Ehtiyot bo‘ling: Facebook!

Mark Tsekerberg Facebook ning yangi grafik qidiruv tizimini 15 yanvar kuni jamoatchilikka taqdim etdi.

Yangi texnologiyalar bo‘yicha britaniyalik mutaxassis Tom Skot Facebook ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilarini bu tarmoq yaqinda taklif etgan grafik qidiruv mexanizmining shaxsiy xavfsizlikka nisbatan jiddiy tahdid ekanidan ogohlantirdi.

Yaqinda Facebook asoschisi va boshqaruvchisi Mark Tsukerberg o‘zi yaratgan ijtimoiy tarmoqning 1 milliarddan oshgan foydaluvchilarga yangi tuhfasini taqdim etdi.

"Graph search", ya‘ni grafik qidiruv deb nomlangan vosita qidirilayotgan mazmundagi materiallarni aniqroq va tezroq topishga yordam beruvchi inqilobiy tizim sifatida taqdim etildi.

Bu tizimga berilgan qidiruv Facebookdagi o‘z sahifasini keng jamoatchilikdan yaxshi qo‘riqlashni bilmaydiganlarning o‘zlari haqida yozgan ma‘lumotiyu¸ nojo‘ya hazillarigacha bir necha sekund ichida istalgan qidiruvchiga topib beradi.

Bunday grafik qidiruv natijasi erkin mamlakatlarda faqat tor guruhga mo‘ljallangan ma‘lumotning keng jamoatchilikka oshkor bo‘lishiga olib kelsa¸ mustabid tuzumlardagi Facebook foydalanuvchilari hayotini jiddiy tahdid ostiga qo‘yishi mumkin.

Tom Skot¸ Tsukerbergning yangi kashfiyotidan foydalanib¸ masalan¸ o‘zi haqida “erkaklar bilan tanishishga qiziqaman” deb yozgan musulmon erkaklarni qidirganida¸ sanoqli sekundlar ichida Erondagi shunday erkaklar ro‘yxati¸ ularning qayerda yashab¸ nima ish qilishiga oid ro‘yxat chiqib kelganini aytadi.

Gomoseksualizm ulkan gunoh va jinoyat sanalgan Eron Islom jumhuriyatida Facebook foydalanuvchisining o‘zi haqida yozgan bunday gapi uning umriga zomin bo‘lishi mumkin.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadiynajod gomoseksualizmni inson xulqi yetishi mumkin eng jirkanch narsa deb baholab¸ o‘z mamlakatida bundaylar borligini mutlaq inkor qilib keladi.

Ahmadiynajodning 2007 yilda Nyu Yorkdagi Kolambiya universitetidagi uchrashuvda qilgan bayonoti yillardan beri G‘arb matbuoti mazaxidan qochib qutula olmay keladi.

“Eronda sizning mamlakatingizda bo‘lgani kabi gomoseksuallar yo‘q. Eronda bunaqa fenomen mutlaq yo‘q. Men bizda bunaqa narsaning borligi haqidagi sizga kim aytganini sira tushuna olmayman” degan edi Ahmadiynajod zalda o‘tirganlarning qahqasi ostida.

Facebook foydalanuvchilarining o‘zlari haqida¸ xususan jinsiy oriyentatsiyalari haqida go‘llarcha yozib qo‘ygan xos ma‘lumoti¸ Tom Skot fikricha¸ Ahmadiynajod kabi aksilgey rahbarlar va hukmdorlar o‘tirgan mamlakatlardagi yoshlarga qimmatga tushishi mumkin.

Bunday repressiv davlatlar¸ shundoq ham yangi texnologiyalardan foydalanib¸ Internetdagi jarayonlarni muntazam ta‘qib etib kelmoqdalar. Facebook taqdim etgan grafik qidiruv¸ ularning bu ishini yanada osonlashtirdi¸ deb yozdi britaniyalik mutaxassis.

Ayni paytda Tom Skot¸ Facebook ijtimoiy tarmog‘ida xos axborotni istalmagan ko‘zlardan himoyalash vositalari mavjudligini inkor etmaydi.

Bu tarmoqqa o‘zingi haqingizda qandaydir ma‘lumot qo‘yar ekansiz¸ uni kimlar ko‘rishi mumkinligini oldindan o‘rganib¸ lozim himoya vositalaridan qo‘llaning¸ deb ogohlantiradi dunyo yoshlari orasida kundalik aloqa vositasiga aylanib ulgurgan Facebook tarmog‘i foydalanuvchilarini Skot.