Tarixga kirish uchun O‘zbekistonni yayov kezgan qariya

Toshkentlik 63 yashar Adham Hasanov Ginnes rekordlar kitobiga kirish uchun O‘zbekiston ichida 5500 kilometr masofani yayov aylanib chiqdi.

Tarixda nom qoldirish orzusini amalga oshirish ilinjida Adham Hasanov Toshkent-Namangan-Farg‘ona yo‘nalishidagi 500 kilometr yo‘lni 17 kunda yayov bosib o‘tgan.

Keyin esa Toshkent-Sirdaryo-Jizzax-Qashqadaryo-Buxoro yo‘nalishi bo‘ylab 1200 kilometr masofani piyoda 29 kunda zabt etgan.

Eng uzoq va xatarli kechgan uchinchi yirik sayohati Qoraqalpog‘istonning markazi Nukus shahriga bo‘lgan. Adham aka 1350 kilometrlik bu masofani 41 kun ichida bosib o‘tgan.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Hasanov Nukusga borish uchun cho‘ldagi qabr ichida tunagani, O‘zbekistonni piyoda aylanish uchun bir mashinaga yetadigan mablag‘ sarflagani va endilikda Makkaga Haj ziyoratiga yayov borish uchun pensiya pulini yig‘ayotgani haqida gapirdi.

- Cho‘lda shoqollar hujumidan saqlanish uchun qabr ichiga kirib uxlashimga to‘g‘ri keldi. To‘g‘ri qo‘rqinchli bo‘ldi. Lekin yigit so‘zidan qaytmaydi deyishadi. Ortga qaytish uyatli bo‘lardi, deydi Hasanov.

63 yashar sayohatchi bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Адҳам Ҳасанов билан суҳбат



63 yashar Adham Hasanov to‘rt qiz, ikki o‘g‘ilning otasi. 11 nevara, 2 evaraning esa sevimli bobosi.