Andijonlik qochqin oila olti yillik ayriliqdan so‘ng birlashdi

Andijonlik qochqin Zuhra Karimova olti yillik ayriqlidan so‘ng qizlari bilan topishdi.

Andijonlik qochqin oilaning O‘zbekistonda qolib ketgan besh farzandi Chexiya Ichki ishlar vazirligi ko‘magida Pragaga olib kelindi.

2005 yil 13 may voqealari kuni Abdusalom va uning rafiqasi Zuhraxon Andijonni tashlab qochishganida, ularning besh nafar farzandi O‘zbekistonda qolib ketgan edi.

O‘sha yili Abdusalom va Zuhraxon Chexiyada siyosiy qochqin maqomida yashay boshlashdi.

Andijonda qolgan farzandlari bilan birinchi yili mutlaqo muloqot bo‘lmadi.

Keyingi besh yil ichida ba‘zan telefonda, ba‘zan Skypeda gaplashib turishdi.

Abdusalomning oltinchi farzandi Abubakr esa muhojirlikda dunyoga keldi.

Oradan 6 yil o‘tib Abdusalom va Zuhraxonning O‘zbekistondagi farzandlari Chexiyaga olib kelindi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Андижонлик қочқин оила олти йиллик айрилиқдан сўнг бирлашди



Chexiya Ichki ishlar vazirligining “oilani birlashtirish” dasturi asosida besh farzand buvisi Zarnigor opa hamrohligida Pragaga keldi.

Besh bolani olti yil mobaynida parvarish qilgan 60 yashar Zarnigor opa bu farzandlarni ota-onasiga topshirib yana O‘zbekistonga qaytishini aytdi.

- Toshkentga elchixonaga uchradim. Ular ham chiroyli muomala qilib, hamma yog‘imizni chiroyli qilib berdi. Ikki kunda hujjatimizni tayyorlab berdi. “Olib ketayapsizmi?” deb so‘radi. “Ha, men olib ketayapman. Beshta bolani olib chiqib ketayapman” desam, “Qaytarib olib kelasizmi?” dedi. “Yo‘q, bularni men ota-onasiga olib ketayapman. O‘zim ozgina turib qaytib kelaman” desam, “Yaxshi, yaxshi borib keling. Yaxshi o‘ynab keling. Oq yo‘l” dedi. Shu bilan keldim, deydi Zarnigor opa.

Zarnigor opaning 36 yashar o‘g‘li Nodirbek ham 13 may kuni O‘zbekistondan qochib ketgan va Chexiyadan panoh topgan edi.

Zarnigor opa olti yil ko‘rmagan o‘g‘li Nodirbek bilan Pragada diydor ko‘rishdi.

Teshiktoshda o‘qlar ajratgan ona-bola 6 yil o‘tib Pragada uchrashdi.
- Men bolalarimni qidirib kelayotsam, shunday qo‘limdan tutib “onajonim” deganida qarasam bolam ekan. Men hatto bolam yonimga kelib qolganini ham sezmadim. Ro‘paramdagi insonlarga qaradim¸ xolos. yonimdan kelib mahkam quchoqlaganida, o‘zimning bolam ekanligini bildim, deydi Zarnigor opa.

Nodirbek 2005 yilning 13 mayi kuni onasi Zarnigor opa va otasi Qodirjon akalar bilan birgalikda Andijondan qochgan edi.

Qochqinlar Teshiktoshga yetganida pistirmadan o‘qqa tutiladi - o‘q Nodirning otasiga tegadi. Ota-onamni Teshiktoshga tashlab kelgan edim, deydi Nodirbek.

- 1000dan oshiq odam tepalikka qarab yurganmiz. Shu paytda tepadan soldatlar otishgan. O‘qlarning uchib kelayotganini ko‘rganman. Bolalar “Dadangni ko‘rdingmi?” deyishdi. “Yo‘q, ko‘rmadim” desam, “Dadang o‘q yebdi. Onangni bir uyga olib kirib qo‘ydik” dedi. “Nima bo‘libdi?” desam, “Oyog‘idan o‘q yebdi” dedi. Keyin so‘rasam oyog‘idan emas qovug‘idan o‘q yegan ekan. O‘sha paytda hatto o‘zim yordam bera olmaganimdan afsus qilaman. Lekin noiloj edik, deydi Nodirbek.

Nodirbek onasi va jiyanlari bilan uchrashganidan mamnun.

Besh farzand olti yil mobaynida ota-ona mehriga tashna yashashdi, deydi Zarnigor opa.

Abdusalom Karimov olti yillik ayriliqdan so‘ng farzandlari bilan uchrashdi
- Albatta, ota-onasining o‘rnini bosish qiyin baribir. Ming nima qilganingiz bilan o‘z ota-onasining o‘rnini hech kim bosa olmaydi. Bir-bir yarim yil qiyinchilik bo‘ldi ularga. Undan keyin sekin-sekin ota-onasining tovushini eshitib, ota-onamiz bor¸ deb keyin chiroyli yashab, chiroyli o‘qib yurishdi. Ota-onaga tashna bo‘lib yurishdi baribir. Biz hamma narsani imkon qilib yedirib-ichirgan chog‘imizda ham o‘zining ota-onasining qattiq noni boshqacha bo‘ladi. Hammasi ham o‘z farzandlariga yetishsin. Hammasi ota-onasi bilan birga bo‘lsin. Hech kim ota-onasidan ayrilmasin, deydi Zarnigor opa.

Ayni paytda bolalarini bag‘riga bosgan Zuhraxon Chexiya Ichki ishlar vazirligi mulozimlaridan minnatdor.

Rahminiso Andijonda qolganida 20 oylik go‘dak edi...
- Albatta¸ ularga juda katta minnatdorchilik bildiraman. Shuncha yildan keyin bo‘lsa ham va‘dasining ustidan chiqishdi. Olti yil oldin hammasini olib kelib beramiz deb va‘da bergan bo‘lsa, 8 oy oldin olti yil oldingi so‘zni qo‘yib aytgan bo‘lsak, ko‘mak berishib mana va‘dasining ustidan chiqishdi. Buning uchun shu ishni qilayotganlarning hammasiga rahmatimizni aytamiz. Hammasidan Olloh rozi bo‘lsin, deydi Zuhraxon.

2005 yil 13 may voqealaridan so‘ng 440 nafar andijonlik qochqin oldiniga Ruminiyadan, keyin esa dunyoning turli mamlakatlaridan siyosiy boshpana olishdi.

BMT qochqinlar idorasi va G‘arb davlatlari yordamida qochqinlarning 200 dan ortiq yaqinlari O‘zbekistondan chiqib oilasi bilan birlashdi.

Ayni paytda yana o‘nlab andijonlik qochqinlarning farzandlari ayriliqda yashamoqda.