o‘rtada janjal kelib chiqqach, Ivanov va uning sherigi ov pichog‘i bilan tahdid qilib, mashinadan o‘zbekistonlikni va uning xotini bilan o‘g‘lini tushirib, mashinani yoqib yuborganlar.

Sobiq deputat va uning sherigiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.