Qur‘onni yoqqan pastor Germaniyaga qo‘yilmadi

Amerikalik pastor Terri Jons.

Germaniya rasmiylari Islom dunyosida norozilik uyg‘otgan “Musulmonlar gunohsizligi” filmini yoqlab chiqmish amerikalik pastor Terri Jonsga viza berishdan bosh tortdilar.

- Men Ichki ishlar vazirligidan unga kirish vizasi bermaslikni so‘radim, chunki nafrat voizlariga Germaniyada o‘rin yo‘q. Bu yerda bizga zo‘ravonlikka chaqiradigan, boshqa dinlarni va o‘zga dindagilarni tahqirlaydigan odamlar kerak emas, - dedi Germaniya Tashqi ishlar vaziri Guido Vestrevelle.

Amerikalik pastor Terri Jons 2010 yilda Qur‘oni Karimni omma ko‘z oldida yoqishini e‘lon qilganidan keyin tanilib ketgandi. Uning so‘zlari musulmon mamlakatlarida norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgandi.

Jonsni Germaniyaga “Musulmonlar gunohsizligi” filmi ommaviy namoyishini uyushtirmoqchi bo‘lgan Pro Deutschland nomli kichkina tashkilot taklif qilgandi.