O‘zbekistonda LiveJournal yana to‘sib qo‘yildi

Russia -- Livejournal logo

Joriy hafta boshida O‘zbekistonda LiveJournal bloggerlar portali hech bir izohsiz to‘sib qo‘yildi.

Bu haqda xabar qilgan Uznews.net sayti ma‘lumotiga ko‘ra, oradan bir necha kun o‘tgach to‘siq yana olib tashlangan.

Joriy yilning mart oyi o‘rtasida ham LiveJournal ommabop portali to‘sib qo‘yilib, bir necha kundan so‘ng to‘siq olib tashlangan edi.

LiveJournal portalida O‘zbekistonda to‘sib qo‘yilgan qator veb sahifalari, jumladan, Ferghana.ru axborot agentligi sahifasi o‘z kundaligiga ega va agentlikning Markaziy Osiyo¸ xususan O‘zbekistonga oid xabarlarini to‘siqsiz o‘qish mumkin.

Ozodlik,org, Uznews.net, Ferghananews.com va O‘zbekistonga oid kundalik voqealarni yoritayotgan boshqa mustaqil saytlarga ham O‘zbekistonda to‘siq qo‘yilgan.

Chegara bilmas muxbirlar tashkiloti muntazam ravishda O‘zbekistonni "Internet dushmanlari" ro‘yxatiga kiritib keladi.

O‘zbekiston hukumati¸ xususan prezident Islom Karimov mamlakatda mustaqil va muxolif Internet nashrlarning to‘sib qo‘yilishiga oid tanqidlarni rad etib kelmoqda.
17 may 2012