O‘zbekiston chegarasini yopgach qirg‘izlar qashshoqlashdi

Qorasuv bozori avvalgiday gavjum emas.

O‘zbekiston o‘z chegaralarini to‘sib qo‘ygani munosabati bilan Qirg‘iziston janubidagi yirik bozorlarda savdo-sotiq to‘xtab qolgani mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Ulraga ko‘ra, Qirg‘iziston hukumati O‘zbekistonlik savdogarlarning Qirg‘izistonga to‘siqsiz kelishlari uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi shart.
Abdug‘ani Qirg‘izistonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Xolmiyon shahri bozorida arava tortadi. U O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi yopilganidan beri daromadi kamayib ketgani va deyarli ishsiz o‘tirganidan noliydi:

- “Boy boyni boqadi, boy qashshoqni boqadi”, degan gap bor. Bozorda savdo bo‘lsagina bizning aravaga ham ish topiladi, besh – o‘n so‘m ishlab topamiz. Chegara ochiq paytlarda o‘zbekistonlik savdogarlar kelardi va har kuni kamida 700-800 so‘m (tahminan 20 dollar- muallif) pul topar edik. Hozir esa xatto o‘zimiz tushlik qilish uchun ham pul topa olmayapmiz, -dedi aravakash Abdug‘ani.

Xolmiyon bozoridagi savdogarlar O‘zbekiston chegaralarining to‘sib qo‘yishi ortidan bozor kasodga yuz tutganini, savdo-sotiq mutlaqo to‘xtab qolganini aytadilar.

- Bizning mahsulotlarimizni asosan, yuz foiz desak ham yanglishmaymiz, O‘zbekistondan kelganlar olib ketar edi. O‘zbekiston bir yarim oydan beri chegarani berkitib qo‘ygan. Bir yarim oydan beri bitta narsa ham sotganim yo‘q. Hozir soliq va bozor uchun ijara haqqini qaysi puldan to‘lashni bilmay boshim garang bo‘lib qolgan. Bundan tashqari, bankdan kreditim ham bor. O‘zbekiston chegarani to‘sib qo‘ygani biz uchun juda qattiq zarba bo‘ldi, -dedi Xolmiyon bozorida savdo qiluvchi Rahima O‘rinboyeva.

Bunday vaziyatni nafaqat Xolmiyon bozorida, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik hisoblangan Qorasuv bozorida ham kuzatish mumkin. Bu bozorning asosiy xaridorlari O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘iston fuqarolari edi. Qorasuv bozoridagi savdo-sotiqning 80 foizdan ko‘pi o‘zbekistonliklar hissasiga to‘g‘ri kelar edi.

Mahalliy kuzatuvchi Nazgul Aldasheva O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbariyati o‘n minglab odamlarning oilalarini boqayotgan chegara oldi savdosi masalasiga panja ortidan qarayotganini, bu masala davlatlararo miqyosda muhokama qilinmayotganini aytdi:

- Jahonda globallashuv jarayoni kuchayib, savdo-sotiq munosabatlari liberallashib bormoqda. Biroq O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida buning aksi bo‘layotir. Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi chegara munosabatlari oddiy xalqning hech qanday talab va ehtiyojlariga javob bera olmaydi, -dedi Nazgul Aldasheva.

O‘zbekiston 9 avgust kuni O‘zbek-Qirg‘iz chegarasida ishlayotgan yagona "Do‘stlik" chegara o‘tish punktini yopib qo‘ygan edi. O‘zbekiston hech bir ogohlantiruvsiz chegarani yopib qo‘ygani bois, qarindosh va yaqinlari holidan xabar olish istagida bo‘lgan ikki mamlakat fuqarolari bordi-keldi qilish huquqidan ajralib qoldi. Qirg‘iziston rasmiylari chegara ikki kundan keyin ochilishini bildirgan edi. Lekin chegara shu kungacha ham ochilgan emas.

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbsoari To‘qun Mamitov O‘zbekiston tomonidan chegaralarning yopib qo‘yilishiga “Jalolobod viloyatining Aqsi tumanidagi chegara qismida O‘zbekiston chegarachilari bilan Qirg‘iziston chegarachilari o‘rtasida chiqqan mojaro sabab bo‘lgan”, degan taxminni aytgan. Iyul oyida qirg‘iz chegarachilari tomonidan O‘zbekistonning ikki chegarachisi o‘qqa tutilgan va ular halok bo‘lgan edi.

O‘zbekiston tomoni chegara yopilishi sabablarini izohlagani va o‘tkazish punkti qachon ochilishi haqida rasman bildirganicha yo‘q.