Tojikistonda yetti etnik o‘zbek uzoq muddatli qamoqqa hukm etildi

Tojikiston Oliy sudi 12 avgust kuni Tursunzoda tumanida 5 oy oldin terrorchilikda gumonlanib qo‘lga olingan yetti nafar etnik o‘zbekni aybdor deb topib, ularning har birini 18 yildan 22 yilgacha qamoq jazosiga hukm qildi.

Davlat qoralovchisi sudda sudlanuvchilarni 18 yildan 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni talab etdi. Sudning hukmi prokuror talab qilgan muddatlardan ko‘p ham farq qilmadi. To‘raboy Ravshanov, Abdullajon Rahimov 22 yildan, Asqarali Bo‘riyev, Azamat Abdulloyev 20 yildan, Tolib Shodiyev, Ahmadjon Majitov va Umar O‘rmonov 18 yildan qamoq jazosiga hukm qilindi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Тожикистонда етти этник ўзбек узоқ муддатли қамоққа ҳукм этилди

Mazkur shaxslar sud tomonidan bosqinchilik, terrorchilik, konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirishga chaqirish kabi harakatlarda aybdor deb topildi.

Sud hukmi sudlanuvchilarning yaqinlari va advokatlarida norozilik paydo qildi. Ozodlik radiosi tojik xizmatining bildirishicha, sud zalida bo‘lgan sudlanuvchilarning onalaridan ayrimlari hukmni eshitib, xushlaridan ketgan.

-Biz sudga taqdim etgan dalil va isbotlar inobatga olinib, boshqacharoq hukm o‘qilishini kutgan edik. Biz sudlanuvchilar harakatida jinoyat alomatlari bo‘lmagani uchun ularning oqlanishini talab qilganmiz. Sudga tergov jarayonida ayblanuvchilar qiynoqlarga solinganini aytdik, biroq sud buni ham inobatga olamadi. Bu sud hukmi ustidan, albatta, shikoyat qilamiz, -dedi sudlanuvchilardan birining oqlovchisi Abdurahmon Sharipov.

47 yoshli sudlanuvchi Abdullo Rahimov uzoq yillar TalKo alyumin zavodida ishlagan va uch yildan so‘ng nafaqaga chiqishi kerak ekan. Abdullo Rahimov sud tomonidan TalKo alyumin zavodini portlatishga harakat qilgan jinoiy guruhning rahbari deb topilgan.

- Mening akam yarim umr TalKoda xizmat qildi, u mutlaqo aybsiz. Uni ishlayotgan paytida qo‘lga olishdi. Uni melisaxonaga olib kelishganida, boshiga urishgan, 11 marta elektr toki bilan qiynoqqa solishgan. U qanaqasiga terrorist bo‘lsin? Bunday qinoqlardan so‘ng har qanday odam qilmagan ayblarni ham bo‘yniga oladi, -dedi Abdullo Rahimovning singlisi Mag‘firatxon.

Tursunzoda tumanida istiqomat qilgan yetti nafar etnik o‘zbekka nisbatan sud jarayoni bir oy oldin boshlangan edi. Ular alyumin zavodi, Tursunzoda shahridagi hukumat binolari, prokuratura, militsiya va madaniyat uyini portlatishga harakat qilayotganlikda gumonlab, 2014 yilning 24-25 mart kunlari qo‘lga olingan.

Etnik o‘zbeklar tomonidan portlatilishi rejalashtirilgani iddao qilinayotgan TalKo alyumin zavodi mamlakatdagi eng yirik ishlab chiqarish korxonalaridan biri hisoblanadi. Mazkur zavodda o‘n ming odam mehnat qiladi.

Sud hukmi o‘qilishidan avvalroq Dushanbeda o‘tgan matbuot anjumanida Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda so‘nggi yarim yilda mamlakatda esktremist tashkilotlarning 40 a‘zosi qamoqqa olingani bildirgan.