"Curiosity" Marsda qurib qolgan daryo izini topdi

NASA AQSh kosmik agentligi olimlari Mars sayyorasi sathida olingan suratlarda qurib qolgan daryo o'zanini topishdi. Bu haqda agentlik veb-saytida ma'lum qilindi.

"Curiosity" marsoxodining qizil sayyoradagi Geyl krateridan yuborgan yuqori sifatli suratlarda qadimiy daryo oqimi ta'sirida bo'lgan mayda shag'al toshlar tasvirlangan.

Toshlarning shakli va kattaligini o'rgangan amerikalik olimlar kraterdan o'tgan daryo sayoz bo'lganini va undagi oqim soniyasiga o'rtacha bir metr tezlikda o'qqanini tahmin qilishmoqda.

- Toshlarning shakli ularni bir joydan ikkinchi joyga ko'chganini ko'rsatadi. Sayyoradagi shamol esa bunday kattalikdagi toshlarni siljita olmaydi. Ular suv oqimida jilgan, - deydi NASAda Marsni o'rganuvchi olim Rebekka Uilyams.

"Curiosity" marsoxodi 2011 yilning 26 noyabrida fazoga uchirilgan edi. 2,5 milliard AQSh dollari sarflangan apparat qizil sayyora sathiga 2012 yilning 6 avgustida qo'ndi. "Curiosity" ning asosiy maqsadi Marsda hayot izlarini qidirish hamda sayyoraning geologiya va iqlim sharoitlarini yaqindan o'rganishdir.