Futbol: O‘zbekiston-Turkiya o‘rtoqlik uchrashuvi bekor qilindi

Turkiya futbol federatsiyasi rasmiy veb-sayti orqali 14 avgust kuni O‘zbekiston va Turkiya milliy terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yini bekor qilinganini ma‘lum qildi.

Federatsiyaga ko‘ra, o‘rtoqlik o‘yinining bekor qilinishiga O‘zbekistonda hukmron bo‘lgan haddan tashqari issiq ob-havo sabab bo‘lgan.

"Turkiya terma jamoasi O‘zbekiston bilan 14 avgust kuni bo‘ladigan o‘yinni bekor qildi. O‘yin kuni Toshkentda havo harorati yuqoriligi va O‘zbekiston futbol federatsiyasi kerakli sharoitlarni yaratib berolmasligini bildirgani uchun o‘yin bekor qilindi", deya yoziladi Turkiya futbol federatsiyasi saytida.

Turkiya terma jamoasi 14 avgust kuni Gana terma jamoasi bilan Istanbulda o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazadigan bo‘ldi.

O‘zbekiston futbol federatsiyasi hozircha bu borada rasmiy ma‘lumot bergani yo‘q.