“O‘zneftmahsulot” avtomobillar uchun metanol yonilg‘isi ishlab chiqarmoqchi

O‘zbekistonning “O‘zneftmahsulot” shirkati xitoylik neft ishlab chiqaruvchilardan o‘rnak olgan holda benzinga metanol (metil spirti)ni qo‘shib, undan avtomobil yonilg‘isi sifatida foydalanish tajribasini yo‘lga qo‘ymoqda.

O‘zbekistondagi neft maxsulotlari ishlab chiqaruvchi shirkat shu yo‘l bilan mamlakatdagi yonilg‘i taqchilligiga barham berishni rejalamoqda.

“O‘zneftmahsulot” shirkatining o‘z ismini aytmagan muxandislaridan biri Ozodlik bilan suhbatda benzin va metanol aralashmasidan iborat yonilg‘i shirkatning ichki mashinalarida allaqachon sinab ko‘rila boshlaganini aytdi.

- Zavodlarimizdagi, neft bazalarimizdagi mashinalarda hozir shu yonilg‘idan foydalanilmoqda. Ya‘ni o‘zimizni mashinalarda buni sinab ko‘ryapmiz. Hozircha hech qanaqa muammo yo‘q,- deydi “O‘zneftmahsulot” muxandisi.

Benzin va metanol aralashmasidan xitoyliklar bir necha yildan buyon avtomobil yonilg‘isi sifatida foydalanib kelishadi.

Tarkibining 85 foizi metanol va 15 foizi benzindan iborat M85 indeksi berilgan yonilg‘ining bu turidan AQShning bir qancha shtatlari, jumladan Kaliforniyada ham foydalaniladi.

“O‘zneftmahsulot” shirkatining Yonilg‘ini qayta ishlash bo‘limi mutaxassisi Rustam Sobirjonovga ko‘ra, metanol yonilg‘isidan keng ko‘lamda foydalanishni yo‘lga qo‘yish uchun avtomobillarni shu yonilg‘iga moslashtirish shart emas.

- Benzinda yuradigan hamma avtomobillar shu yonilg‘ida yurishi mumkin, metanolga mos o‘zi,- deydi Sobirjonov.

“O‘zneftmahsulot” shirkatiga ko‘ra, yaqin kelajakda O‘zbekistonda metanolni Buxoro viloyatidagi maxsus gaz-kimyo majmuasida ishlab chiqarish rejalanmoqda.

Dastlabki bosqichda zavod negizida yiliga 500 ming tonna metanol ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda.

Mutaxassislarga ko‘ra, metanol benzinga qaraganda besh marta sekin yonadi. Havoga zaharli moddalar, jumladan dioksinlarni benzinga qaraganda kamroq chiqaradi.

Shu bois ham AQSh va Xitoydagi atrof-muhit himoyachilari avtomobil haydovchilariga shu yonilg‘idan foydalanishni targ‘ib qilib kelishadi.

Shuningdek, benzin va metanol aralashmasidan iborat yonilg‘ining tannarxi ham boshqa tur avtomobil yonilg‘ilariga qaraganda arzonga tushadi.

Bunday yonilg‘idan keng foydalanish neftga tobe‘likni ham kamaytiradi.

Oxirgi yillarda neft ishlab chiqarish hajmi qisqargan va neftni qayta ishlash zavodlari ham to‘la quvvat bilan ishlamayotgan O‘zbekiston uchun bu juda qo‘l kelishi mumkin.

Ayni paytda poytaxt Toshkent va viloyatlarda benzin taqchilligi yil sayin kuchayar va yonilg‘i narxi qammatlar ekan ko‘pgina yengil mashinalar, shuningdek avtobus va yuk mashinalari gaz bilan yurishga allaqachon o‘tib olishgan.

Benzinning qimmatligi sababli ko‘pchilik avtomobillariga gaz ballon o‘rnatish uchun bir necha million so‘mni ayashmayapti.

- Hozir gaz ballon o‘rnatish 1500 dollar atrofida bo‘lyapti. O‘rnatsangiz uzog‘i bilan bir yilda chiqarib olasiz. Chunki benzin qimmat, gaz uch-to‘rt baravar arzonga tushyapti,- deydi xorazmlik haydovchilardan biri Muzaffar.

Lekin, gaz ballon o‘rnatilgan mashina xavfli. O‘zbekistonda bunday mashinalar avariya payti portlab ketishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar ko‘p bo‘lgan.

Mutaxassislar metanol yonilg‘isi benzindan ham xavfsizroq ekanini aytishadi. Buxorolik haydovchilardan biri Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekiston hukumatining muqobil va xavfsiz yonilg‘i manbaalari ishlab chiqarish urinishlarini olqishlaydi.

- Bizga arzon bo‘lsa, mashina yursa bo‘ldi. Metanolmi, etanolmi, baribir,- deydi buxorolik boshqa bir haydovchi.

Hozirda O‘zbekistonda AI-80 benzinining narxi 1645 so‘m qilib belgilangan, lekin chayqovchilar qo‘lida 2500 so‘mda sotilayotgani aytiladi.