Prokuror Eshdavlat Jo‘rayev Surxondaryo hokimi etib tayinlandi

Surxondaryo viloyati hokimi etib tayinlangan Eshdavlat Jo‘rayev O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi organlarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning 19 dekabr kungi farmoni bilan Jo‘rayev Eshdavlat Tursunovich Surxondaryo viloyati hokimi etib tayinlandi.

19 dekabr kuni Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tgani, O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov qatnashgan sessiyada viloyat hokimi Normo‘min Choriyev xizmat vazifasidan ozod qilingani to‘g‘risida avvalroq xabar bergan edik.

Surxondaryo viloyati hokimi etib 2012 yilning 15 iyunida Prezident Karimov farmoni bilan tayinlangan Normo‘min Choriyev davlat rahbarining 19 dekabr kungi boshqa bir farmoni bilan xizmat vazifasidan ozod qilindi.

Surxondaryo viloyat hokimi etib tayinlanganiga qadar Eshdavlat Jo‘rayev O‘zbekiston Bosh Prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi organlarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan.

Asli muzrobodlik bo‘lgan Eshdavlat Jo‘rayev muqaddam Qashqadaryo viloyat prokurori lavozimida ham ishlagan.


Qarangchi, kim keldiykin?


Surxondaryo viloyat hokimligidagi Ozodlik manbasining aytishicha, viloyatning
yangi hokimi Eshdavlat Jo‘rayev shu viloyatning Muzrobod tumanida tug‘ilgan.

Hokimlik vazifasiga tayinlanguniga qadar Jo‘rayev respublika Bosh prokuraturasi Ichki ishlar vazirligi organlarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Surxondaryoning yangi hokimi bundan bir necha yil muqaddam Qashqadaryo viloyati prokurori bo‘lib ishlagan.

Qarshilik inson huquqlari himoyachisi, hozirda siyosiy muhojir To‘lqin Qorayev Jo‘rayev to‘g‘risida bunday dedi:

- Eshdavlat Jo‘rayev 2005 yili Qashqadaryo viloyat prokurori edi. Men nafaqat jurnalistika, balki inson huquqlari himoyasi bilan ham shug‘ullanganim uchun prokuraturaga ko‘plab xatlar yozganman. Lekin u kishining qabulida bo‘lgan emasman. Chunki qabulida bo‘lish kamdan-kam odamga nasib qilar edi. Shahar prokurori qabuliga kirsa bo‘lar edi. Lekin viloyat prokurori qabul qilmasdi.

Toshkentlik bir tahlilchi, Eshdavlat Jo‘rayevni shaxsan tanimagani uchun ismini aytmasligimiz sharti bilan masalani umumiy tarzda sharhlashga rozilik berdi.

U prokuratura xodimining viloyat hokimi lavozimiga tayinlanishini sharhlar ekan, “bu voqeada hech qanday favquloddalik yo‘q, chunki keyingi paytlarda kuch ishlatar idoralar xodimlarini mahalla raisligidan tortib hokimlikkacha tayinlanayotganini hamma ko‘rib-bilib turibdi”, dedi.

Tahlilchi fikricha, “Surxondaryo hokimi etib, bas, prokuror tayinlangan ekan, demak, bu viloyatda aynan prokuror ko‘zi bilan ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p”.

- Lekin masalaning boshqa bir muhim jihati bor. Viloyat hokimi xo‘jalik yuritishni biladigan mutaxassis bo‘lishi kerak. Bir umr prokurorlik qilgan odam bu ishni uddalay oladimi? dedi Ozodlik savoliga savol bilan javob bergan tahlilchi.


Keldiyu ketdi


Avval Sariosiyo tumani hokimi bo‘lib ishlagan, 2011 yil 2 dekabridan boshlab viloyat hokimi vazifasini bajarib kelgan Normo‘min Choriyev Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida 18 oyu 4 kun ishladi xolos.

Viloyat hokimligi rasmiy sayti ma‘lumotlariga qaraganda, Choriyevning ishdan ketishi belgilari yo‘q edi.

Har holda, bundan 12 kun oldin -7 dekabr kuni Xalq deputatlari viloyat va Termiz shahar Kengashlarining qo‘shma sessiyasi bo‘lib o‘tgan, unda Xalq deputatlari viloyat Kengashining raisi va ayni paytda viloyat hokimi N.A.Choriyev ishtirok etgan, sessiyada “Termiz shahridagi ko‘p qavatli uy-joy fondi va ijtimoiy soha ob‘ektlarini qish mavsumidan betalofat chiqarish uchun 90 kunlik safarbarlik e‘lon qilish to‘g‘risida”gi masala muhokama etilgan edi.


Har galgiday Termiz yo‘llari yopildi


Ozodlik manbalariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining Surxondaryo viloyatiga qilgan safari chog‘ida tumanlardan Termiz shahriga eltadigan barcha yo‘llarda harakat to‘xtatib qo‘yildi.

Prezident topshirig‘i bilan ikki chetidagi uylar buzilib, o‘rniga “zamonaviy uylar” qurilayotgan Termiz shahrining Akmal Ikromov ko‘chasida istiqomat qiluvchi ayol 19 dekabr kungi vaziyatni tasvirlar ekan,

- Bugun ertalabdan bizning ko‘cha, to‘sib qo‘yildi. Surishtirsam, prezident keldi, deyishdi. Nega kelganini bilganim yo‘q, dedi.

Surxondaryo viloyat hokimligidagi Ozodlik manbasining aytishicha, O‘zbekiston Prezidenti 19 dekabr kuni Toshkentga qaytdi va viloyat markazidagi hayot yana o‘z iziga tushib oldi.