Suriya "jihodchi"lari mintaqa hukumatlarini tashvishga solmoqda

O‘zlarini Suriyadagi tojik jihodchilari deb e‘lon qilgan guruh.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Suriyada uch yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushida ishtirok etish uchun ketgan odamlar sonining ko‘payib borayotgani to‘g‘risidagi ma‘lumotlar mintaqa davlatlari hukumatlarida tashvish uyg‘otmoqda.

Olmaotada Suriya urushida qatnashgan fuqaro qamaldi

Qozog‘istonning Olmaota shahri sudi Komil Abdulinni “Suriyadagi terrorchi guruh faoliyati”da ishtirok etganlikda aybdor deb topib, 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Tergov materiallarida aytilishicha, Komil Abdullin 2013 yilning iyunida Turkiya orqali Suriyaga o‘tgan. Bu yerda u Rifmuhaddisin shahridagi “Eski Turkiston” deb atalgan qurolli guruh tarkibiga qo‘shilgan.

Sud davomida Abdullin mazkur tashkilot ishida faol qatnashgani, ekstremizm va dinlararo nizo qo‘zg‘ovchi targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borgani, odamlarni jihodga da‘vat qilgani aytildi.

2013 yilda ijtimoiy tarmoqlarda Suriyada “jihod qilayotgan” 150 nafar qozog‘istonlikka mansub ekani aytiladigan video joylashtirilgan va bu video jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan edi.

Tojik “jihodchi”lari ham video e‘lon qildi


Kuni kecha esa o‘zlarini tojikistonlik deb tanishtirgan 22 kishi ham “Suriyadagi jihod”ga nuqtai nazar bildirilgan videoni ijtimoiy tarmoqlarda e‘lon qildi. Ma‘lum bo‘lishicha, mazkur video tojikistonlik ulamo Xoji Mirzoning “Suriyada hech qanday jihod bo‘lmayotgani” to‘g‘risida Ozodlik radiosi tojik xizmatiga bergan intervyusiga javoban e‘lon qilingan.

Videoning Suriyada yoki boshqa joyda olinganini aniqlash imkoniyati bo‘lmadi. Biroq videodagi 22 kishilik guruh o‘zlarini “Suriyadagi tojik mujohidlari” sifatida tanishtirgan.

Bu kabi chaqiriqlarga javoban mintaqa hukumatlari xorij mamlakatlaridagi qurolli to‘qnashuvlarda ishtirok etgan odamlarni jazoga tortuvchi qonunlarni qabul qilmoqda. Bunday qonun o‘tgan haftada Tojikiston parlamentida qabul qilindi.

-Tojikiston Jinoyat kodeksiga bu borada kiritilgan o‘zgartishlar juda ahamiyatlidir. Ayni paytda Suriyadagi urushda suriyaliklargina emas, terrorchi guruhlar bilan aloqada bo‘lgan boshqa davlat fuqarolari ham ishtirok etmoqda. Ular Suriyadagi urushda katta rol o‘ynayapti. Qabul qilingan qonun esa tojikistonliklarni boshqa davlatlardagi urushlarda ishtirok etishining oldini olishga qaratilgan, -dedi Tojikiston parlamenti deputati Amirqul Azimov.

Tojikiston huquq-tartibot tuzilmalarining bildirishicha, Suriyadagi urushda ishtirok etayotgan 4 tojikistonlik halok bo‘lgan.

Qirg‘izistondan ham Suriyaga “jihodchi”lar ketmoqda


Qirg‘iziston huquq –tartibot tuzilmalari esa Suriyadagi urushda 6 qirg‘izistonlikning halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar olinganini bildirdi. Qirg‘iz huquq-tartibot tuzilmalari tarqatgan ma‘lumotlarda Suriyadagi urushda qatnashayotgan qirg‘izistonliklar soni yuzga yaqinlab qolgan.

Ayni paytda Suriyadagi urushda qatnashib, Qirg‘izistonga qaytgach terrorchi guruhlar tashkil qilgan fuqarolar qo‘lga olinayotgani to‘g‘risida ham ma‘lumotlar tarqatilmoqda.

- Mazkur guruh 2013 yilning iyun oyida xalqaro terrorchi guruh rahbarlaridan tegishli ko‘rsatmalarni olib, Bishkek va O‘sh shaharlarida terrorchilik harakatlarini sodir etishni rejalashtirgan hamda bu ishlarni amalga oshirish maqsadida Qirg‘izistonga kelgan, - dedi milliy xavfsizlik xizmati rasmiysi Raxat Sulaymanov.

So‘nggi ma‘lumotlarga qaraganda , Qirg‘izistonda Suriyadagi urushda qatnashib kelgan bir qozog‘istonlik va ikki qirg‘izistonlik qamoqqa olingan.