O‘zbek futboli: mafiya, sport va ishqibozlar

4 aprel kuni futbol ishqibozlarining “Paxtakor” klubi vitse-prezidenti Samvel Babayanning iste‘fosini talab qilib chiqishi o‘zbek futbol olamini "zirillatdi".

“Babayan, v otstavku”


Joriy yilning 4 aprel kuni Toshkentdagi "Jar" stadionida o‘tkazilgan "Paxtakor" va "Al Arabi" jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 3:1 hisobida yakunlanib, o‘zbek ishqibozlarini quvontirdi.

Biroq ushbu o‘yin o‘zbek futbol olamida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.

O‘sha kuni “Jar” stadioniga yig‘ilgan “Paxtakor” fan klubi a‘zolari klubning vitse-prezidenti Samvel Babayanning iste‘fosini talab qilib, “Babayan, v otstavku” degan plakatni ko‘tarib chiqishdi.

41 yoshli Samvel Babayan “Paxtakor” klubida 2002 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.

Norozi ishqibozlar bosimga uchradi


Xavfsizlik yuzasidan ismi sir qolishini istagan manbaning aytishicha, Babayanning iste‘fosini talab qilgan futbol ishqibozlaridan ayrimlari ta‘qibga uchragan.

- O‘zbekistonda futbol o‘yinlari bo‘lgan payti xavfsizlik xizmatlari videoga olishadi. O‘sha video orqali kimlar plakatni ko‘targanini aniqlashgan. Ularning barchasini militsiya bo‘limlariga olib borib so‘roq qilishdi. Keyin yigitlarga jarima solishdi,- dedi manba.

Twitter ijtimoiy tarmog‘i orqali ham Babayan iste‘fosini talab qilgan futbol ishqibozlari jarimaga tortilgani va ular olti nafar ekani haqida xabarlar tarqatildi. Biroq ishqibozlarning nima asosda jarimaga tortilgani ma‘lum emas.

“Paxtakor” fan klubi boshlig‘i Izzat Asatillayev mavzu borasida Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.


“Babayan, v otstavku-2” yohud siquvga olingan muxlis qismati”


“Jar” stadionida plakat ko‘tarish voqeasi ortidan Fk.uz saytida “Babayan, v otstavku-2” yohud siquvga olingan muxlis qismati” nomli maqola e‘lon qilindi, biroq keyinchalik maqola saytdan olib tashlandi.

Samvel Babayan "Paxtakor"da 10 yildan buyon faoliyat yuritmoqda.

"Paxtakor" klubi direktori o‘rinbosari Ravshan Salimov Futgol gazetasiga bergan intervyusida Fk.uz sayti ma‘muriyatidan ushbu maqolani olib tashlashni iltimos qilganini tan olgan.

Hozirda Uzsat.net saytiga joylashtirilgan ushbu maqolada "Paxtakor" fan klubi a‘zosi Aziz Qurbonov Babayan iste‘fosini talab qilib plakat ko‘targan muxlislardan biri bo‘lgani va ushbu voqeadan keyin ularga nisbatan Babayan tomonidan bosim bo‘lgani haqida yoziladi.

Jurnalist Farhod Norbo‘tayev bilan suhbatda Aziz Qurbonov o‘ziga nisbatan bosim bo‘lgani natijasida plakatni yozgan uch kishining ismini Babayan qo‘riqchilariga “sotgani” aytiladi.

Fk.uz sayti xabariga ko‘ra, keyinchalik ushbu uch kishi Ichki ishlar bo‘limiga olib borib, so‘roq qilingan.


“Paxtakor” fan klubi raddiyasi


17 aprel kungi “Al Arabi”- “Paxtakor” o‘yinini kuzatish uchun Dohaga ketgan Samvel Babayan bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan "Paxtakor" vakillaridan biri, plakat voqeasi va uning ortidan paydo bo‘lgan gap-so‘zlar ahamiyatini pasaytirishga urindi. Unga ko‘ra, futbol olamida bo‘lib turadigan mish-mishlarga ko‘p ham ahamiyat qaratish kerak emas.

“Paxtakor” fan klubi "Jar" stadionida Babayan iste‘fosi talabi bilan bo‘lgan aktsiyasi borasida mahalliy matbuot orqali e‘lon qilgan raddiyada "Kuni kecha "Jar" stadionida klubimiz rahbari nomiga ko‘rsatilgan banner, fan klubning ishiga qarshi va o‘zlari uchun yangi guruh tuzib olmoqchi bo‘lgan kishilar nomidan ishlab chiqilgan ekan. Ularnig maqsadi nima edi bilmadik. Hozir ular bilan ichki ishlar xodimlari shug‘ullanishyapti. Alam qiladigani bizni bayram kayfiyatimizni buzishdi. Shaxsan biz klub rahbarlariga ishonamiz. Akademiyamiz va boshqalar aynan shularning sharofati bilan gullamoqda” deyiladi.

Babayanga qarshi kampaniya


​Futbol sharhlovchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, Babayanga nisbatan e‘tirozlar futbol ishqibozlari orasida anchadan beri kuchayib kelayotgan bo‘lgan.

null

Shu kunlarda Internetdagi turli saytlarda, jumladan, Wikipedia.org saytining “Paxtakor" klubiga oid ingliz tilidagi ikkita maqola chop qilingan sahifalarda Babayan iste‘fosini talab qiluvchi chaqiriqlar joylashtirilgan.

O‘zbekiston sport olamidan yaqin xabardor va futbol dunyosiga bevosita aloqador bo‘lgan, biroq o‘zini oshkor qilishni istamagan manba Samvel Babayan iste‘fosini talab qiluvchi norozi ishqibozlar chiqishini shunday izohladi.

“Babayan futbol mafiyalaridan biri. U militsiyani ham matbuotni ham qo‘rqitib qo‘ygan. O‘zbekiston chempionatlarida sudyalarni sotib oladi. G‘irrom o‘yin qiladi. U shartnomasi tugagan futbolchilarni qo‘rqitib, shartnomasini cho‘zdiradi. Futbolchilarning oyligini bermaydi yoki uzoq yillik kontraktlarga qo‘l qo‘ydirib, aldab o‘ynatadi. Babayan faqat o‘z chizgan chizig‘idan chiqmaydigan trenerlarni ishlatadi. Babayan Botir Rahimovning odami. Botir Rahimov "Paxtakor"ning prezidenti edi, u qamalib ham chiqdi. Babayan hanuz Botir Rahimov ko‘magidan foydalanadi. Keyingi paytda "Paxtakor"ning o‘yinidan hech kim qoniqmayapti. Qiziqarli o‘yin ko‘rsata olmayapti”, dedi o‘zbek futboliga bevosita aloqador manba.

O‘zbek futboliga aloqador boshqa bir manba esa Babayanning futbolchilarni "shantaj" qilish usullari haqidagi ma‘lumotnomani Ozodlikka taqdim qildi.

Ushbu ma‘lumotnomada "shantaj" qurboni bo‘lgan ayrim futbolchilarning ism-shariflari ham keltirilgan. Biz ushbu o‘yinchilarning o‘zlari bilan bog‘lanib, bunga aniqlik kirita olmaganimiz bois, ularning ismlarini e‘lon qilmayapmiz.

"Babayanning futbolchilarni aldov yo‘li bilan boshqa jamoalarga sotishi yo bo‘lmasa ijaraga berishi xuddi odam savdosiga o‘xshaydi. Avvaliga pasport olib qo‘yiladi va so‘ng jabrdiyda futbolchini istagan kuyga solishadi. Bo‘ysunmagan futbolchilar esa FutbolMed-tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmaydi" deyiladi ushbu ma‘lumotnomada.

“Paxtakor”ga paxta qo‘yish shart emas


17 aprel kuni “Futgol” gazetasida chop etilgan "Paxtakor”ga paxta qo‘yish shart emas” nomli maqolada "Paxtakor" klubi rahbariyati tomonidan futbol ishqibozlariga nisbatan bosim bo‘layotgani butunlay inkor qilinadi.

Futgol gazetasida Samvel Babayan bilan suhbat e‘lon qilindi.

Samvel Babayan gazetaga bergan intervьyusida “Bilmadim nega, fan-klub ichidagi ayrim insonlar alohida guruh tashkil qilishni lozim topishibdi. Futbol faxriylari “Paxtakor” haqida har qanday fikrni bildirsin, to‘g‘ri qabul qilaman. Lekin bunaqa muxlisning munosabatini menga ahamiyati yo‘q” degan fikrlarni bildirgan.

Ayni paytda Twitter va Facebook ijtimoiy tarmoqlarida “Jar” stadionida Babayan iste‘fosini talab qilib, plakat ko‘targan futbol muxlislariga bosim bo‘layotgani qoralanmoqda.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, yaqin kunlarda “Babayan, v otstavku-3 yohud ko‘za kunda emas, kunida sinadi” nomli yangi maqola nashrga tayyorlanmoqda.