Blog: Ramzon Jo‘ra hikoyalari

Tirikchilik tashvishida mardikorlik yukini yelkaga ortgan millionlab o‘zbek orasida Ramzon Jo‘ra ham bor. Besh yildan buyon mardikorlik hurjunini yelkadan qo‘ymayotgan Ramzon Jo‘ra o‘zining boshidan kechirganlarini “Muhojiratdagi o‘zbeklar” sahifasi orqali hikoya qilib boradi. Sahifamizni kuzatib boring.

Birinchi hikoya: 2008 yilning bahori...


Chekka, olis-olislardagi bir so‘lim qishloq... Anhorda oqayotgan suvning shildir-shildiri, chumchuqlarning chug‘ur-chug‘uri, chang va tor ko‘chalar- bolaligim kechgan ko‘chalar…

22 yoshga ham kiribmanki, qishloqdan tashqariga biror marta chiqmabman. Shunaqa soddagina o‘zbek yigitiman. Sababi men barcha narsamni o‘sha yerda, vatanimda qilaman, deb o‘ylardim!

O‘rta maktabni a‘lo baholarga tugatgach, o‘qishga kirishga harakat qildim... talaba bo‘ldim... diplomni qo‘lga oldim...

Lekin xayotimda o‘zgarish bo‘lmadi. Yana so‘lim qishlog‘imga qaytdim. Balki barchasiga o‘zim sababchidirman. Biror joyga mutaxassisligim bo‘yicha kirib ishlay desam, bo‘lmadi.

Oshnolarim, sinfdoshlarim esa menga Rossiyaga borib ishlashni taklif qilishdi. Avvalo rad etdim. Sinfdoshlarim, tengqurlarim orasida Rossiyaga ketganlari ham ko‘p edi. O‘ylardimki, qishlog‘imda ham hamma narsani qilsa bo‘ladi.

Keyin qishloqdan ketishni istamasligimning boshqa bir sababi ham bor edi. Mening muhabbatim yashardi qishloqda. Hozirda kun, kunora diydorlashayotganim, ketsam sog‘inch, hijron azoblaridan qo‘rqdim.

Keyin daryodagi baliqlarni qarmoq bilan kim ushlaydi? Kim ekinlarga qaraydi, kim dala ishlarini bajaradi, kim mollarga qaraydi?

Mensiz butun bir qishloq, hovli, mahalla huvullab qoladi-yu. Bo‘lishi mumkin emas! Hech qayoqqa ketmaymayman!

Oradan ancha vaqt o‘tdi. Muhabbatim bilan kun ora uchrashib turamiz. Unga dunyo-dunyo va‘dalar beraman... Hayot qiziqarli...

Bir kuni tushdan so‘ng oshnolarim meni so‘rab, uyimizga keldi. Ular Rossiyaga pul ishlash uchun ketayotgan edi. Ular bilan quchoqlashib xayrlashdim. Oq yo‘l tiladim.

Onam ularning safarga ketayotganini eshitib, ro‘molchaga shirinliklar tugib, ularga tutqazdi. Duolar qildi.

Do‘stlarim bilan xayrlashib, uyga kirsam, otam bilan onam o‘zaro suhbatlashayapti.

- Ramzonni ham Rossiyaga jo‘natamizmi xotin, mana tengqurlari ham ketayapti. Borib ishlab keladi,- dedi otam, menga eshittirib.

Men eshikdan kiriboq, qishdan qolgan sandalning yoniga cho‘kkalab, onamning javobini kutdim.

- Nima qiladi borib, begona yurtga? Shu yerda yuraversin, o‘g‘lim. Bir ilojini topib, uylantirib qo‘ysak bo‘ldi-da, keyin o‘zi biladi,- dedi onam.

Ona-da, baribir mehri boshqacha!


- Mayli o‘zinglar bilasizlar, menga ham ko‘zimning oldimda yurgani ma‘qul,- dedi otam menga qarab.

Men esa yerga qaradim. Bolaligimdan otamning ko‘zlariga tik qaray olmasdim.

Yarim tun uyqum kelmaydi. Hayolimda Rossiyaga borib, pul ishlab kelish, keyin esa uylanish. Muhabbatimga tezroq yetishish.

Borib u yerda pul ishlay olamanmi? Bormasam uylanishim uchun to‘yimga kim pul beradi? Uylanmasam bo‘lmaydi, degan fikr hech hayolimdan ketmasdi.

Boraman, dedim o‘zimga o‘zim. Ahd qildim. Bir yil borib, ishlab kelaman bo‘ldi, boshqa borish yo‘q! Balki omadim kulib, boyib ketarman. Lekin rus tilini bilmasligim bois ikkilanardim. Har xolda javob qaytara olaman-ku. Tong otsin otam bilan maslahatlashib ko‘raychi, nima deydilar.

Xonamning derazasini ochib qo‘ydim. Tashqarida mayin shabada esardi, biroz o‘tib, yomg‘ir tomchilay boshladi...

Davomi bor...