Bayram Toshkent bozori narxlariga ta‘sir qilmadi

Bozor ma‘muriyati va toshkentlik xaridorlar shu yil ochilgan "Elga xizmat" yarmarkalari narxni nisbatan ushlab turganini aytmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan poytaxtliklarga ko‘ra¸ odatda yangi yil arafasida ko‘tarilib ketadigan go‘sht, guruch, mosh, tuxum, saryog‘, shakar, un, sabzavot va mevalar narxining bu yil nisbatan barqaror qolayotgani kuzatilmoqda.

Buni ko‘z-ko‘z qilayotgan O‘zbekiston rasmiy matbuoti narxlar barqarorligini sababini prezident farmoni bilan poytaxtdagi 12 ta dehqon bozorida tashkil qilingan "Elga xizmat" yarmarkalariga bog‘lamoqda.

Jumladan, O‘zA agentligi 27 dekabr kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, "Toshbozortayyorlovsavdo" uyushmasi qoshida tashkil etilgan "Elga xizmat" sho‘‘ba korxonasi yordamida shaharning 60 nuqtasida yarmarkalar ochilgan va ularning hammasida plastik kartochkalar yordamida savdo qilinmoqda.

Rasmiy agentlikka ko‘ra¸ poytaxt bozorlarida ochilgan bu yarmarkalarda uzluksiz savdoni yurgizib turish uchun respublikaning turli viloyatlaridan go‘sht, guruch kabi mahsulotlar keltirilmoqda.

Toshkent shahar Sergeli tumanidagi dehqon bozorining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, "Elga xizmat" yarmarkalaridagi mahsulotlarning olib kelinish tartibi o‘zgarmagan.

- Tunda optoviy bozordan dehqonlarning o‘zidan mahsulotlar arzon narxlarda sotib olinadi. Ustavga ko‘ra, dehqonlardagi narx ustiga 10 foiz qo‘yiladi-da¸ o‘zimizning yarmarkada sotiladi. Shuning uchun oltita shtat ochilgan, shtatdagi sotuvchilar arzon narxlarda sotadi, deydi bozor ma‘muriyati vakili.

Aviasozlar dahasidagi dehqon bozoridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, savdo yarmarkalari kuniga ertalab soat 8 dan kechki soat 7 ga qadar ishlab turibdi.

- Narxlari arzon. Shu hamma sabzavotlar sotilayapti. Keyin go‘sht. 12 ming so‘mdan narx belgilangan, shu narxda sotilayapti, deydi ushbu bozor ma‘muriyati vakili.

Dehqon bozorlari ma‘muriyatlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, "Elga xizmat" yarmarkalarining aholi uchun eng qulay tomoni plastik kartochkalarida savdo qilinishidir.

- Shuning uchun bizda mahsulotlar sal erta tugab qolyapti. Hozir endi rastalarni kengaytirish ustida ishlyapmiz, deydi Sergeli tuman dehqon bozori mutasaddisi.

Ushbu yarmarkalarni tashkil qilgan "Toshbozortayyorlovsavdo" uyushmasi rahbariyatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bu yarmarkalar faoliyati cheklanmagan muddatda davom ettiriladi.

Ayni paytda uyushma rahbariyati arzonroq narxda plastik kartochkalarda savdo qilish imkoni bo‘lgan yarmakarkalarni kengaytirish rejasiga oid savollarga javob bermadi.

Shu kunlarda Yangi yil bayrami uchun Chorsu dehqon bozoridan savdo qilgan va aynan "Elga xizmat" yarmarkasi xizmatidan foydalangan toshkentlik Shavkat Badalov odatiy va yangi savdo rastalaridagi farqli jihatlarni tilga oladi.

- Bozorda tuxumday piyoz 1000 so‘m bo‘lsa, bu yerda tuxumday va undan sal kattarog‘i 950 so‘m. Sortirovka qilinmaganda yarmarkada. Kecha men qo‘l bozorning fasovka qilingan go‘shtini ham so‘radim. Mol go‘shtining kilosini 16 ming, deyapti. "Elga xizmat"da 11 ming so‘m.

Albatta¸ sifatini taqqoslab bo‘lmaydi. O‘ziga to‘q oilalar bo‘lsa, qo‘l bozordan sara-sara ajratilganlarini olib ketishayapti. Qo‘li yupqarog‘i plastikka yarmarkadan savdo qilyapti, deydi toshkentlik xaridor.

Toshkentlik yana bir suhbatdoshimizning so‘zlariga ko‘ra, dehqon bozorlaridagi odatiy rastalarda yangi yil oldi narxlar baribir ko‘tarilgan va bu ko‘proq davlat nazorati ostida tashkil qilingan "Elga xizmat" yarmarkalarida sotilmayotgan mahsulotlarga daxldordir.

Bular, odatda, Yangi yil dasturxoni bezagi bo‘ladigan va xorijdan keltiriladigan tropik mevalar, shuningdek, qish mavsumiga kelib O‘zbekistonda kamyoblashib qoladigan mahalliy meva mahsulotlaridir.

Toshkentlik suhbatdoshlarga ko‘ra, prezident farmoni bilan tashkil qilingan savdo yarmarkalari poytaxtning puldor va kambag‘al qatlami o‘rtasidagi farqni yaqqol ko‘rsatuvchi bir mezonga ham aylanib ulgurgan.

- Albatta, bor tabaqalanish, bor. Hamma mahsulotda ham bor tabaqalanish. Mayli shundoq bo‘lsa ham, bundoqroq bo‘lsa ham o‘rtahol, nochor oilalarning cho‘ntagi ko‘taradigan darajadagi narxda sotiladigan mahsulot bo‘lsa, shunisiga ham shukur, deydi shu kunlarda Toshkentdagi Chorsu dehqon bozrida ishlab turgan "Elga xizmat" yarmarkasidan savdo qilgan toshkentlik xaridor.

O‘zA chop etgan rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, shu yil mart oyida boshlangan "Elga xizmat"savdo yarmarkalarida noyabr oyi oxiriga qadar jami 15 milliard so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti sotilgan va kelgusida arzon narxdagi mahsulot savdosini kengaytirish rejalanmoqda.