RSF: O‘zbekiston internetda milliy chegara o‘rnatmoqchi

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti O‘zbekistonda ijtimoiy axborot vositalarini nazorat qiladigan hukumat komissiyasi tuzilganini qoraladi.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti 25 avgust kuni tarqatgan bayonotga ko‘ra¸ O‘zbekiston hukumati ijtimoiy axborot vositalarini nazorat qilish niyatida tashkil qilgan komissiya nazoratni quyi agentliklar ixtiyoridan o‘z qo‘liga olish va shu bilan internetda o‘z milliy chegaralarini o‘rnatishni rejalamoqda.

5 avgust kuni O‘zbekiston hukumatining “Ommaviy kommunikatsiyalar sohasida monitoring tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e‘lon qilingan va unga muvofiq 13 mansabdordan iborat bo‘lgan ekspert komissiyasi tashkil qilingan edi.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakili Yohan Bir bu kommisiya tashkil etilishidan bir necha kun o‘tiboq mamlakatdagi internet tarmoqlarining keng ko‘lamda to‘silishiga e‘tibor qaratdi.

- Biz keyingi bir necha hafta, hattoki, oy ichida O‘zbekistonda internet senzurasining yanada kuchayganini kuzatdik. Yaqinda prezident Islom Karimov va bir necha parlament a‘zolarining shunga ishorat beruvchi nutqlari bo‘lgan edi va kuzatuvlarimizga ko‘ra, aytilgan so‘zlar hozir amalda qo‘llanilmoqda.

Xususan¸ 9-10 avgust kunlari internetning ommaviy ravishda blok qilinishini kuzatdik. Bungacha internetning bu qadar keng ko‘lamda filtrlanishi yoki blok qilinishi O‘zbekistonda kuzatilmagan edi.

Hozirga kelib, O‘zbekistonda ruscha yirik xalqaro onlayn axborot vositalari, jumladan, Lenta.ru, Gazeta.ru, New York Times, Reuter, Bloomberg kabi ko‘plab onlayn nashrlar filtr qilinmoqda. Farqli jihati shundaki, hatto, sport xabarlari beriladigan Sovsport.ru saytining ham filtr qilinganini kuzatdik. Hattoki, Google qidiruv tizimi ham bir necha kun blok qilinganini kuzatdik, deydi Yohan Bir.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakiliga ko‘ra, garchi rasman qator texnik sabablar tilga olinayotgan bo‘lsa-da, aslida O‘zbekiston hukumatining aynan onlayn media ustidan nazoratni kuchaytirish istagida ekani va buning uchun astoydil harakat qilayotgani ochiq fakt ekanini hamisha e‘tiborda tutish lozim.

- Mana endi 5 avgust kungi hukumat qarori bilan virtual mediani nazorat qilish uchun yaratilayotgan yangi rasmiy komissiya haqidagi xabarni olayapmiz. Biz bugungi press-relizda aynan shu tashkilotga e‘tiborni qaratganmiz. Bu komissiya 5 avgust kuni O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi tomonidan tuzildi va “ekspertlar komissiyasi”, deb taqdim qilindi.

Bu komissiya axborot va ijtimoiy ommaviy axborot vositalari orasida O‘zbekiston milliy madaniyati, zehniyatiga tahdid soluvchi “destruktiv”, deb topilgan saytlarni topish hamda ularni blok qilish uchun O‘zbekiston hukumati shu vaqtgacha qo‘llab kelayotgan ko‘plab vositalar sirasiga qo‘shilgan yana bir ulkan vositadir, deb hisoblaydi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakili Yohan Bir.

Suhbatdosh xulosasicha, bu komissiya hukumat bo‘g‘inlarida matbuotni bo‘g‘ish bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlar faoliyatini bir tizimga soluvchi, umumlashtirgan holda chora ko‘rib, qaror qabul qiluvchi bir tashkilot bo‘ladi.

- O‘zbekistondagi siyosiy piramida tepasida turgan Vazirlar Mahkamasi onlayn-matbuot yoki ijtimoiy ommaviy axborot vositalari nazoratini o‘zidan quyidagi agentliklar ixtiyoridan bevosita o‘z nazoratiga olmoqda. Bu esa O‘zbekiston hukumati internetdagi axborot kurashini juda yaxshi anglab yetayotganini ko‘rsatadi va shu vaqtga qadar mamlakat rasmiylari bayonot berganidek, bu sohani to‘liq o‘z nazoratiga olish harakatlari bormoqda, - deydi Yoxan Bir.

Yohan Bir arab isënlaridan keyin O‘zbekiston prezidenti bergan bayonotlarni nazarda tutar ekan, ayni paytda Internetda mavjud ommaviy ijtimoiy tarmoqlarni blok qilish yoxud filtrlash bilan birga O‘zbekiston hukumati o‘z ijtimoiy tarmoqlarini yaratish orqali Internetda o‘z milliy chegaralarini yaratishga urinayotganini ham qo‘shimcha qilib o‘tdi.

- Misol uchun, 1 sentabrdan boshlab Muloqot.uz degan ijtimoiy tarmoq ishga tushirilishi haqida rasmiy xabar bo‘ldi. Bu bilan O‘zbekiston hukumati dunyoni tutashtirgan Internetda o‘z milliy chegaralarini o‘rnatishga urinmoqda. Afsuski, bu harakat O‘zbekiston bilan cheklanayotgani yo‘q. Yaqinda Qozog‘istonda ham shunday urinishlarni kuzatdik.

Albatta, boshqa tarmoqlarga yo‘l berkilganidan keyin o‘zbekistonlik foydalanuvchilarda ichki tarmoqlarga murojaat qilishdan boshqa imkon qolmaydigandek ko‘rinadi. Ammo, aslida o‘z nomi bilan "Dunyo o‘rgimchak to‘ri", deb atalgan internetga kirish yo‘llarini hech qachon to‘sib bo‘lmaydi. Yo proksi yoki boshqa ko‘plab yo‘llar bilan Internetga kirish yo‘lini har doim topish mumkin.

Markaziy Osiyo hukumatlari, xususan, O‘zbekiston hukumatining ulkan kuch va mablag‘ sarflab ijtimoiy axborot vositalarini cheklashga urinishi Internetga kirish yo‘lini mushkullashtirishi, qanchadir muddatga kechiktirishi mumkin, xolos, deb xulosa qiladi Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti vakili Yohan Bir.